Asosiy mavzular
21 iyul 2016

Yo‘q mashina terimiga tayyorgarlik bunday bo‘libdi-da!

Avval ham aytganmiz, «Qishloq hayoti» ajoyib gazeta. Qishloq odamlariga, dehqonlarga ekinni qachon ekish, go‘ngni qachon qaerga ishlatish borasidagi qiymati yo‘q maslahatlari bilan kishini xursand qiladi.

Bu safar esa gazeta butun o‘zbek xalqining qariyb 25 yildan buyon ushalmagan orzusi – paxtani mashinada terish mavzusini ko‘tardi. Ko‘targandayam shunaqa ko‘tardiki, Afandi bolalarni falon joyda yerga chalpak yog‘di, deb aldab, bolalar o‘sha yoqqa chopib ketgandan so‘ng o‘zi ham shu gapiga ishonib, bolalarning orqasidan yugurganiga o‘xshash lofni urdi.

Avvalo, O‘zbekistonda paxtani mashina terish amaliyoti yo‘qolganiga juda ko‘p yillar bo‘lgani bor gap. Keyin bu jarayonni qayta tiklash ishlari ham bugungi kungacha samara bermaganini hatto qishloq xo‘jaligi vaziri ham biladi (Boshqalar bilganiga o‘nlab yillar bo‘lgan. Lekin nimagadir shu sohaga mas'ullar sal kechikibroq eshitadi).
Hozir paxta faqat qo‘lda, o‘shandayam, xalqaro tashkilotlar e'tiroficha, majburiy mehnatga asoslangan holda terib olinadi.

Har yili yuz minglab o‘qituvchi va shifokor, turli kasb egalari davlat uchun «oq oltin» terib beradi.

Osmondan chalpak yoqqandek, «Qishloq hayoti» he yo‘q, be yo‘q, mashina terimi mavzusini ko‘tarib qolganini o‘qib: «Nahotki bu yil O‘zbekistonda paxta mashinada terilsa?» deb taajjubga tushib qoladi odam.

O‘tgan yili ba'zi xo‘jaliklarga dalaga terim mashinasi solingani bor gap. Ammo ikki marta u yoq-bu yoqqa borib kelgan mashinaga nima jin urdi, darrov uni dala chetiga chiqarishib, faqat komissiya kelganda bir ko‘rsatish uchun eshakka o‘xshab dala chetiga bog‘lab qo‘yishdi.

Shu-shu paxtani mashinada terish mavzusi o‘z-o‘zidan chetga chiqib qolgandi. Shuncha gapga qaramay, «Qishloq hayoti» «G‘o‘zani terimga qulay, mashinaga o‘ng‘ay qilib o‘stiring», deb maslahat solib qoldi.

Hatto chilpishni mashinalar yordamida qanday amalga oshirish to‘g‘risida ham eslatib, sovet davridagi ayrim chilpish mashinalarining nomlarini (markalarini) keltirishdan ham tortinmadi.

Maqolada dalani mashina terimiga qanday tayyorlash, qanday ishlarni amalga oshirish borasida qator maslahatlar berilgan.
O‘zbekistonda mashina terimi deyarli bo‘lmasa, bu maqola nima maqsadda chop etildi ekan, degan savol tug‘ildi.
Savolga esa yuqorida eslatganimiz Afandi latifasidan juz'iyroq javob topgandek bo‘ldik.

O‘zbekistonga havasi ortgan dunyo

«Toshkent oqshomi» gazetasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatining «mustaqil taraqqiyot yo‘limizga dunyoning havasi ortayotgani» to‘g‘risidagi maqolasini e'lon qildi.
Deputatning yozishicha, «1989-1990 yillarda katta iqtisodiy qiyinchiliklar davri edi. Ekinzorlarning bor-yo‘g‘i 8-10 foizida bug‘doy, 0,8 foizida kartoshka ekilgan».

