Muqimiy bugun Qo‘qonda yashaganda kim bo‘lardi?
«Hurriyat gazetasida (24.08.2016) Farg‘ona viloyatida amalga oshirilgan «ulkan bunyodkorlik ishlari, xalqimizning havas qilsa arzigulik farovonligi»ga bag‘ishlangan navbatdagi maqola e'lon qilindi.
Muallif maqolani tasavvuriga erk bergan holda boshlaydi. «… mo‘'jiza ro‘y berib mavlono Muqimiy tirilib qolsa-da, o‘zi tug‘ilib o‘sgan Qo‘qon shahrini, sayohatnomalarida ta'riflagan qishloqlarni bugun bir aylansa, qanday ahvolga tushar ekan», degan savol bilan boshlaydi.
Muallif bechora mumtoz shoirimiz bir g‘azalida «Shul erur aybim, Muqimiy, mardumi Farg‘onamin», deb kuyunib, ranjib yozgani»ni eslar ekan, bugungi Qo‘qondagi «obodonlashtirish ishlarini ko‘rib yoqa ushlashi»ni yashirib o‘tirmaydi.
«Kim bilan gaplashmang, yuzida tabassum, hayotidan mamnunlik ufurib turibdi… Turmushi farovon, ertasiga ishonchi komil odamlarda shunday kayfiyat bo‘ladi», deya xulosa qiladi muallif va «keng, ravon ko‘chalar, bog‘lar, xiyobonlar qad rostlashi… prezidentimiz rahnamoligida butun mamlakatimiz bo‘ylab amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari samaralari» ekanini ta'kidlaydi.
Bu ham yetmagandek, muallif Muqimiy «Farg‘ona viloyatining bugungi jamolini, odamlarga yaratilayotgan sharoitlarni, ijod ahli naqadar ulug‘lanayotganini ko‘rsa, sayohatnomalari bilan birga o‘sha mashhur g‘azalini ham albatta yirtib tashlagan bo‘lardi», deya fol ochadi.
Biz ham tasavvurga erk berib ko‘raylik. Haqiqatan ham Muqimiy domla bugungi kunlarimizda yashaganda kim bo‘lardi? Iqbol Mirzo, Sirojiddin Sayyid singari idodkorlar kabi tuzumga madhiya to‘qib, biror medal yoki unvon olishni o‘ziga ep ko‘rgan bo‘lardimi?
Yoki feodallarcha zulm hali ham saqlanib qolgani, gaz yo‘qligidan xalq qishda mevali daraxtlarni kesib uy esitishga majbur bo‘layotgani haqida Gulxaniy domla bilan boshqa hech kim eshitmayaptimikin, deya sekin pichirlashib o‘tirarmidi?
Balki xalq turmushi haqida yozgan haqqoniy she'rlarini nashr ettira olmay, haqiqatan ham ularni yirtib otarmidi?
Agar tuzum maddohlari yo‘lidan yurmay, xalqning asl ahvoli haqida baralla gapirsa, ayrim mashhur ijodkorlar kabi balki bugun xorijda Vatan sog‘inchi haqida Furqat domla bilan suhbat qurib o‘tirgan bo‘larmidi?
Eltuz.com