Asosiy mavzular
16 fevral 2017

Mirziyoevga shikoyat qilgan tadbirkor qamoqqa olindi

15 fevral kuni Shavkat Mirziyoevga videoshikoyat bilan murojaat qilgan toshkentlik tadbirkor Olim Sulaymonov qamoqqa olindi.

14 fevral kuni Sulaymonovga kelgan sudning so‘nggi chaqiruv qog‘ozi

Toshkent viloyatining Qibray tumanida yashovchi tadbirkor Olim Sulaymonov 2016 yilning noyabrida Shavkat Mirziyoevga bir guruh amaldorlar ustidan videoshikoyatini ijtimoiy tarmoqqa qo‘ygan edi.

Sulaymonovning advokati Amriddin Abdullaev Eltuz muxbiriga, uning hozir Toshkent shahar Mirobod tumani ichki ishlar bo‘limida saqlanayotganini bildirdi.

«Unga Jinoyat kodeksidagi «Tovlamachilik» (168-modda), «tuhmat qilish» (139-modda) ayblarini qo‘yishmoqchi», – deydi u.

Ovoza bo‘lgan videoshikoyat

O‘tgan yilning 10 oktyabrida tadbirkor, Yunusobod tuman Soliq va valyuta jinoyatlariga qarshi kurash bo‘limi xodimlarini ta'magirligi yuzasidan Mirziyoevga videomurojaatini e'lon qildi.

Sulaymonovning O‘zTV orqali chiqishi

Bunda u ayni departament mulozimi Dilshod Hazratqulovning o‘tgan yilning 30 aprelidan unga bosim o‘tkazib kelayotgani haqida bildirdi.

Jumladan o‘z shikoyatida tadbirkor uning uch kishi bo‘lib uyiga kelib: “Hisobingizda pul bor ekan – 48 million yakka tartibdagi firmaga o‘tkazib berasiz. Bo‘lmasa, ikkita firmangizni tintuv qilamiz, jarima solamiz, ishlashga bermaymiz!” deya shantaj qilganini aytadi.

«203 million hisobga to‘lab berdik. Ammo har xil qog‘ozlarga qo‘l qo‘ydirib, “Respublika prokuraturasi, prezident apparatida ham odamlarim bor”, deb hisob raqamlarimni berkitib qo‘ydi. Mana 6 oydan beri berkitgan bo‘lsa, jami 1,5 milliard davlatimizga zarar yetkazyapti. Biz dodimizni kimga aytaylik? Qayoqqa boraylik?” degan edi Qibraylik tadbirkor Olim Sulaymonov o‘z videomurojaatida.

«Olam guliston» yoki ishni bosti-bosti qilish

Shundan so‘ng tadbirkor, shikoyati yuzasidan qayta surishtiruv boshlangani, unga nohaq qo‘yilgan ko‘p million so‘mlik jarima bekor bo‘lgani va 6 oydan buyon to‘xtab yotgan firmalari qayta ishga tushib, bankdagi xisob raqamlari ochil

Olim Sulaymonov Mirziyoevdan marhamat kutgan edi

gani haqida matbuotga bildirdi.

Ishlari oldinga yura boshlagan tadbirkor «O‘zbekiston» milliy telekanalidagi tadbirkorlar muammolariga bag‘ishlangan ochiq suhbatga xam taklif etildi.

Ko‘rsatuvda qatnashgan prokuratura xodimi, uning ishiga aloqador barcha noqonuniy jihatlar ko‘rib chiqilishini aytdi.

Bir qaraganda, xammasi ijobiy xal bo‘layotgandek edi.

Ammo, tadbirkor Olim Sulaymonovning asosiy e'tirozi javobsiz qoldi.

U o‘z shikoyatida ta'magirlikda ayblagan Soliq departamenti xodimi Dilshod Hazratqulovga nisbatan chora ko‘rilmadi.

«Meni asossiz qamashmoqchi!»

Qamoqqa olinishidan bir kun oldin o‘z qismatidan jiddiy havotir bildirdi.

«Yoritib boringlar, iltimos! Meni asossiz qamashmoqchi!», deya yozdi 14 fevral kuni Olim Sulaymonov Telegram tarmog‘i orqali Eltuzga yozgan xatida.

Sulaymonovning xatiga ko‘ra, unga qarshi til biriktirganlar orasida o‘zining advokati Amriddin Abdullaev ham bor.

“Ular sud boshlanmasdan, xammasi menga qarshi bo‘lishib, meni kecha qamashmoqchi edi. Amerikalik kuzatuvchilar (O‘zbekistondagi AQSh elchixonasi vakillari – Eltuz izohi) ochiq sudda ishtirok etamiz deb birga kelishgan edi. Ular shundan qo‘rqishdi va sud 15 fevralga qoldirildi deyishdi. Va men o‘z vaqtida sudga kelganimga qaramay, Siz sudga kelmadingiz deyishdi! Ehtiyot chorasini o‘zgartirib, majburiy tarzda sudga keltirish xaqida qaror chiqarishibdi. Meni asossiz qamashmoqchi!” deya yozdi u Eltuzga so‘nggi xatida.

