“Universiada- 2016” kuchaytirilgan nazorat ostida o‘tdi
Universiada O‘zbekistonda uch bosqichda, uch yil davomida o‘tadigan musobaqaning Oliy o‘quv yurti talabalari uchun o‘tadigan qismi bo‘lib, birinchi bosqichda maktab o‘quvchilari uchun “Umid nihollari”, ikkinchi bosqichda kasb hunar kollejlari uchun “Barkamol avlod” o‘yinlari o‘tkazib kelinadi.
Bu yil “Universiada”ga navbat keldi. Talabalar Farg‘ona viloyatida sportning 15 turi bo‘yicha bahslarga kirishdilar. Ikki kun davom etgan musobaqada umumjamoa hisobida Toshkent shahri jamoasi birinchi, Farg‘ona viloyati vakillari ikkinchi, samarqandliklar uchinchi o‘rinni egallashdi.
Birinchi o‘rin sohiblariga O‘zbekiston prezidentining sportchi talabalarga yo‘llagan tabrigining asl nusxasi hamda “Damas” avtomobili bosh sovrin sifatida topshirildi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinni egallagan jamoalarga ham “Damas” avtomobillari sovg‘a qilindi.
Jiddiy havfsizlik choralari ostida
Musobaqalarga qanday tayyorgarlik ko‘rilganligini u yerda sportchi-ishtirokchilardan ham ichki ishlar va xavfsizlik xizmati xodimlarining ko‘pligiga qarab baho bersa bo‘ladi.
Har bir musobaqa o‘tayotgan arenaga, stadionga kirish uchun albatta pasport hamda ichki ishlar vazirligi tomonidan berilgan beyjik talab etildi.
Yangi qurib bitkazilgan, 20 ming tomoshabinga mo‘ljallangan “Istiqlol” stadionida musobaqalarning ochilish va yopilish marosimiga tomoshabinlar taklifnoma va albatta pasport bilan kirgazildi.
Shu yerda hozir bo‘lgan o‘zbek matbuoti vakilining aytishicha, ular beyjik bilan bir amallab stadionga kirib olgan. Lekin taklifnomalari yo‘qligi uchun MXX va IIV xodimlari ularga o‘tirishga ruxsat bermagan.
“Biz pressa xodimimiz nima uchun o‘tirishga ruxsat bermayapsiz?” degan savolga IIB xodimi “Bu beyjik sizlarga kirish uchun berilgan, o‘tirish uchun emas” deb javob bergan.
Hatto fotoapparat va diktofon olib kirish mumkin emas
2000 yili ilk bor o‘tkazilgan Universiadada qatnashgan jurnalistga ko‘ra. Bu yilgiday tekshir-tekshir ilgari kuzatilmagan.
«Hatto ba'zi militsionerlar fotoapparatni ko‘rib “buni nima qilasiz, fotoapparat olib kirish mumkin emas” deyishgacha ham bordi» deydi u.
«Axir men fotojurnalist bo‘lsam, qanday qilib fotoapparatsiz musobaqa o‘tayotgan joyga kiraman? Bu ahmoqlikdan boshqa narsa emas. “Nimaga diktafon olib kirayapsiz, bu mumkin emas” deb ham boshni qotiradi, bu militsionerlar. Ularning kattasini topib, maqsadimizni tushuntirguncha vaqtimiz ham, asabimiz ham ketib qolayapti.
Respublika sport musobaqalari bor yo‘g‘i ikki kun davom etdi
Avvallari bu kabi musobaqalar yetti-sakkiz kun bo‘lardi. Sekin-sekin ikki-uch kunga tushib qolayapti.
Tadbir mutasaddilari, bu holni mablag‘ tanqisligi va xavfsizlik chorasi bilan izohlashmoqda.
Musobaqalar adolatli o‘tdimi, haqiqatdan ham kuchli, epchil, chaqqon sportchi-talabalar g‘alaba qozondimi, degan savolga vaqtlar o‘tib javob olamiz.
Nasima Davron qizi
Eltuz.com