Asosiy mavzular
13 aprel 2021

Muhammad Solih rahmatli sobiq muftiyning saylovdagi tutumiga oydinlik kiritdi

Taniqli publitsist va davlat arbobi, Sharof Rashidov va Islom Karimov davrida hukumat lavozimlarida ishlagan Sharof Ubaydullaev “Ozodlik” radiosiga intervyusida “1991 yilgi saylovda Islom Karimov emas, balki Muhammad Solih yutib chiqqani”ni ochiqladi. 

Bu ochiqlama hukumat mulozimidan chiqqani uchun ham muhim bayonot va tarix uchun qimmatli bilgi sifatida qaraldi. Asnoda Karimovni kimlar qo‘llagani ham o‘rtaga chiqdi. 

Saylovdan oldin Karimov Namanganda islomiy kuchlarni tamsil qilgan Tohir Yo‘ldosh bilan uchrashgani aks etgan video mavjud. Undan Tohir Yo‘ldosh doxil mullalarning Muhammad Solihni emas, balki Islom Karimovni qo‘llagani anglashiladi. 

O‘sha davrni xotirlaganlar muftiy Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning ham vodiyda masjidma-masjid yurib, Islom Karimovga ovoz bering, deb targ‘ibot qilganini eslashdi. 

Hatto SSSR muftiysi bo‘lgan Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning 1991 yil mart oyidagi referendumda va undan oldin SSSR xalq deputaligiga saylanish uchun olib borgan saylovoldi targ‘ibotida mustaqillik emas, balki SSSR tarafdori bo‘lgani eslandi.

Mazkur voqealar qisman “Eltuz” saytida yoritildi va “Erk” partiyasining ko‘plab a'zolari tilidan hikoya qilindi. Bu esa O‘zbekiston jamiyatida shaxsi o‘ta shishirilgan sobiq sovet mullasi Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf shaxsiyatiga shak keltirish, deb baholandi. 

“Eltuz”ning Iroda ismli o‘quvchisi bu holatlar keltirib chiqargan savollarni jamlab, ovozli maktub o‘laroq yubordi.

“Assalomu alaykum va Raxmatulloxu barakatux hayrli kun. Eltuz men sizning yani, muholif siyosatchilarning janrlaridagi muholif siyosatchilar yozgan maqolalarni va fikrlarni, o‘qib, tinglab boraman hamda, o‘zimizni o‘sha davlat siyosatchilarni va siyosatdan habari bor insonlarni yozgan maqolalarini fikrlarni ham birdek tinglab boraman. Chunki men holis bo‘lishni va holis fikrlarni o‘zim uchun chiqarib olishni istayman. Sizning janringizda o‘sha Muhammad Solihga tarofdorlik bor va bu hozirda davlat siyosatchilarni fikrlarida esa, hozirgi amaldagi hukumatga tarofdorlik sezilib turadi va men u har ikkalasini o‘rtasidan o‘zim uchun eng to‘g‘ri haqiqatlarni ajratib olishga intilaman, harakat qilaman. Va Siz aytgan savodsizlikdan siyosiy bilimsizlikdan qochishga intilib kelyapman har doim. Menda bir savol tug‘ilib qoldi mana, siz aytasiz men o‘sha haqiqatni oydinlashtirib olishim uchun sizga bir savol bermoqchiman. Siz aytgansiz o‘sha Muhammad Solih saylovda yutgan va lekin O‘sha Karimov birinchi Prezident, uni ovozlarini sohtalashtirib o‘zi uchun ko‘p ovozlar qilgan degansiz. Lekin mana biz, diniy liderlarimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (Raxmatullox) va boshqa o‘sha din peshvolari u, Muhammad Solihga ovoz berishmagan. Va Buni uchun sizlar uni yomon ko‘rasiz hamda o‘sha hukumatga sotilgan va shu kabi, ayblarni unga qo‘yasiz Erk partiyasi lideri Erk partiyasi a'zolari hullas, Shayximiz (Raxmaxullox)ni yomon ko‘rasizlar lekin, Muhammad Solih va Islom Karimov o‘z nomzodlarini qo‘yishganda, o‘sha Shayximiz (Raxmaxulloh) ularga aytishgan, “Siz keling ikkingiz va biz din ahillariga musulmonlar uchun nimalar qilib bera olasiz?” Degan savolni berishgan va biz shu borada suhbat qilmoqchimiz deyishgan. Hamda bunga Muhammad Solihni ham Islom Karimovni ham chaqirishgan. Lekin bunga Muhammad Solih kelmagan va Islom Karimov kelgan u o‘sha masjidlar ochib beraman hayitlarni bayram qilib nishonlaymiz deb ularga aytgan. Muhammad Solihni ular taklif qilishgan lekin u kelmagan, Va shuning uchun ham u Shayximiz, bu Muhammad Solihga ovoz bermaganlar Shayximizni orqalaridan boshqa din peshvolari ham ularga ovoz berishmagan. Endi holis bo‘lib ayting nimaga sizlar u kishini yomon ko‘rasiz? Hozir mana Muhammad Solihni ham aybi borligi bilindi. Shayximiz siyosatga iqtidorga intilishmagan. Lekin o‘sha iqtidorni musulmonlarga yaratib beradigan sharoitlarni, hisobga olib ovoz berishgan”.
Iroda. 2020 yil.Aprel
(Maktub muallifi imlosi va orfografiyasi aynan saqlandi)

“Eltuz” ovozli maktubni “Erk” demokratik partiyasi lideri Muhammad Solihga yubordi. Javob kuttirmadi, balki ko‘plab savollarga oydinlik kiritdi.