Bundan bir kun oldin, 13 fevral kuni tadbirkor Eltuz bilan suhbatida aksincha, uning ishi jurnalistlar munosabati tufayli ortga ketganidan tashvish bildirgan edi.

“Mening ishim bilan bog‘liq voqealarga xorijiy ommaviy ahborot vositalarining va poytahtdagi xorijiy vakolotxonalarning qiziqishi ortgani amaldorlarni vahimaga soldi. Ular ishimni qayta ko‘rishni ortga sura boshladilar” degan edi o‘shanda tadbirkor Olim Sulaymonov.

Tadbirkorning ko‘ngilsiz tahminlari to‘g‘ri chiqdi.

15 fevral kuni Eltuzning Toshkentdagi hamkorlari Olim Sulaymonovning qamoqqa olingani xaqida xabar berishdi.

Tadbirkorning himoyachisi: «Ayb Olim Sulaymonovning o‘zida!»

O‘zining davlat raxbariga qarata videomurojaati, hamda matbuotdagi dadil chiqishlari bilan tanilib qolgan tadbirkorning hibsga olinishi, ko‘pchilikda savollar uyg‘otdi.

Odamlar nazdida, prezidentning diqqat e'tiboriga tushgan bir tadbirkor bu xolga tushishi kerak emasdi.

“Ayb Olim Sulaymonovning o‘zida! U o‘zining ishiga xorijlik kuzatuvchilar va jurnalistlarning diqqatini tortib xato qildi” dedi tadbirkorning advokati Amriddin Abdullaev.

Advokatga ko‘ra, tadbirkor xorijiy OAVlariga intervyular bermasligi, Toshkentdagi chet el vakolatxonalari vakillari bilan yaqin aloqa o‘rnatmasligi lozim edi.

“Olim Sulaymonov, horijiy jurnalistlarga bo‘lmag‘ur narsalarni gapirib tashlagani uchun shunday bo‘ldi. Unga nisbatan “Tuhmat qilish” moddasini qo‘llamoqchi bo‘lishayotganining sababi xam shu”, – dedi advokat Amriddin Abdullaev.

Rustam chiqdi – Olim kirdi

Toshkentlik tadbirkor Olim Sulaymonovning hibsga olinishi, mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk xususiy bankni ochgan tadbirkor Rustam Usmonovning qamoqdan chiqqan paytiga to‘g‘ri keldi.

“Rustam chiqdi, Olim kirdi. Nima o‘zgardi?» – dedi ushbu voqeaga o‘z munosabatini bildirgan Farg‘onalik yosh tadbirkor Akmaljon Eltuz bilan suhbatda.

Uning fikricha, Shavkat Mirziyoevning «2017 yilni Halq bilan muloqot yili” deb e'lon qilishi ham bir ko‘zbo‘yamachilik.

«Singan bitta Olim Sulaymonov emas. Masalan Andijonlik “Magnit” korxonasi raxbarini oling. Shavkat Mirziyoevga murojaat qilib, bor yo‘g‘idan ajradi. Yoki Jizzaxlik tadbirkor Alijon Kamolovni taqdirini ko‘ring. U xam virtual qabulxonaga yozaverdi, yozaverdi. Mana xozir 2 yillik shartli jazo bilan uy qamog‘ida o‘tiribdi. Demak, raxbarlar xalq bilan muloqot qilmoqchi emas! Muloqot yili tugadi!”

Rustam Usmonov ham aynan davlat mulozimlari orasida avj olgan korruptsiya tufayli bor yo‘g‘idan mosuvo bo‘lgan edi.

Bundan 19 yil muqaddam uning biznesi yakson qilindi va o‘zi uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Turmada so‘nggi qo‘ng‘iroqqacha o‘tirdi.

19 yil qamoqxonada umr kechirgan taniqli tadbirkor Rustam Usmonov salkam 70 yoshida ozodlikka chiqar ekan, uning qamoqxonadagi o‘rni bo‘sh qolmadi.

13 fevral kuni ozodlikka chiqqan bir tadbirkor o‘rnini 15 fevral kuni boshqa bir tadbirkor – Olim Sulaymonov egalladi.

Eltuz tahririyati, tadbirkor Olim Sulaymonov ishini kuzatib boradi.

Ulug‘bek Ashurov
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 may 2019
Rossiyaning siyosiy malaylari ishtirokida tashkil etilgan tashabbusga O‘zbekistondagi siyosiy hukumat biror siyosiy baho berayotgani yo‘q. “Ozodlik”ning yozishicha, rus tiliga ...
21 yanvar 2020
O‘zbekiston so‘nggi yillarda tobora ko‘proq oltin sotmoqda. Shunga qaramay, mamlakatning tashqi savdo aylamasida salbiy saldo hajmi oshib boryapti.  Masalan, ...
29 noyabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 14-qismi yosh shoirlarga tavsiyalariga bag‘ishlanadi.
18 fevral 2021
Liberal Rossiyaning katta qismini birlashtirishga muvaffaq bo‘lgan shaxs, Putinga muxolifat timsoli sifatida namoyon bo‘lgan Aleksey Navalniyning obro‘si aksariyat qismi ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...