Dayjest
5 iyul 2016

Tili qirqilgan matbuot maqtovi

So‘nggi vaqtlarda prezidentning har bir chiqishiga labbay deb «otklik» yozish mahorati borasida boshqalarga dars berayotgan «Adolat» gazetasi bosh muharriri bu gal davlat rahbarining Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni munosabati bilan soha vakillariga yo‘llagan tabrigidan juda qattiq ilhomlangan ko‘rinadi, shekilli, qalamini o‘tkirlab, yana ijod maydonida javlon urdi.

Muallif axborot erkinliklari va kafolatlari to‘g‘risidagi qonunni eslab, u «odamlarning o‘zlari istagan axborotni hech bir moneliksiz olish, ayni chog‘da axborotni muhofaza qilish, shaxs, jamiyat va davlatning axborot borasidagi xavfsizligini ta'minlash imkonini bergani»ni ta'kidlaydi.

«Natijada matbuotimiz sahifalarida sobiq tuzum davrida umuman qo‘l urilmagan, hech kim jur'at etmagan, rasman taqiqlab qo‘yilgan ko‘plab mavzular, chunonchi, tanqidiy mushohadalar, qiyosiy tahlillar, ijtimoiy-siyosiy sharhlar paydo bo‘ldi», deya o‘trikni davom ettiradi muallif.

Bugungi matbuotimiz sovet davridagidan bir qarich ham o‘smagani, sho‘ro matbuotining soyasi kabi bo‘lib qolgani, ruxsat etilganidan boshqa hech qanday tanqidga yo‘l qo‘yilmasligi, xalq dardini aytishga tili yo‘qligini nahotki hech kim bilmaydi, deb o‘ylaydi bu satrlarni yozgan odam!?

Bu ham yetmaganidek: «Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida ko‘ppartiyaviylik shakllanishi bilan esa siyosiy partiyalarning nashrlarida sog‘lom bahs-munozaralar yuzaga keldiki, bu holat milliy jurnalistikamizning nufuzini ancha ko‘tardi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi», deya lof uradi.

«Nufuzi ko‘tarilgan» milliy jurnalistikamizning qanchalik darajaga tushib qolganini o‘tgan galgi ikki dayjestimizda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining yoritilishi misolida ko‘rsatib o‘tgandik.

Bu misolimizning yana bir tasdig‘i milliy nashrlar prezidentning o‘sha sammitdagi brifingi matnini mashvaratdan deyarli bir hafta o‘tib e'lon qilganida ham ko‘rindi. Bu-ku mayli, sammitdan ham oldin bo‘lib o‘tgan voqea – XXR raisi va O‘zbekiston prezidentining Oliy Majlisda so‘zlagan ma'ruzalari ham bundan ko‘proq vaqt o‘tib matbuot yuzini ko‘rganiga nima deysiz?

Siyosiy partiyalarning «sog‘lom bahs-munozaralari»ga kelsak, aytish mumkinki, ular sevishgan juftliklarning bir-biridan go‘yoki arazlashgandek, «siz qo‘rqoqsiz, siz qochqoqsiz» kabi yuzlariga muhabbat ila sekingina shappatilab qo‘yishi sahnasini eslatadi.

Maqolada muallif biz yuqorida aytgan «yutuqlar»ni yanada ko‘paytirishga bel bog‘laganini yashirmaydi.

«Buning uchun yanada samarali, ta'sirchan ishlashga, xalqimiz hayotini yanada farovon va obod qilish, dunyodagi eng rivojlangan, demokratik davlatlar qatoriga kirish… ishiga munosib hissa qo‘shishimiz zarur», deyiladi maqolada.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
4 sentyabr 2019
Mening uzoq yillar avval yozgan bir she'rim bor edi. Unda Sharqning shoiri gul butog‘iga bog‘lab qo‘yilgan devga qiyoslanardi. Bu ...
11 mart 2021
Andijon shahrida yashovchi B.B. qizida OIV (odam immun tanqisligi virusi) aniqlangani bo‘yicha “Eltuz”ga murojaat qildi.  Unga ko‘ra, hozir 17 ...
18 noyabr 2020
Ertalab mosh sotdim. Ko‘p emas, besh yuz kilo. Moshimni sotib olgan tadbirkor yigit: «Moshning pulini bugun kechga o‘zim uyingizga ...
15 iyun 2024
“Katta yettilik”ka a'zo davlatlar Italiyadagi sammit chog‘ida muzlatilgan Rossiya aktivlaridan Ukrainaga yordam ko‘rsatish uchun foydalanish mexanizmini kelishib oldi,  dedi ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...