Endi zavod paxta o‘g‘irlay olmaydi…mi?
Kun.uz internet sayti «O‘zpaxtasanoateksport» xolding kompaniyasi matbuot xizmatiga asoslanib xabar berishicha, 2016 yil paxta hosilini tortish, to‘g‘ri va tezkor o‘lchash, sifatli tekshirish maqsadida paxta zavodlarida zamonaviy elektron tarozilar o‘rnatish ishlarini olib bormoqda.
Kompaniya vakilining aytishicha, fermer zavodga olib kelgan paxta xomashyosining sanoat navi, namlik va ifloslik darajasi instrumental usulda aniqlanadi va qabul qilish uch zonali tizim bo‘yicha amalga oshiriladi.
Birinchi zonada xomashyodan vakillar ishtirokida namuna olinadi. Ikkinchi zonada paxta elektron tarozida tortib ko‘riladi va fermer tabloda barcha natijalarni ko‘rib turadi. Uchinchi zonada esa paxta tushiriladi va partiyalarga ajratiladi.
“Paxtani qabul qilish, tortish, sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash va qayd etish uchun maxsus elektron dastur yaratildi. Bu jarayonlar shaffofligini ta'minlash maqsadida har bir nuqtaga kuzatuv kameralari o‘rnatildi. Yig‘ilgan ma'lumotlar markaziy tarmoqda yig‘iladi, jarayon to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib turiladi», deyiladi maqolada.
Biz bekorga bu mavzuga to‘xtalayotganimiz yo‘q. Chunki yig‘im-terimi mavsumida paxta zavodida shunchalik ko‘p qing‘ir ishlar amalga oshiriladiki, bu yer paxta tarmog‘idagi korruptsiyaning eng gullagan joyi, desa ham bo‘ladi.
Fermer ming mashaqqat bilan olib kelgan paxtani zavod taroziboni avval tarozidan uradi, laboratoriyada esa navi pasaytiriladi. Natijada zavodda hisobdagidan ortiqcha yuzlab tonna paxta xomashyosi xirmoni paydo bo‘ladi.
Mavsum oxirlab, rejani bajara olmasligi aniq bo‘lib qolgan fermerlar hokimiyat amaldorlari tomonidan qattiq siquvga olinadi, kerak bo‘lsa kaltaklanadi, xullas, paxta sotib olishga majburlanadi.
Ortiqcha paxta qaerda bor? To‘g‘ri, paxta zavodida. Fermer baquvvatroq bo‘lsa, pulini ko‘tarib kelib, nomiga paxta topshirdi qilinadi va uning hisobiga paxta yoziladi. Zavoddan sotib olingan paxtaning puli esa o‘sha amaldorlar o‘rtasida bo‘lib olinadi. Bu doirada zavod kattalaridan tashqari tuman hokimi, prokurori, militsiya boshlig‘i kabi kazo-kazolar bor. Ular havodan shu usulda pul qiladi. Fermerning o‘zidan urib qolib, o‘ziga sotiladi. Sopi o‘zidan chiqariladi.
Darvoqe, paxta zavodlaridagi bu qing‘ir ishlardan yuqoridagilarning xabari bor, shekilli, maqolada bu tan ham olinadi.
«Paxta elektron tarozilarda tortilganda “inson omili”ning ta'siri tufayli ob'ektiv va sub'ektiv sabablarga ko‘ra xatolar ehtimoli bartaraf etiladi, noqonuniy xatti-harakatlarga barham beriladi», deyiladi maqolada.
Eltuz.com