Kundalik
12 iyul 2016

Fermer ayol to‘rt yildan beri adolat izlamoqda

U 16 yil fermerlik qildi. Otasining ham suyagi dalada qotgan, qirq yil davomida paxta yetishtirish bilan shug‘ullangan.

Avval otasiga, so‘ng rasman singlisiga tegishli fermer xo‘jaligida dehqonchilik qilib kelgan ayolning hamma tashvishi 2012 yil 24 apreldan boshlandi. Muzrabot tumani hokimi Azamat Xo‘jamqulov Diloromning 56 gektardan ziyodroq yerini davlat zaxirasiga qaytarish to‘g‘risida qaror chiqardi. Holbuki, yer fermerga 30 yil muddatga qonuniy ijaraga berilgandi. Dilorom esa har yili paxta va g‘alla yetishtirish rejalarini bajarib kelayotgandi.

Hokim bu qaroridan Diloromni ogohlantirmadi. U esa yeriga paxta va g‘alla ekkandi. Ammo o‘sha yilning 24 may kuni hokim Diloromning yerini fermer Mirsaid Olimov nomiga rasmiylashtirib berdi.
Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, ya'ni 2 iyunda xuddi shu yerni boshqa fermerga berish to‘g‘risida qaror chiqardi.

Umuman, o‘sha yili bir necha oy davomida hokim ilgari fermer ayolga tegishli bo‘lgan yerni jami olti kishining nomiga o‘tkazish va qaytarib olishga ulgurdi.

Oxir-oqibatda Dilorom Zaynieva yetishtirgan 60 tonna paxta va 50 tonna bug‘doy hosili yig‘ishtirilmay qolib, nobud bo‘ldi. Chunki hokimning aybi bilan bu yerning tayin egasi bo‘lmadi.

Hokim yerning tortib olinishiga sabab sifatida kadastr hujjatlarining o‘z vaqtida rasmiylashtirilmaganini ko‘rsatib o‘tgan. Aslida otasining fermer xo‘jaligi Diloromning singlisi nomiga qayta rasmiylashtirilganidan 2 oy o‘tib ham kadastr xizmati hujjatlarni to‘g‘rilab berishni atayin orqaga surib kelayotgandi. Chunki bu xizmatning rahbari Diloromning sobiq eri edi…

To‘rt yildan beri Dilorom Zaynieva turli sud va davlat idoralariga yerni qaytarib berish talabi bilan murojaat qilib kelyapti. Lekin shu paytgacha adolat qaror topishiga erisha olgani yo‘q.

Hatto Muzrabot tumani prokurori Shuhrat O‘rinov ham Diloromga va O‘zbekiston qonunlariga qarshi turibdi.

Hokim Azamat Xo‘jamqulov esa ayollar fermer bo‘la olmaydi, ular bolalari bilan uyida o‘tirishi kerak, deyishdan charchamaydi. Shu «printsipi»dan kelib chiqib yana 5 ayoldan yerini tortib olgan.

Aslida fermerlar yerlarining tortib olinishi, ularning arz-dodlariga birov quloq solmasligi O‘zbekiston sharoitida yangilik emas.

Eshitgan bo‘lsangiz kerak, fermerlik harakati haqida gap ketganda O‘zbekiston rahbariyati «Yer egasini topdi», deb gapirishni yaxshi ko‘radi. Ammo fermerlar yillar davomida ko‘rib kelayotgan azob-uqubatlar, adolatsizliklar xalqning bu gapga o‘ziga xos javobini dunyoga keltirdi.

Endi odamlar «Yer egasini topdi, egasi xudodan topdi», degan xulosaga kelgan. Bu gapning ortida fermerlarning huquqsizligi, ularga nisbatan adolatsizliklarga ishora yotibdi.

Dilorom Zaynievaning yerini qaytarib olish talabi bilan to‘rt yildan ortiroq davom etayotgan murojaatlari, bu murojaatlarga adolatli javob ololmayotgani, yuzlab fermerlarning shu kabi taqdiri qishloq xo‘jaligi sohasida tub islohotlar o‘tkazish zarurati har doimgidan-da dolzarblashganidan dalolat beradi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 may 2016
Ha, choyxo‘rlikda bizning oldimizga tushadigani yo‘q ekan dunyoda. Blogimni bir choynak achchiq choy ichib olib keyin yozaman deb o‘yladimu, ...
10 noyabr 2021
“Eltuz”ga kelgan maktublardan birida 26 oktyabr kuni Farg‘ona viloyati hokimi o‘tkazgan yig‘ilishda paxta terimiga ikki haftalik safarbarlik e'lon qilingani, ...
12 dekabr 2017
Prezident Mirziyoev 7 dekabr kungi nutqida Xalq qabulxonalariga bir yil ichida bir yarim million shikoyat tushganini bildirdi. Shikoyatlarning eng ...
30 aprel 2019
«2006 yilning o‘rtalaridan boshlab O‘zbekistondagi hamma zonalar boshliqlari birinchi yordamchisi etib MXX vakillari tayinlanadi. Bunga 2005 yil may oyida ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...