Asosiy mavzular
13 may 2023

13 may – hukumat Andijon qo‘zg‘olonini o‘qqa tutgan edi

2005 yilning 13 mayida O‘zbekiston hukumati harbiylari tomonidan Andijonning Bobur maydonidagi begunoh odamlar otilgandi…

O‘sha kuni saharda Andijonda qo‘zg‘olonchilar hokimiyat binolarini egallagani, u yerga reportaj tayyorlash uchun borishimiz kerakligini aytib, men ishlayotgan nashr – Uznews muharriri Galima Buxorboeva qo‘ng‘iroq qildi. U Andijonga ketadigan, men esa ofisda qolib, saytdagi xabarlarni yangilab turadigan bo‘ldik.

Ofisga keliboq, telefonda olgan so‘nggi ma'lumotlar asosida saytga qisqa birinchi xabarni qo‘ydim.

Bungacha saytda andijonlik tadbirkorlarning qamalishi va bunga qarshi norozilik jarayonlari aks etgan xabarlar xronikasi bor edi.

Sal o‘tmay hamkasbim Sid Yanish, Malik Boboev kelib, parallel tarzda voqeani o‘rganishga kirishdik, voqeani yoritish uchun chet eldan yetib kelgan bir qancha jurnalistlar paydo bo‘ldi.

Orada Galima qo‘ng‘iroq qilar, u bergan qisqa xabarlarni tezlikda saytga joylashga intilardik.

rasm1372
Bu xotiralar Elin Yonnsonning kitobida batafsilroq aks etgan

Voqealar silsilasi

Galima yo‘l-yo‘lakay namoyishchilar barrikadalar qurishayotgani, biroq jurnalistlar uchun yo‘lak hosil qilib o‘tkazishayotgani haqida xabar berdi, buni tezgina saytga qo‘ydik.

Keyinroq hukumat qo‘shinlari shahar atrofida ko‘paygani, uchta BTR vzvodi namoyishchilar to‘plangan joyga yaqinlashayotgani haqidagi xabarni yetkazdi.

Uchinchi bor bog‘langanimda men dahshatli pulemyot ovozlari va Galimaning halloslab chopayotgan nafasini eshitdim, xolos. Tushungan narsam hukumat qo‘shinlarining namoyishchilarga qarata ogohlantirishsiz o‘t ochishgani haqidagi xabar bo‘ldi.

Ofisimizga to‘plangan xalqaro jurnalistlar, jumladan, Turkiya, Shvetsiya, Rossiya kanallari jurnalistlari bizdan yangi mujda kutishardi. Xabarlarni yoritish asnosida ularga intervyu ham berardik. Bu voqealar tafsilotlari o‘sha paytlarda yonimda birga bo‘lgan shved jurnalisti Elin Yonnsonning «Ommaviy qotillikni yashirish san'ati» kitobiga kirdi.

rasm1290
Men o‘shanda IWPRda ishlardim.

IWPRning tugatilishi

Keyinroq Londondan IWPR ofisini yopish haqida buyruq keldi. O‘sha kuni Toshkentdagi deyarli barcha xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari, jumladan, EXHT, Freedom Hause va bir qancha xalqaro jurnalistik byurolar yopiq holatga o‘tgan, faqat bizning eshigimiz hamma uchun ochiq edi.

Turkiya telekanali maxsus o‘rnatgan antenna orqali dastlabki videokadrlarni dunyo bo‘ylab, jumladan, Shvetsiya va Rossiya TV kanallari uchun tarqatishda ham bu ofisning xizmati beqiyos bo‘ldi.

«Men ofisni yopmoqchi emasman, faoliyatni davom ettiramiz!» dedim. Shvetsiyalik hamkasbim Elin ham mening ahdimni qo‘llab-quvvatladi. Bu vaqtda Galima bilan aloqa qisman uzilgan edi…

Oradan vaqt o‘tib, u qo‘ng‘iroq qildi… U bilan kelishilgan joyda uchrashdik. U menga dahshatli voqea tafsilotlarini gapirib berarkan, o‘q teshib o‘tgan ryukzaki, daftarchasi va guvohnomasini, andijonliklarning so‘nggi, qonli murojaatini ko‘rsatdi. Mening ofisni haligacha ochib o‘tirganimni ma'qullamadi.

«Ular bilan hazillashib bo‘lmaydi. Ofisni yopish kerak», dedi u. Keyin biz xayrlashdik. U mamlakatni tark etdi.

rasm1378
Andijon voqealarini yoritish payti Galima Buxorboevaning ryukzaki, daftarchasi va press-kardini o‘q teshib o‘tgandi

Yashirin faoliyat

Men baribir iyun oyi o‘rtalarigacha saytni yangilab turdim. Bu vaqtga kelib, Uznewsda Andijon voqealariga bag‘ishlangan 50 tacha maqola e'lon qilindi.

