Odilboy qamoqdan chiqdi
Mirodil Jalolovning mahallasida yashaydigan jurnalistning aytishicha, Jalolov 4 yanvar kuni ertalab sud zalidan ozod etilgan va kechqurun Toshkent viloyatidagi dala hovlisiga ketgan.
Sud ajrimida bayon qilinishicha Jalolovning advokati Mirzaev iltimosnomasida «keltirilgan vajlarni o‘rganib chiqib, davlat ayblovchisi R. Raximovning tayinlagan ehtiyot choralarini o‘zgartirib» iltimosnomani qanoatlantirishni ma'qul topgan.
Jumladan sud hakami Sh. Inog‘omov chiqargan ajrimda «Sudlanuvchi Djalolov Mirodil Sabitovichga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi o‘zgartirilsin va unga nisbatan munosib xulq-atvorli bo‘lish haqida tilxat ehtiyot chorasi qo‘llanilsin» deyiladi.
Shuningdek, hujjatda u «darhol sud zalida qamoqdan ozod qilinsin.» deyilgan. Shov shuvli korruptsiya ishi Xalq orasida Odilboy nomi bilan mashhur bo‘lgan Jalolov 2010 yilning sentyabrida qamoqqa olinib 18 yilga hukm qilingan edi.
“Zeromaks” shirkatining O‘zbekistondagi faoliyati to‘xtatilgan va barcha hisob raqamlari muzlatilgandi.
Mirodil Jalolov qamalgan yili Talant Aleksanderov tahallusli shoir uning sha'niga atab she'r ham yozgan edi:
Xasti Imom masjidini qurganlarning,
Ishsiz xalqqa umid, najot berganlarning,
Gaz-olovga otash yugan urganlarning
Xizmatini unutdingmi, jon Vatanim?!
Mirodilni duo qilar shomu sahar,
Zangor olov yoqqan ovul, qishloq, shahar.
Ko‘zlarimdan ko‘z yosh emas, tomdi zahar,
Xizmatini unutdingmi, jon Vatanim?!
Prezident Karimovning to‘ng‘ichi Gulnoraga tegishli ekani aytiladigan, Shveytsariyada ro‘yxatga olingan “Zeromaks” shirkati O‘zbekistonda neft, gaz va oltin qazib olish, qishloq xo‘jaligi va tekstil sanoati bilan shug‘ullangan.
Eltuz.com