Ko‘zqarash
10 oktyabr 2016

Islom Karimov ochiqchasiga Amir Temurga tenglashtirildi

Yodnomalarni shoir va yozuvchilar bitsin ekan. Chunki ularning tafakkur doirasi boshqalarnikidan ko‘ra kengroq bo‘ladi.

Shu kunlarda marhum prezident Islom Karimovning vafotiga qirq kun to‘lishi munosabati bilan O‘zbekiston matbuoti ana shunday yodnomalar bilan to‘lib-toshdi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san'ati» gazetasi (07.10) ham bu haybarakallachilikdan ortda qolmaslikka emas, balki bayroqdor bo‘lishga qaror qildi. Gazeta mamlakat Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali tili bilan marhum prezidentni sohibqiron Amir Temurga tenglashtirib qo‘ya qoldi.

To‘g‘ri, Islom Karimovni Amir Temurga muqoyasa qilish harakati uning hayotligi davrida ham kuzatilardi. Lekin bu tenglashtirish gap orasida qistirib o‘tilardi. Muhammad Ali kabi hali hech kim alohida maqola bag‘ishlab, bu kabi ochiq yozmagandi.

U Islom Karimovni Amir Temurga qiyoslash uchun yetarli asoslar borligini da'vo qilar ekan: «Amir Temur arslon yurakli, qo‘rqmas, yovqur edi, bu sifatni Islom Karimovga nisbatan ham ayta olamiz», deydi.

«Dovyurak» Karimov o‘z qarorgohida boradigan yo‘llarga tutash ko‘chalarni butunlay yoptirib tashlaganda, bir joyga borsa, xalq bilan ochiqchasiga tillashish o‘rniga alohida tanlangan kishilar bilan xo‘jako‘rsinga muloqotlar qilganda kimlardan cho‘chigani, Temurbekdek yovqurligi qaerda qolgani haqida, tabiiyki, bir og‘iz ham eslatilmaydi.

«Har ikkisi ham adolat mayog‘ini mahkam tutdi. Amir Temur «Kuch – adolatda!» degan shiorni ko‘tarib chiqqan bo‘lsa, Islom Karimov bu ulug‘ hikmat mazmunini ma'naviy jihatdan boyitib, «Kuch – bilim va tafakkurda!» deya unga yuksak baho berdi. Bejiz emas, har ikki buyuk siymo ham «Yurt adolatsiz tura olmaydi», degan so‘zlarni yaxshi ko‘rishar, hamisha unga amal qilishardi», deya davom etadi Muhammad Ali.

Islom Karimov adolati qanday ekanini bugun qamoqxonalarda begunoh yotgan balki minglab mahkumlar biladi. Xalqning bilim va tafakkuri yuksalib, kuch bo‘lishidan cho‘chibmi, o‘qituvchilari u yoqda tursin, hatto maktab o‘quvchilarigacha paxta dalasiga haydalgan, ta'lim sifati tobora pasayib borayotgan o‘zbek yurti biladi.

Muallif har ikki davlat rahbari ham bemisl bunyodkor bo‘lgani, ularning bu boradagi ishlari bugun «jahonni hayratga solib kelayotgani»ni ta'kidlaydi.

Sohibqiron borasida aytilgan bu gaplar to‘g‘ri. Ammo Islom Karimov qurdirgan birorta bino bugun jahonni hayratga solayotganini hali eshitganimiz yo‘q.

O‘zbek yozuvchilarining serkasi muvaqqat va aftidan bo‘lajak prezidentga paxta qo‘yishni ham esdan chiqarmaydi.

Bosh vazirning vatinchalik prezidentlikka tasdiqlanishi haqida fikr yuritar ekan, Muhammad Ali «har bir vatandoshimiz xalqimiz, davlatimiz taqdiri ishonchli qo‘llarda ekaniga ishonch hosil qilgani»ni ta'kidlaydi.

«Ha, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov boshlagan ishlar aslo to‘xtamaydi. Ulug‘ yo‘l davom etadi!» deya xulosa qiladi muallif.

Umuman, Muhammad Ali bu gaplari bilan Islom Karimovni Amir Temur darajasiga olib chiqishni ko‘zlaganmi yoki sohibqironni marhum prezident darajasiga tushirib qo‘yishni niyat qilganmi, maqoladan anglash mushkul.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
17 iyul 2024
«Vaqf» xayriya jamoat fondining xayriya ishlari bo‘yicha direktori Sardor Rahimxon (hujjatda Sanjar Rahimov) ehson ilinjida spektakl uyushtirgani xabar qilinmoqda. ...
15 sentyabr 2020
Shveytsariya va O‘zbekiston marhum prezidentining qizi Gulnora Karimovaning musodara qilingan aktivlarni rasmiy Toshkentga qaytarish to‘g‘risida bitim imzoladi. Xabarlarda aytilishicha, ...
11 dekabr 2024
O‘zbekiston antsemitizm chaqiriqlar va nafrat propgandasi jazosiz qoladigan platformaga qachon aylandi? Tamal savodi bo‘lmagan, Yevropa ilm dunyosida hech qachon ...
18 may 2020
Prezident Mirziyoev qizining eri, prezident xavfsizlik xizmati raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarovning tug‘ilgan kuniga atab o‘zbek shou-biznesi va sport ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...