Men har kuni kechasi, kuzatuv kamaygan paytni poylab, kompyuterlardan sayt uchun u-bu narsa ko‘chirish uchun ofisga borar, saytni bo‘lsa boshqa joylardan turib yangilardim.

Lekin keyinchalik buning ham ortiq iloji bo‘lmadi. Chunki ofis atrofiga qurolli soqchilar qo‘yilgan, ular meni tanib qolgan edi.

So‘nggi ishim ofisdagi to‘rtta kompyuterning hard disklarini yechib olish bo‘ldi.

Ofis qorong‘u, jalyuzilari yopiq, chiroq o‘chirilgan edi. Men otvyortka va fonar bilan hard disklarni yechishga kirishdim.

Tag‘in bir narsa esimdan chiqmaydi, ofis ichida paydo bo‘lgan ingichka nur va devorda o‘ynayotgan qizil nuqta.

Ilk o‘ylagan narsam meni kuzatishyapti, degan xayol bo‘ldi.

Bu haqda toshkentlik huquq himoyachisi Sur'at Ikromovga aytganimda, u kishi e'tiroz bildirib: «Yo‘q. Bu mergan nishoni. Seni nishonga olishgan», degan fikrni bildirdi.

Haqiqatan ham shundaymi-yo‘qmi, shundan keyin mening ortimdan kuzatuv kuchaydi.

Avval Urganchdagi uyimga, keyin Toshkentda meni bir necha bor yo‘qlab uchastka militsiyasidan, o‘zini qaysidir soliq idorasidan, mahalladan deb tanishtirgan shaxslar kela boshladi.

Mamlakatni tark etish

Derazam oldida har safar «Neksiya» mashinasida uxlayotgan to‘rt nafar odamni ko‘rardim.

Hatto bir kuni ularni uyg‘otib kimligini so‘rashga ham jazm qilganman.

Ular o‘shanda o‘zlarini Prezident qo‘riqchilaridan ekanini aytishgan, garchi prezident shossesi uyimizdan ozroq narida edi.

rasm1377
Shvetsiyaga kelib qolgan jurnalistlar – To‘lqin Qoraev, Yusuf Rasul va men

Shu gaplardan sal o‘tib, bir kuni uyim eshigi qattiq taqilladi. Mening go‘yoki «Bobojonovlardan ekanim»ni bilgan, o‘zini shaharning «kattalardan biri» deya tanitgan amaldor ba'zilarini eshik oldidagi mashinada ko‘rgan to‘rt nafar yigit bilan birga kirib, men yashayotgan uy xonalarini ko‘rikdan o‘tkazishi kerakligini aytdi.

«Tintuv qilishga order bormi?» deya so‘radim.

«Bu tintuv emas, shunchaki ko‘zdan kechirish. Kerak bo‘lsa, devordagi gulqog‘ozlargacha yechib olib tintishga haqimiz bor. Albatta, bunga sabab ham, dalillar ham topiladi», dedi ma'nodor qilib.

Keyin meni tashqariga boshlab, u yoq-bu yoqqa olazarak boqib, yarim ovozda Karimovga salkam «birinchi raqamli dushman ekanim», «qo‘zg‘olonlar uyushtirib, urush chiqaradigan» qaysidir xorijiy tashkilotga ishlashimni bilishini aytdi.

«Do‘stona maslahati» sifatida tezroq, yomonlikni kutib o‘tirmay mamlakatdan ketishimni maslahat berdi.

«Ishonaver, bugun-erta seni olib ketishadi va juda kech bo‘ladi…».

Bu shunchaki qo‘rqitishmidi yoki haqiqatan ham odamgarchilikmi, hozir bir narsa deya olmayman.

Biroq keyinchalik ayni maslahatni IWPR rahbarlari ham berdi. Albatta, biroz yumshoqroq, besh-olti kun «mamlakat tashqarisiga chiqib turish» tarzida.

Biz, besh-o‘nta jurnalist bir haftaga Qirg‘izistonga ketdik. Bu hafta oylarga, keyin esa yillarga cho‘zildi…

Qudrat Bobojon
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
25 oktyabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 10-qismida muxbir undan o‘z ota-bobolari tarixi haqida so‘raydi. Video: ...
19 aprel 2024
Bugun yutub kanalida  ko‘radiganingiz,  va'z sarlavhasini «O‘zbek maktabi  bolalikning dushmani» deb qo‘ydim.  Mana bir o‘qituvchi  birinchi sinf bolalarini qo‘liga nina ...
16 fevral 2019
Pul hamma narsani hal qiladi, deyishadi. Menimcha, siyosat hamma narsani hal qiladi. Vaqtida berilgan va'da va odamlarni ishontirish san'ati. ...
17 yanvar 2020
Xitoy hukumati inson huquqlarida o‘zi uchun ekzistentsial tahdidni ko‘radi. Uning shu munosabat bilan qilayotgan sa'y-harakatlari esa global ko‘lamda inson ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...