Tunnel bahona Oqsaroyga yo‘nalgan paxtalar
Qamchiq dovonidagi tunnel bahona Oqsaroyga yo‘nalgan paxta oqimi yanada kuchaydi. Butun O‘zbekiston matbuoti bugun shu qurilishni amalga oshirganlarga emas, ularga «rahnamolik» qilgan yurtboshi sha'niga hamdu sano aytish, unga «paxta qo‘yish» poygasida oldingi safda bo‘lishga intilish bilan ovora.
Avvaliga jurnalistlar oddiy odamlaru turli darajadagi deputatlar tilidan matbuotni shunday hamdu sano bilan to‘ldirdi. Shoiru yozuvchilar qarasa, bayroq boshqalarga ketadigan ko‘rinadi. Shuning uchun otni qamchilay boshlashdi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san'ati» gazetasi otni qamchilagan ana shunday «chavandoz paxtakor»ning maqolasini e'lon qildi.
Maqola O‘zbekistona ishlab chiqarilayotgan mashinalar ta'rifi bilan, bugun ularning «xaridorgirligi oshsa oshib, sira tushmayotgani», «eksport salohiyati ham yil sayin oshib borayotgani» to‘g‘risidagi kichkinagina yolg‘on bilan boshlanadi.
Keyin esa: «Bir zamonlar Kavkaz tomonlarga borganda 50-60 metrlik tunnellarni ko‘rib hayratlanardik. Bugun o‘zimiz uncha-muncha emas – 19,2 kilometrlik tunnel barpo etdik», deb g‘ururlanadi muallif.
Maqoladan ko‘zlangan asl maqsadga sal keyinroq o‘tiladi. «Sohibqiron bobomiz «Qudratimizga shubhangiz bo‘lsa, biz qurgan boqing, deb bejiz aytmagan… Islom Karimovning bevosita rahbarligi va tashabbusi bilan biri biridan mahobatli… saroylar, mehmonxonalar, yodgorliklar, ko‘priklar, yo‘llar bunyod etilmoqda. Shularga qarab turib, Amir Temur bobomizning yuqorida keltirilgan so‘zlarini bugun ham bemalol aytish mumkin…», deydi muallif.
Buni soddaroq tilga o‘girsak, «Qudratimizga shubha qilsangiz, Islom Karimov rahnamoligida va tashabbusi bilan qurilgan inshootlarimizga qarang», bo‘ladi.
Yashang, hurmatli yozuvchi, deb ko‘nglini ko‘targing keladi muallifning. Chunki hozircha bayroq unda ketdi. Zero, «O‘zbekiston shunday davlat bugun – yaxshilarga havas qilish bilan birga boshqalarda havas uyg‘ota oladigan mamlakat»!
Eltuz.com