«O‘zbek modeli»dagi kuchli ijtimoiy siyosat, qonun ustuvorligi, iqtisodiyotning siyosiy masalalardan ustunligi, bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o‘tish va davlatning bosh islohotchiligi to‘g‘risidagi tamoyillarning qat'iy belgilanishi bugun xalqaro maydonda ro‘y berayotgan turli muammolar oldida mamlakat va xalqlarni tinchlik va taraqqiyotga olib chiqishning eng to‘g‘ri yo‘li ekanini ko‘rsatayotganini» ta'kidlaydi deputat.

Deputat dunyoni iqtisodiy qiyinchiliklardan qutqarishning bu yo‘lini ko‘rsatish bilan qoniqmaydi. Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘lining qurilishi «O‘zbekiston aslida qanday buyuk davlat ekani, xalqi qanday qudratga, salohiyatga ega ekanini yana bir bor jahon hamjamiyatiga namoyon etgani»dan suylaydi.
Xitoyliklar qurib bergan tunneli, bir necha o‘n kilometr temir yo‘lni elektrlashtirgani bilan maqtanadigan elga «havas qilayotgan dunyo» nahotki shunchalik noshud bo‘lsa?! Yoki deputat o‘zining noshudligini yashiryaptimikin!?

Pulsizni o‘ldirayotgan «beqiyos g‘amxo‘rlik»

«Xalq so‘zi» gazetasi Oliy Majlis Senati Fan, ta'lim va sport masalalari qo‘mitasi raisining «Beqiyos g‘amxo‘rlikning yorqin namunasi» to‘g‘risidagi maqolasini e'lon qildi.
Maqola sog‘liqni saqlash tizimiga bag‘ishlangan bo‘lib, u davlatimiz rahbari va hukumatimizning «mustaqillikning ilk yillaridan boshlab ko‘rsatib kelayotgan g‘amxo‘rliklari» haqidadir.

Avvalo, qo‘mita raisining o‘ziga u qadar aloqador bo‘lmagan sohaga katta e'tibor qaratayotganining o‘zi diqqatga sazovor. Fan, ta'lim va sport sohasidagi son-sanoqsiz muammolardan ortib, tibbiyotga e'tibor qaratayotgan raisga balli.

Qo‘mita raisi tizimda mustaqillik yillarida «qo‘lga kiritilgan ulkan yutuqlar»ni sanab o‘tar ekan, dunyoning bechora «rivojlangan davlatlari ham birinchi navbatda ijtimoiy sohaga xarajatlarni kamaytirayotgani»dan qayg‘uradi.

O‘zbekistonda esa 2015 yilda tizimni «ravnaq toptirish uchun davlat byudjetidan 4,3 trillion so‘m ajratilgani hech kimni befarq qoldirmagani»ni eslatib o‘tadi.
Albatta, deputat «ulkan yutuqlar»ga soya solmaslik uchun bugun O‘zbekiston tibbiyot tizimi korruptsiyaning ulkan manbaiga aylangani, puli bo‘lmagan odam «dunyo havas qiladigan davlat»ning bu tizimidan foydalana olmay o‘lib ketayotgani yoki nogiron bo‘lib qolayotgani, shu kabi boshqa muammolar girdobiga tortilganini aytishni o‘ziga ep ko‘rmagan.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
24 yanvar 2019
Markaziy bank Navro‘z arafasida yuz ming so‘mlik banknotlarni muomalaga kiritishi haqida bildirib, bundan qulayliklar yaratish, pullarni tashish xarajatlarini kamaytirish, ...
1 yanvar 2018
It yili sizga sadoqat, qo‘riqlangan qo‘rg‘on va juda ko‘p miqdorda zangori pullar keltirsin. Rassom Dumham Eltuz.com
21 yanvar 2019
Facebook shirkati 17 yanvar kuni Kreml loyihasi bo‘lgan «Sputnik» nashri tashviqotiga xizmat qilgan tarmoqdagi yuzlab sahifalar va akkauntlarni o‘chirdi. ...
22 sentyabr 2017
O‘zbekistonlik bir-birini tanimaydigan bir necha tadbirkorning “Eltuz” muxbiriga ma'lum qilishicha, 2010-2016 yillar davomida MXX Milliy havfsizlik va MX (SB) ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...