Catira
10 noyabr 2021

Hoshimjonning qalpog‘ini kiyadigan “majburiy mehnat”

“Eltuz”ga kelgan maktublardan birida 26 oktyabr kuni Farg‘ona viloyati hokimi o‘tkazgan yig‘ilishda paxta terimiga ikki haftalik safarbarlik e'lon qilingani, unda byudjet tashkilotlarini shanba va yakshanba kunlari majburiy-ixtiyoriy tartibda terimga jalb qilish masalasi ko‘tarilgani bildirilgan. 

Unda yozilishicha, yig‘ilishda agar qaysi tashkilot xodimi bu haqda ommaviy axborot vositalariga ma'lum qilsa, shu zahoti ishdan olinishi aytilgan. 

“Eltuz” muxbiri ushbu maktubdagi iddaolarni o‘rganishi davomida shu kuni tuman hokimligi majlislar zalida o‘tirgan xodimlardan biri haqiqatan ham xuddi shunday gap bo‘lganini tasdiqladi: 

“Avval viloyat hokimi selektor o‘tkazdi. U dalada paxta ko‘pligini, bug‘doy ekilgan yerlarga suv qo‘yilishi natijasida yana paxtalar ochilib ketganini, viloyat paxta rejasi hali to‘lmaganini, shuning uchun tumanlardagi barcha korxona va tashkilot xodimlarini paxtaga jalb qilish kerakligini aytdi. 

Viloyat hokimi barcha tuman hokimlari, viloyatdagi barcha boshqarmalar boshliqlariga: “Xodimlaringizga ayting, to‘g‘ri tushuntiring, rejamiz 94 foiz bo‘ldi. Yana ikki hafta har bir fermer 1-1,5 tonnadan paxta bersa, viloyat rejani to‘ldiradi”, deb aytdi. 

“Hech kim majburlanmasin, lekin hammaga to‘g‘ri tushuntirilsin, bu hashar, ko‘pga kelgan to‘y. Bir-ikki dam olish kunida paxta terib bersa, hech nima qilmaydi”, dedi”. 

Viloyat hokimi topshirig‘idan so‘ng tuman hokimlari ham alohida selektor o‘tkazgan. Shu kuni selektor soat tungi 23 gacha cho‘zilgan.

– Men uyga soat 12 larga yaqin kiribman, – dedi yig‘ilishda qatnashgan xodim. –  Uyim hokimlikka yaqinligi uchun qiynalmadim. Ammo tuman markazidan 20-25 km uzoqlikda yashovchi mahalla raislari, fermerlar nima qildi ekan? To‘g‘ri, shanba va yakshanbada hamma paxtaga chiqishi kerakligi haqida gapirildi. Faqat o‘qituvchi va bog‘cha opalarga, tibbiyotda esa oliy ma'lumotli vrachlarga tegmanglar, boshqalar paxtaga chiqsin, deyildi. 

Viloyat hokimining topshirig‘idan so‘ng shanba-yakshanba kuni paxtaga chiqqan xodimlardan biri tumanlarning birida madaniyat bo‘limida ishlaydi. 

– Ha, shanba kuni kechqurun hokimlikdagi bir ayol qo‘ng‘iroq qilib, 31 oktyabr kuni paxtaga chiqishim kerakligini, fermerlarga yordam zarurligini, avval 45-70 kunlab paxta terganimizni, bir kunga hech narsa qilmasligini aytdi. Soat 8 da hokimlik oldiga yetib kelishimizni tayinladi. O‘sha kunga rejalashtirgan ishlarimni qoldirib, paxtaga chiqdim. Men qo‘shni tumanda ishlayman. Yo‘limda o‘zim yashaydigan tuman hokimligi binosi bor. Men yakshanba kuni paxtaga ketayotganimda hokimlik oldida ikkita avtobus va GAIlarning ikkita mashina turganini ko‘rdim,- dedi suhbatdosh. 

“Nima deyishni bilmayman. Majburiy mehnat desam, iltimos qilishdi. Hech qanday do‘q-po‘pisa yoki ishdan bo‘shatish haqida tahdid qilishmadi. Ixtiyoriy terimga chiqdim desam, yakshanbaga mo‘ljallagan ishlarim qolib ketdi. Tabiatimizda bundan uch-to‘rt yil avvalgi paxtaga chiqish sindromi saqlanib qolgan bo‘lsa kerak. Shuning uchun chiqqandirman”, deya qo‘shimcha qildi u. 

Turli sohalarning “Eltuz” bilan suhbatlashgan bir necha vakili boshlig‘i iltimos qilgani uchun paxtaga chiqqanini bildirdi. 

– 31 oktyabr, yakshanba kuni terimga chiqqan xodimlardan biri menman, – dedi tuman soliq inspektsiyasi xodimi.  – Dalada paxta yo‘q ekan. Hammamiz uch-to‘rt kilodan terdik. Ammo hech qaerda ism-familiyamiz qayd qilinmadi. Fermer kimsizlar deb so‘ramadi ham. Tush vaqtida qornimiz ochib uyga qaytvordik. Tergan paxtalarimizni shundoq berib keldik. Hech kim tergan paxtamiz uchun pul bermadi. 

U ham paxtaga chiqqanini ixtiyoriy-majburiy deb hisoblaydi. Hech qanday e'tirozsiz chiqqanini tan oldi. 

Bundoq qarasangiz, majburiy mehnat yo‘qdek, mohiyatiga nazar tashlang, majburiy mehnat manaman deb ko‘rinadi. Bu ham O‘zbekistonning o‘ziga xos va o‘ziga mos tutumi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
30 may 2020
“Eltuz” muxbiri Farg‘ona viloyati televideniesi jurnalisti Usmonjon Qodirov 28 may kuni 15 sutkaga qamalib, keyin jazo muddati 2 sutkaga ...
3 iyun 2016
30 may kuni yozuvchi Mamadali Mahmudovning uyiga uning ruhsatisiz, devor oshib tushgan shaxslarning bosimi adibning keksaygan 75 yoshida ayni ...
16 iyun 2016
Ahmadboy shirkatining tekshirilishi natijasida, Ozodlik radiosining bildirishicha, 13 milliard 138 million so‘m va 7 million 900 ming AQSh dollari ...
20 noyabr 2020
Istayman: uyimning derazalari Doim ochiq tursin, lang ochiq tursin. Xonamda o‘ynasin quyosh zarlari, Yetmish yurt – iqlimdan shamollar yursin. ...
Bloglar
26 avgust 2022
30 yildirki sargardonlikda, avval Norvegiyada keyin Turkiyada yashayotgan Muhammad Solih yangi kulliyoti – asarlar to‘plami ...
15 avgust 2022
Taniqli siyosat arbobi va shoir Muxammad Solih suhbatining davomida sevimli ayoli Oydin xonim bilan kechirgan ...
10 avgust 2022
Taniqli siyosat arbobi va shoir Muxammad Solix bilan may oyida o‘tkazilgan bu suhbat bevosita Eltuz ...