BIR SAVOLGA JAVOB

Muhammad Solih voqea yuzasidan ko‘p tafsilotlarni ochiqladi: 

– Bir qizimizning din olimi rahmatli Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf haqidagi savollarining kaminaga oid qismiga muxtasar shaklda javob berishga harakat qilaman.  

Avvalo, aytishim kerak, Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf bilan shaxsan tanish bo‘lganman. Juda yaqin do‘st bo‘lmasak-da, doim bir-birini hurmat qilgan ikkita musulmon birodar martabasida bo‘lganmiz. 

Shaxsan men hech qachon bu kishi haqda hech bir yerda uning obro‘siga putur yetkazadigan na yozma, na-da og‘zaki gap aytmaganman.

Shunga qaramay, bu qizimiz “Erk”chilarning rahmatli muftiyga nisbatan salbiy munosabatda ekanini iddao etibdi va rahmatlining nega Karimov tarafini olganini bitta voqea bilan isbotlashga urinibdi. 

Qizimizning aytishicha, muftiy prezident saylovi oldidan saylovda qatnashayotgan Islom Karimov va Muhammad Solihni “Prezidentlikka saylansangiz, musulmonlar uchun nima qilasizlar”, deb so‘rash uchun yoniga chaqiribdi. 

Muhammad Solih bormabdi. Qarimov esa rahmatli muftiy savoliga “Sizlarga masjidlar qurib beramiz”, deb javob beribdi. Shuning uchun ham u o‘sha saylovda Karimov tarafdori bo‘lgan ekan. 

Bu qizimizga shuni aytishim kerakki, bu g‘irt yolg‘on xabar. 

Birinchidan, muftiy davlat boshlig‘ini hech qaerga chaqira olmaydi. Hatto muxolifat liderini ham biror joyga chaqirish salohiyati yo‘q edi.

Faqat hamma bilgan bir haqiqat bor. 1991 yil dekabr oyida o‘tgan prezident saylovida muftiy Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf saylov komissiyasining faol a'zosi edi. Saylovda biz g‘alaba qildik. Ammo Karimov hiyla va soxtakorlik bilan saylov komissiyasiga katta tazyiq o‘tkazib, g‘alabani o‘ziga yozdirdi.

Rahmatli muftiy bu haqsizlikning bevosita guvohi bo‘ldi. Karimov mazkur jinoyatini yopish uchun rahmatlining obro‘sidan maksimum foydalandi. Buni komissiya a'zolari shaxsan e'tirof etdilar. 

Muftiy janoblari komissiyada Karimov foydasiga tashviqotda asosiy rolni o‘ynadi. Buni O‘zbekistonning o‘sha paytdagi butun siyosiy elitasi, bugungi prezident Mirziyoev ham biladi.

Men buni bir musulmon o‘laroq Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning yuziga solmadim, uning islom dini targ‘ibotchisi sifatida ateizm botqog‘iga botgan xalqimizni qutqarish yo‘lida olib borayotgan ishlari haqqi bu qilgan xatosini doim xaspo‘shladim.

Ha, rahmatli bilan siyosiy qarashlarimiz farqli edi, ammo hech qachon bu farqlilik unga bo‘lgan insoniy va diniy munosabatimga rahna solmadi. 

1994 yil Turkiyada ekan, rahmatli muftiy Islom Karimovga xizmat qilishga uni nima majbur qilganini yuzma-yuz e'tirof etdi. Men undan zarracha xafa bo‘lmadim va uning saylovda tutgan pozitsiyasini sokin qabul qildim. 

Ha, 1994 yil Muhammad Sodiq ham biz kabi Karimov tarafidan tazyiqqa uchrab, O‘zbekistondan chiqib ketishga majbur bo‘ldi. U ham biz kabi ukasi Madamin bilan Istanbulga keldi. Hatto ukasi Madamin Mamayusupov bir yilga yaqin Istanbulda “erk”chilarga ajratilgan binoda, biz bilan birga istiqomat qildi.

Muhammad Sodiqning o‘sha yillari yozgan maktublaridan bittasini uning qo‘lyozmasidan o‘qib beraman: 

“Hurmatli Muhammad Solih, assalomu alaykum!

