Kundalik
1 avgust 2017

«O‘zbekiston 24»: Shakl o‘zgargan bilan, mohiyat o‘sha-o‘sha!

Iyul oyida O‘zbekiston televideniesi hayotida ro‘y bergan eng muhim hodisa, shubhasiz, «O‘zbekiston 24» telekanalining faoliyat boshlagani bo‘ldi. Garchi mamlakat televideniesi bu oyda o‘zining «tishi» borligini ko‘p o‘rinda namoyish eta olgan bo‘lsa-da, aynan yangi telekanal faoliyat boshlaganiga oid avvaldan bashorat qilingan ko‘plab salbiy fikr-mulohazalar, afsuski, o‘z tasdig‘ini topdi.

Avvalo, yaxshi o‘zgarishlar haqida. Iyul oyida O‘zbekistondagi bir qancha telekanallar xalq kutgan ancha-muncha muammolarga e'tibor qaratdi. «Munosabat», «Bu ham muhim», «Ochiq muloqot» kabi ko‘rsatuvlarning bir qancha sonlarida yaxshi gaplar aytildi, aholi ko‘nglidagi masalalarga e'tibor qaratildi, mavjud muammolar yuzasidan mutasaddilarning javoblariga keng o‘rin berildi.

Ayniqsa, «Bu ham muhim» ko‘rsatuvining oliy o‘quv yurtlariga qabul mavzusiga bag‘ishlangan sonni katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Mutasaddilarning ayrim muammolarni tan olib, yechimini topish harakatida bajarilayotgan ishlarni ko‘pirtirganiga qaramay, asl vaziyat qanday ekani to‘g‘risida dadil fikrlar ham aytilganiga guvoh bo‘ldik.

«Ochiq muloqot» ko‘rsatuvining har bir sonida esa Toshkent shahri tumanlarining rahbarlari xalq oldida hisobot berish majburiyatini bajarishga undalayotgani ko‘rinib turdi. Bu ko‘rsatuvda, asosan, kommunal xo‘jalik muammolari ko‘tarilayotgan bo‘lsa-da, mualliflar mavzuni kengroq qamrab olishga intilayotgani tomoshabinlarga manzur bo‘lmoqda.

Bu nimadan darak beradi? Yangi davlat rahbari kelishi ortidan mahalliy ommaviy axborot vositalari, jumladan, televidenieda ancha-muncha ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlana boshlagani bor gap. Shu paytgacha tabu hisoblangan korruptsiya, byurokratiya, ishsizlik, ommaviy ravishda xorijga ish izlab ketish holatlari tilga olinmoqda.

Garchi kamchiliklarini turli bahonalar, og‘iz ko‘pirtirishlar bilan xaspo‘shlashga urinayotgan bo‘lsa-da, OAV jamiyatda o‘z o‘rnini topish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri funktsiyalarini bajarish harakatiga tushib qolgan.

Ko‘pchilik Xalqaro press-klubning yig‘ilishlaridan olib berilayotgan reportajlarni qiziqib ko‘rmoqda. O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari haqida necha yillardan buyon sir bo‘lib kelayotgan ma'lumotlarning aynan shu reportajlardan birida oshkor etilishi bu kabi qiziqishlar bekorga emasligini ko‘rsatadi.

Lekin hali ham O‘zbekiston televideniesi juda ehtiyotkorlik, siyosiy hushyorlik tamoyillarini bayroq qilishdan charchamayapti.
O‘tgan oyda jamiyatni qiziqtirgan birinchi katta muammo, nazarimizda, kommunal xizmatlar narxining oshgani edi. Afsuski, O‘zTVda bu mavzuga bag‘ishlangan birorta tahliliy ko‘rsatuvni uchratmadik.

Oylik ko‘tarilmagan bo‘lsa, aholining daromadlari ko‘paygani haqida birorta ishonarli ma'lumot bo‘lmasa, unda nega kommunal xizmatlar narxi oshdi, degan savollarga javob kutgan aholi yana dog‘da qoldi.

Aholining bu xizmatlardan qarzdorlari nihoyatda ulkanligi, uni yig‘ish muammo bo‘layotganini tan olayotgan amaldorlar nega bila turib muammoni kattalashtirish yo‘lini tutgani sabablari haqida xalqqa tushuntirish berishni hech kim o‘ziga ep ko‘rmadi.

O‘zbekistonda go‘sht narxi oshgandan oshib borayotgani sir emas. O‘lganning ustiga tepgan qilib TVda bozorlarda go‘shtni 21000-24000 so‘mdan sotish yo‘lga qo‘yilgani haqida «xushxabar» chiqib qolganda tomoshabin bir so‘kinib olgan bo‘lsa ajab emas.

Shu lavhani ko‘rgandan keyin tanish qassoblar bilan gaplashdim. Qo‘y go‘shtini kushxonadan kilosini 27 mingdan olib, 30 mingdan sotayotgan ekan. Yolg‘on ekanini yanada oydinlashtirganimdan keyin boshqa tomoshabinlarga qo‘shilib so‘kkim keldi lavha mualliflarini.

