Gulnora Karimova tag‘in tvitterda paydo bo‘ldimi?
4 oktyabr kuni o‘z onasiga nolalari tarzida bitilgan maktubida Gulnora Karimova ekani iddao qilinayotgan Afina@zabitaya1972 akkaunti egasi uch yillik azoblarini jahannamning to‘qqiz qavatiga tenglashtiradi.
Bundan bir necha kun avval esa bir qancha nashrlar Gulnora Karimovaning ruhiy shifoxonaga yotqizilgani haqida xabarni tarqatgan edi.
Ruhiy nosog‘lom odamning uzuq yuluq alahsirashini eslatuvchi maktub muallifi, goh o‘z tomirini kesishga ahd qilgani, goh quyoshning yo‘qligi, goh esa sabr chidam bilan yashash kerakligi haqida yozadi.
«Aftidan meni ezib yo‘q qilishdi, zo‘rg‘a nafas olayapman – demak rasman tirikman» deya davom etadi u.
«Yaqinda o‘laman… ortiq chidolmayman…»
Atrof zulmatdan iboratligi, yolg‘iz skameyka o‘ziga dugona ekani va o‘lim haqidagi biroz tushkun jumlalar orasidan, unga ozor yetkazgan real shaxslarga oid gaplarni ham o‘qish mumkin.
Bu eng avvalo uning qizi Imon haqidagi jumlalar. Maktub mazmunidan Gulnoraning qizidan ajratilib saqlanayotganini bilish mumkin.
«Butun fikrim bir narsa haqida… Mening qizim qanday? Bugun nima qilayapti? Yig‘layaptimi u? Chidab bo‘lmaydi…» deya yozadi u.
Mavxum ikkilanishlar va chalkash ziddiyatlarga boy maktub so‘nggida u tag‘in qizini qaytarishni so‘rab onasidan kechirim so‘raydi.
«Yangi o‘g‘il», «toj soqchisi» va quvilgan dushmanlar
Uning keyingi gaplari «yangi o‘g‘il» ya'ni O‘zbekistonning muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoevga taalluqli.
«Otam hech qachon uning ikki o‘g‘li borligi haqida gapirmagandi. Yangisini ismi Shavkat ekan??? U holda nima uchun Miromonovich?! O‘g‘il konstitutsiyani akkuratgina otlab o‘tib, tag‘in Otaning vasiyatiga tupurgan bo‘lsa (N.Yu)? O‘zbek Beriyasi tug‘ilgani yo‘qmi o‘g‘ilda yo? Bu qonuniyatmi?!»
O‘z g‘animi Rustam Inoyatovni maktub muallifi «toj soqchisi», «cho‘loq» iboralari bilan ataydi. Quvilgan dushmanlar esa Calim Abduvaliev, Hayot Sharifxo‘jaevlar ekanini anglash qiyin emas.
«Endilikda u quvilgan dushmanlar bilan suhbatlashayotganida pardalarni yopmaydi. Barcha urilganlar umumiy oilasiga aylgangan. Salim choy quyadi… Sharif asal uzatadi…»
Eltuz.com Gulnora Karimovaga tegishli ekani aytilayotgan ushbu maktub egasi bilan bog‘lanishga urinib ko‘rdi.
«Sizni haqiqatan ham qiynoqqa tutishayaptimi, yoki faqat izolyatsiyada saqlashayaptimi?» degan eltuz.com muxbiri savoliga Gulnoraga tegishli ekani iddao qilinayotgan Afina@zabitaya1972 akkaunti egasi:
«Menga onamning oxranasi bosim o‘tkazayapti. Yanchib tashlash bilan tahdid solishmoqda… Bu dahshatlar kunora sodir bo‘lmoqda…» deya yozdi.
Uning taxminan qaerda ekani va atrofida yaqinlaridan kimlar borligi haqidagi so‘rog‘imizga u o‘zining Toshkentda, Prezident rezidentsiyasi yaqinida saqlanayotgani, atrofida yaqinlari yo‘qligi, bolalari yonida emasligi, o‘g‘li Islomning uzoqdaligi, qizi esa onasi tomonidan zo‘rlik bilan olib qo‘yilgani, anchadan buyon uning (Tatyana Karimov) yonida qolayotgani haqida javob qoldirdi.
Eltuz.com