Menga iqomang yo‘q, ish joying yo‘q, bankda puling yo‘q deb viza berishmadi. Borsak, o‘sha yerda batafsil gaplashib olarmiz, degan edim. Ba'zi fikrlarni qisqacha bayon etaman.

1. O‘sha joyda muxolifatning birlashgan jabhasini tuzish kerak. “Erk”, “Birlik”, “Yosh demokratlar”, “To‘maris” va boshqalarni aytib, nomni ko‘paytirish kerak. Konfederatsiya shaklida bo‘lsa, betarafroq odamni koordinator yoki bosh kotib qilinsa. Muhimi, birgalikda ish ko‘rilayotganini bildirish kerak. “Adolat” haqida o‘ylash kerak. 

2. “Adolat” partiyasining rahbari Sh. Mirsaidov. Ruslar qilibdi. Menga ham xabarni Sh.M. nomidan salom bilan olib kelishdi. Xabarchi hukumat odamlari Sh.M.ni tabriklab kelganlarini ko‘ribdi. Raisdosh I.Bo‘rievning prezidentlikka nomzod tayyorlayapmiz, deb aytganini o‘zim eshitdim.

3. Nasihatlar jonga tekkandir. Ammo hech kim bilan urishmaslik kerak. Do‘stni ko‘paytirish, dushmanni ozaytirish kerak… Agar xohlasangiz, gaplashaman… Hech bo‘lmasa, yomonlikdan saqlanish kerak.

4. Oxirgi paytda “Erk”dan bir narsa chiqmayapti. Namoz bilan maqolalar tayyorlanmoqda, ammo odamni ko‘paytirish kerak. “Erk” matbuot markazini tiklash kerak.

5. Hukumat nima qilib bo‘lsa ham muhojirlarni qaytarishga harakat qilmoqda. Menga yana odam yuborishdi. Sh.Mirsaidov ham odam yuborib, “Sizni nima qilib bo‘lsa ham qaytarishmoqchi, iltimos, kelmay tursangiz”, debdi. Bunga ham qarshi choralar ko‘rish kerak. Ular hammani qaytarib olib kelib ushlashni reja qiladilar. 

5. Ichkarida hozir kirilmasa ham zarur bo‘lganda ishlaydigan guruhlar tuzish kerak. Menga aytilgan gap ham shu.

6. Tez-tez “Erk”ning plenumi bo‘ldi, kengaytirilgan kengashi bo‘ldi, masalalar ko‘rib chiqildi, qaror qabul qilindi” kabi gaplar chiqarib turish kerak. Katta ta'sir qiladi. 

7. O‘zingiz siyosiy boshpana olsangiz yaxshi bo‘larmidi…

Hamma gaplar maslahat. Fikrlar bo‘lsa, almashilar. Asosiy maslahat uchun ham shular kerak. 

M.S.”

Xato har kimda bo‘ladi. Bir qizimizning bizni isnod ostida qo‘yadigan savoli bo‘lmaganda edi, o‘tmishda qolgan bu voqealarni jonlantirishga ham ehtiyoj qolmasdi. Nima bo‘lganda ham, dinu diyonat uchun samimiy ixlos bilan xizmat qilgan barcha musulmon birodarlarimizga, jumladan, Muhammad Sodiq Muhammad Yusufga ham Allohdan rahmat tilaymiz. 

Muhammad Solih,

2021 yil, Istanbul

Tag‘in o‘qing
17 aprel 2019
Rassom Kirpi Eltuz.com
2 oktyabr 2019
“Yozarning sasi” ruknida “Eltuz” nashri marhum shoir Rauf Parfining o‘z do‘sti Muhammad Solihga bag‘ishlagan kitobidan o‘qigan she'riy turkumni muxlislar ...
3 iyun 2016
30 may kuni yozuvchi Mamadali Mahmudovning uyiga uning ruhsatisiz, devor oshib tushgan shaxslarning bosimi adibning keksaygan 75 yoshida ayni ...
9 iyun 2020
“Uzauto Motors”ning Asakadagi zavodida avtobuslar garajida navbatchi mexanik bo‘lib ishlagan, ikki o‘g‘ilning otasi, 53 yoshli Ahrorbek Sayfiddinov ko‘richakning zo‘rayishi ...
Bloglar
10 may 2021
«Eltuz» kanalida o‘zining “Nyu-Yorkdan nazar” videoblogini yuritayotgan 70 yoshli qishloq xo‘jaligi mutaxassisi Ismoil Ospanov klasterlar ...
6 may 2021
1881 yilning 6 mayida Mixail Skobelev boshchiligidagi rus kolonizatorlari Xiva xonligiga qarashli Axaltaka viloyatini okkupatsiya ...
29 aprel 2021
Feminizm deya og‘izlaringning ikki chetida tupuk yaltirab tirjayasizlar, o‘zlaringcha iyaklaringni ko‘tarib kinoya qilasizlar, go‘yo bizning ...