Dayjest
13 iyun 2016

Hamma ham bugunidan rozi, ertasidan ko‘ngli to‘qmi?

«O‘zbekiston ovozi» gazetasida e'lon qilingan «Mustaqil yurt odamlari bugunidan rozi, ertasidan ko‘ngli to‘q» sarlavhali maqolada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraktsiyasi a'zosi o‘tgan asrning saksoninchi yillari hayotining eng mushkul davrlari bo‘lganidan yozg‘iradi.

«Bir yili qishning qoq o‘rtasigacha, yangi yilga ikki kun qolguniga qadar paxta yig‘im-terimida bo‘ldik. Sovuq va izg‘irindan ko‘pchilik kursdoshlarim qatori men ham shamollab qoldim. Ikki-uch oy davolanib, zo‘rg‘a salomatligimni tiklab olganman», deydi deputat «umrining eng mushkul davrlari»ni xotirlar ekan.

«Ammo juda ko‘plab ayollar, maktab o‘quvchilari yomg‘ir-qor ostida paxta terib, kasalliklar orttirib olishar edi», deb davom etadi deputat va mustaqillik yillaridagi «baxtli onlar»ga madhiya o‘qiydi.

Uning bu gaplarini o‘qib, bu deputatlar shunchalik soddami yoki o‘zini garangga solib, atrofida bo‘layotgan voqelarni ko‘rmaydimi, degan xayolga boradi kishi.

Chunki bugun ham ayollar – o‘qituvchilar, shifokorlar yanvargacha bo‘lmasa-da, majburan bir-bir yarim oy davomida issiqni issiq demay, sovuqni sovuq demay paxta dalasiga quvilmoqda.

Kollej va oliy o‘quv yurtlari talabalari ham o‘z «oltin davri»ning bir qismini paxtazorda o‘tkazish tashvishida qolgan. Paxta dalalarida kasallanib, davolanish uchun pul topa olmay, mayib bo‘lib qolayotganlar qancha ekan?

Xalqning vakili bo‘lishi kerak bo‘lgan deputat esa negadir bularni ko‘rmaydi. Deputatlari shunday bo‘lganidan keyin bechora xalq qaerga bosh ursin?

Hech kim faollikni ko‘rayotgani yo‘q, lekin «Ijtimoiy fikr» ko‘ryapti

O‘zbekistondagi rasmiy bosma nashrlarda «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga saylovlar – 2016» mavzuida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijalari e'lon qilindi.

Unda iddao qilinishicha, aholining aksariyati, ya'ni 91,6 foizi ayni paytda mamlakatimizda fuqarolar yig‘ini raisi va uning maslahatchilari saylovi bo‘lib o‘tayotganidan xabardor.

«Mamlakatimizda aniq asosda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, … hududni obodonlashtirish, kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish kabi … masalalar yechimi mahallaga tegishli ekani, bu borada mahalla faollari izchil ishlarni amalga oshirayotganini so‘rovda ishtirok etganlarning 80 foizi ayd etgan», deb ishontirishga urinadi «Ijtimoiy fikr».

Bundan tashqari, deyarli 80 foiz aholi saylov kampaniyasida ishtirok etish niyatida ekanini bildirgani ham aytib o‘tiladi.

Umuman olganda, aslida bu saylovga aholining katta qismi befarq ekanini har qadamda sezish mumkin. Har-har joyda osilgan saylov to‘g‘risidagi axborotlarni aytmasa, birov bu mashvaratga deyarli qiziqish bildirayotgani yo‘q.

Shuning uchun yuqorida «Ijtimoiy fikr» keltirgan raqamlarni o‘qib, kishining ko‘z oldiga ko‘chada fol ko‘rib, «g‘oyibdan ochaymi…» deb o‘tirgan lo‘li ayolning qiyofasi keladi.

«Milliy tiklanish» deputatlari «ulkan yutuqlarimiz»dan quvonish bilan band

«Milliy tiklanish» gazetasi shu nomdagi demokratik partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraktsiyasi o‘tkazgan yig‘ilish to‘g‘risida maqola e'lon qildi.

Uni o‘qib, bu yig‘ilish faqat madhiyabozlikdan iborat bo‘libdi-da, degan xayolga boradi kishi.

«Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasi o‘laroq, O‘zbekiston barcha soha va tarmoqlarda misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishib, yuksak marralarni qo‘lga kiritdi. Butun dunyoda «o‘zbek modeli» deya e'tirof etilayotgan o‘ziga xos taraqqiyot yo‘limiz ulkan natijalarimizga mustahkam zamin bo‘layotir», deb yozadi gazeta.

Yana davom etiladi: «Birgina yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur'atlari oxirgi 11 yil davomida jahondagi sanoqli davlatlar qatorida 8 foizdan kam bo‘lmasdan kelayotgani amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligidan, tanlagan yo‘limiz hayotiyligidan dalolatdir».

Bu «ulkan yutuqlar» natijasi xalqimizning yoppasiga «dangasa»ga aylanib qolgani bo‘ladigan bo‘lsa, bunday «o‘zbek modeli»ning «o‘ziga xos, o‘ziga mos» ekaniga shubha bo‘lishi mumkinmi? Aslo yo‘q.

O‘lganning ustiga tepgandek, gazeta «Vatanimiz istiqlolga erishgan dastlabki yillarda Prezidentimiz Islom Karimovning «Mustaqillikning oliy maqsadi – o‘zbek xalqining izzatini joyiga qo‘yish» ekani borasidagi ta'kidi hayotimizda o‘z aksini topdi», deb xulosa qiladi.

Agar bugun xalqimizning izzati joyiga qo‘yilgan bo‘lsa, izzati joyiga qo‘yilmaganda qanday ahvolda bo‘lar ekan?

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
23 mart 2018
Keyingi paytlarda o‘qituvchi va bog‘cha xodimlari obodonlashtirish boshqarmasining “qo‘l-oyog‘i”ga aylangan. Ko‘chalarni supurib tozalash, ko‘chatlar ekish va oqlash, yo‘l belgilarini ...
16 avgust 2017
2018 yilgi Green Card lotereyasi natijalariga ko‘ra, Amerikada yashash imkonini olgan g‘oliblar miqdori bo‘yicha O‘zbekiston beshlikdan o‘rin oldi. Beshlikka ...
26 avgust 2020
O‘limidan bir-ikki yil burun ham Karimovning o‘lgani haqida har xil xabarlar tarqalgan. Jumladan, 2015 yili 17 noyabrga o‘tar kechasi ...
12 mart 2021
Bu yerda o‘zlari uchun yig‘lashmas, Bu yerda yig‘latar birovning dardi. Bu yerda birovning g‘ami muqaddas, Bu yerda tabarruk o‘zganing ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...