Andijonda qorqiz kiyimini kiygan yigit kaltaklandi
Ijtimoiy tarmoqda qorqiz kiyimini kiygan erkakni haqoratlab so‘kib, kaltaklangani aks etgan video paydo bo‘ldi.
Shu bugun feysbukga qo‘yilgan, qo‘l telefoniga olingan bu videotasvirda so‘zlashuv normatividan yiroq gaplar bor va unda erkaklar tarafidan uyat so‘zlar, seksizm, zo‘rovonlik, gomofobiya unsurlari aks etgan.
Mashinasiga qarab ketayotgan qorbobo va qorqiz atrofida paydo bo‘lgan erkaklarning gap so‘zlaridan voqea Andijonda bo‘lganini bilish qiyin emas.
Kadrda bir gala erkaklar «qorbobo»ni o‘tkazib yuborib, «qorqiz»ni o‘rab olishadi va haqorat qila boshlashadi.
Uning yuziga mushtlashadi, tepishadi… «Qorqiz»ning sherigi uni himoya qilishga zaif harakat qiladi.
Erkaklarning «Sen ham buning sherigimisan!» degan dag‘dag‘asidan qo‘rqib nari ketadi.
Feysbukda qoldirilgan izohlardan, buning oddiy biznes ekani, O‘zbekistonda har yili yangi yil kirishi bilan qorbobo va qorqizga ehtiyoj borligini bilish mumkin.
Biroq, qorqiz roliga qizlar hamisha ham talabgor bo‘laverishmaydi, shu bois ko‘pincha bu rolni ham erkaklar o‘zlariga olishmoqda.
O‘tgan yili Xorazm viloyatida qorqizlar zo‘rlangani bois, bu yil o‘g‘il bolalar qorqiz rolini o‘ynagani kuzatildi.
Eltuz.com