Shvetsiyada o‘ldirilgan o‘zbek jasadini vataniga qaytarishmoqchi
13 yanvar kuni kechga yaqin Stokgolmning janubida 35 yoshlardagi chimkentlik Shuhrat ismli o‘zbek muxojiri janjal ortidan pichoqlab o‘ldirildi.
Voqea Vesterxaning mavzeyididagi uyda sodir bo‘lgan.
Eltuz muxbiri voqea joyiga borib, qotillik tafsilotlarini mustaqil o‘rganishga harakat qildi.
Voqea qurbonini taniydigan, biroq o‘z ismini ochiqlashni istamagan shaxsga ko‘ra, o‘sha uyni ijaraga olgan o‘zbek yigiti va millati kavkazlik boshqa bir shaxs o‘rtasida janjal chiqqan va bu mushtlashuvga aylangan.
Oqibatda, kavkazlik ekani iddao qilingan shaxs, chimkentlik o‘zbekka pichoq sanchgan va voqea joyini tark etgan.
Janjal nimadan chiqqani hozircha noma'lum.
Mahalliy nashrlarning Stokgolm politsiyasidan iqtibos qilib bildirishicha, shu soatgacha qotil ushlanmagan.
Marhumning qo‘shnilari, o‘sha kuni mavze politsiya tomonidan o‘rab olingani, osmonda vertoletlar paydo bo‘lganini gapirishadi.
Qo‘shnilar shuningdek, kvartirada yashagan o‘zbeklar ba'zan musiqani baland qo‘yib, shovqin qilishlarini aytmasa, mavzeda bu kabi jinoyat ilgari bo‘lmaganini bildirishadi.
Biroq, marxumning tanishlari, qochgani iddao qilingan muxtamal qotilning hujjatlarini politsiyaga topshirishganini aytishmoqda.
Ma'lum bo‘lishicha, Shvetsiyada marhumning qarindoshlari yo‘q. Shuningdek, uning iqomat huquqi haqida ham Eltuz batafsil ma'lumotga ega emas.
BMT ma'lumotlariga ko‘ra, Shvetsiya qotillik jinoyati eng kam yuz beradigan mamlakatlarning biridir.
Ayni paytda, marhumning do‘stlari jasadni olish va uni vataniga jo‘natish harakatini boshlashgan.
Video: https://youtu.be/7yndTvrWb6Q
Qudrat Bobojon
videoreportaji
Eltuz.com