Deputatlar saylovchilar ko‘ngliga taskin berib qaytdi
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan parlamentga saylangan deputatlar o‘n kuncha o‘z saylov okruglarida bo‘lib, saylovchilari bilan uchrashgan.
Bu uchrashuvlarda ular nima qilgani bilasizmi? Bilmasangiz, «Milliy tiklanish» gazetasini o‘qing, hammasini ochiq-oshkora yozgan.
Xususan, O‘zMTDK fraktsiyasi a'zosi Feruza Ibragimova Kogon saylov okrugida bo‘lib, saylovchilari bilan uchrashuvda prezidentning mustaqillik bayramining 25 yilligini o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori «mazmun-mohiyati va qaror ijrosi haqida atroflicha fikr yuritgan».
Mustaqillik bayramini saylovchi o‘z imkoniyati darajasida qanday xohlasa, shunday o‘tkazaveradi. Ammo bayramni qanday o‘tkazishni Toshkentday joydan kelgan deputat ko‘rsatishi shartmikin?
«Bayramshunos» deputatning hamkasbi Akmaljon Jumaboev esa Andijondagi uchrashuvda «saylovchilarni qiziqtirgan masalalarga alohida e'tibor beribdi».
Ya'ni bayram haqida falsafa so‘qmay, «elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj bilan bog‘liq masalalar Namangan viloyatida barpo etilayotgan To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stantsiyasi to‘liq ishga tushgach, yechimini topishi»ni ma'lum qilib, hech bo‘lmaganda xalqning ko‘ngliga taskin berib kelibdi.
Yana bir «milliy tiklagich» deputat Azamat Pardaev Samarqandning Paxtachi tumanidagi uchrashuvdan o‘z foydasiga xulosa chiqaribdi.
Uning aytishicha, «saylovchilar bugun o‘z vakiliga katta ishonch va umid bilan qarayapti».
Buni o‘zini o‘zi ishontirish deydilar. Deputat o‘zini shunday deb ishontirmasa, saylovchilar unga ishonishiga birov ishonarmidi?
Eltuz.com