To‘g‘ri, lavhada aytilgan narxdagi go‘sht bor bozorda. Lekin qo‘shib beradigan suyagi ham hisobga olinsa, narxi erkin bozordagi bilan tenglashadi. TV esa davlat rahbarining ko‘zini bo‘yash uchun haqiqatdan yiroq yolg‘onlar tarqatish bilan ovora.

Mamlakatimiz hayotidagi yana bir e'tiborli voqea sobiq malika Gulnora Karimovaning kirdikorlari haqida rasman tarqatilgan ma'lumotlar edi. Afsuski, bu mavzu ham «silab» o‘tildi.

Xalqning shuncha puli o‘marilishiga yo‘l qo‘yib berilganiga kim aybdor, nega bu ma'lumotlar endigina rasman oshkor etildi, buning sabablari nima kabi savollar ochiq qoldi. Go‘yoki buning xalqqa qizig‘i yo‘qdek.

Yana o‘sha osmondan qarashning, xalqni mensimaslikning, uning oldida hisobdorlik majburiyatining yo‘qligi bilindi. Davlat egalarining: «Buning sizlarga aloqasi yo‘q, ishlaringni qilinglar, siyosatga aralashmanglar», degan yozilmagan ko‘rsatmalari hali dolzarb ekani bilindi TVning «gung»ligidan.

Gapni «O‘zbekiston 24» telekanali efirga chiqayotgani bilan boshlagandik. Sobiq «axborot»chilaru boshqa haybarakallachilarga ishonib topshirilgan bu telekanal erkin matbuot oshuftalari talabiga javob bera olmasligini bashorat qilishgacha borgandik.

Afsuski, bu tanqidiy fikr-mulohazalar isbotini topa boshladi. Tanqidchilarning kutgani bo‘ldi, kutmagani emas. Kutgani hatto ortig‘i bilan amalga oshmoqda.

Gapni cho‘zib o‘tirmaylik, dangalini aytib qo‘ya qolaylik – maddohTVlar soni yanada bittaga ko‘paydi.

Faqat madh etiladigan sub'ekt o‘zgardi. Endigina ish boshlagan bu telekanal Shavkat Mirziyoevni Islom Karimovdan ham ulug‘ ilohga aylantirish yo‘lini tutayotgandek nazarimizda.

Chunki uning sha'niga madhiyabozlik shu darajada kuchayyaptiki, telekanal jurnalistlari xalq islohotchi, adolatli, xalq manfaati yo‘lida tinib-tinchimas deb ancha-muncha yuksak ishonch bildirayotgan yangi davlat rahbarini xuddi avvalgisi singari yo‘ldan urishga urinayotgandek taassurot uyg‘otmoqda.

Chunki har qanday maddohlik, laganbardorlik bunday illatlardan bezillab qolgan tomoshabinning bir amallab qaytgan ishonchini so‘ndirishga olib keladi, deb ishonamiz.

Informatsion-tahliliy deb ta'rif berilayotgan yangi telekanalning dastlabki bir haftalik ko‘rsatuvlari shunday xulosaga undaydi kishini.

Chunki shu kunlarda «O‘zbekiston 24» ulkan «Axborot»ga aylangan, o‘sha prezident tanqid qilgan, ko‘pchilik «jannatdan xabarlar» beradigan ko‘rsatuv sifatida biladigan «Axborot»ning davomchisi o‘laroq tanityapti o‘zini.

Faqat shakl-shamoyilda sal o‘zgarish bor, mazmun-mohiyat esa o‘sha-o‘sha!

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 may 2015
Bu baxslar NKVD- KGB propagandasi yaratgan zaharli zaminda o‘sgan mutant daraxtlar mevasi kabi tuyuldi menga. Mamlakatda na Chor mustamlakachilariga ...
16 oktyabr 2019
Qo‘shiqchi Jahongir Otajonovning ikki kun oldin olib qo‘yilgan ijodiy faoliyat uchun litsenziyasini «O‘zbekkontsert» 16 oktyabr kuni qaytarib berdi, lekin ...
4 may 2020
Sardoba to‘g‘oni o‘pirilishi yuzasidan tergovni Davlat xavfsizlik xizmati olib bormoqda. Fojeaning ehtimoliy aybdorlari ustidan Jinoyat kodeksining 207-moddasi 1-qismi (Mansabga ...
23 oktyabr 2017
O‘zbekiston parlamenti sputnik likobchalarini o‘zboshimcha o‘rnatishni taqiqlovchi qonun loyihasini taqdim qildi. Bu haqda 12 oktyabr kuni O‘zA agentligi xabar ...
Bloglar
10 avgust 2022
Taniqli siyosat arbobi va shoir Muxammad Solix bilan may oyida o‘tkazilgan bu suhbat bevosita Eltuz ...
20 iyul 2022
O‘zbek xalqi kimga, qaysi rejimga qaram bo‘lib kelgan ediki, endi u o‘zini ozod, erkin millat ...
20 iyun 2022
1990 yil 20 iyunda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan edi. Mamlakat ...