Asosiy mavzular
6 may 2019

G‘ayrimilliy tashabbusga rasmiy munosabat qachon e'lon qilinadi?

Rossiyaning siyosiy malaylari ishtirokida tashkil etilgan tashabbusga O‘zbekistondagi siyosiy hukumat biror siyosiy baho berayotgani yo‘q.

“Ozodlik”ning yozishicha, rus tiliga rasmiy til maqomini berish tashabbusi “Rossotrudnichestvo” federal agentligi moliyaviy ko‘magi asosida faoliyat yuritadigan Toshkentdagi rus madaniyat markazining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanada muhokama qilingan.

Demak, taxmin qilish mumkinki, Rossiya hukumati o‘zbekistonlik “rus tili jonkuyarlari” orqali prezident Shavkat Mirziyoevning qo‘liga lakmus qog‘ozi tutqazishgan. Aslida bu uning uchun bir sinov vazifasini o‘tashi kerak nazarimizda.

Chunki prezident ochiqchasiga bu tashabbusni rad etsa, Rossiyaga qarshi borishdek taassurot uyg‘otishi mumkin. Uni qo‘llab-quvvatlash esa o‘z xalqiga ma'qul kelmaydi va uning obro‘siga jiddiy ziyon yetkazadi.

Balki shuning uchundir prezident mazkur tashabbus borasida o‘z fikrini bildirishi uchun bir qancha imkoniyat bo‘lsa-da, hech qanday bayonot bermayotir. Jumladan, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan Toshkentdagi uchrashuv va Surxondaryoga safar ana shunday imkoniyatlar edi.

Buning ustiga, O‘zbekiston prezidentining matbuot kotibi ham yo‘q uning fikrlarini ommaga yetkazadigan. Endi prezidentning matbuot kotibi yo‘qligi alohida masala.

Lekin siyosiy masalalarda hushyorlik ko‘rsatayotgan Shavkat Mirziyoev lakmus qog‘ozini ignor qilishni ma'qul ko‘rayotganga o‘xshayapti.

O‘rislarning “Yupiterga ruxsat etilgan narsaga buqa uchun ijozat yo‘q”, deb qo‘polroq tarjima qilsa bo‘ladigan maqoli bor.

Shavkat Mirziyoev o‘risparastlarning jamiyatimizda bo‘ron ko‘targan tashabbusiga sukut bilan javob qaytarayotgan bir paytda Vladimir Putin o‘zining ukrainaliklarga soddalashtirilgan fuqarolik berish qarori yuzasidan tinimsiz bayonotlar berishdan charchamadi. Imkon topilgan yerda shu haqda gapirdi.

Xullas, anglashildiki, rus tiliga rasmiy maqom berish tashabbusi siyosiy masaladir. Shunday ekan, Tashqi ishlar vazirligimiz bayonot bilan chiqishi kerak edi.

Garchi “O‘zbekiston24” telekanaliga intervyu berayotganda o‘zbekcha gapirib, qolgan barcha uchrashuvlarda o‘rischa nutq irod qiladigan tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovdan o‘zbek tilini himoya qilib bayonot berishini kutish mantiqsiz.

Bu yoqda o‘tgan haftada mamlakat Senati qop-qop qonunlar qabul qilish uchun yig‘ildi. Lekin ziyonkor “ziyoli”larimizning tomdan tarasha bo‘lib tushgan tashabbusiga Senat birorta maxsus bayonot bag‘ishlashni lozim topmadi.

Ko‘z tegmasin, garchi hukumat og‘ziga mum tishlab o‘tirgan bo‘lsa-da, ayrim vazirlar o‘zlarining bu boradagi shaxsiy fikrlarini bayon etishmoqda. Yo‘qdan ko‘ra bu ham ijobiy holatdir.

Eng asosiysi, o‘zbek jamiyatining mutlaq katta qismi o‘risparast vatandoshlarimizning sharmandali tashabbusiga qarshi oyoqqa turdi.

Lekin agar hukumatning rasmiy munosabati bo‘lmas ekan, hali bu qarshilik yetarlicha siyosiy qudratga erisha olmaydi.

Qolaversa, jamiyatimiz anchayin og‘machi. Agar, xudo ko‘rsatmasin, yuqoridan ishora bo‘lsa, bu qudrat o‘risparastlarning foydasiga o‘zgarishi ham hech gap emas.

Shuning uchun bugun o‘zbek jamiyati g‘ayrimilliy tashabbus yuzasidan eng yuqori doiralarning munosabati qandayligini bilishga haqli.

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 fevral 2022
Bir guruh faollar 21 fevral kuni O‘zbekistonning sobiq prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova korruptsion yo‘llar bilan o‘margan pullarning ...
23 oktyabr 2024
Noto‘g‘ri ishlayotgan bank tizimi, qo‘shni uyga ziyon yetkazayotgan imorat va urib qolinayotgan gaz ballon. Nihoyat Eltuz portaliga kelayotgan shikoyat maktublarini o‘qish navbati etib keldi. Murojaatlar O‘zbekistonning Surxondaryo, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlaridan ...
13 fevral 2019
Hukumat tili bilan tadbirkorlik rivoji uchun turli imtiyozlar va yengilliklar berilayotganini ovoza qilayotgan bir paytda qo‘li bilan ishbilarmonlarning bo‘g‘zidan ...
23 dekabr 2016
O‘zbekistondagi internet saytlari shu vaqtgacha tilga olinmagan muammolarni yoritib, yozma nashrlarga qaraganda ancha «dovyuraklashib» borayotgandek taassurot qoldirmoqda. Xususan, Kun.uz ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...