Sayramlikning «oshkora qotillik qissasi»
Qozog‘istonning Sayram tumanida yashovchi 34 yoshli Xayrulla Normetov «o‘ris diniga kirib ketgani uchun» xotinining qorniga pichoq tiqqanini iddao qilib, tarmoqqa video qo‘ydi.
13 noyabr kuni Vatsap orqali tarqalgan videoda Normetov qassoblik pichog‘ini ko‘rsatib, «Mana shuni oxirigacha tiqib oldim», deydi.
«Ko‘pdan beri qilaman degan bir ishim bor edi, qilaman deb Allohga qasam ichgan edim. Qasamimning ustidan chiqdim, deb o‘ylayapman, Inshaolloh. O‘zimning ayolim o‘risning diniga kirib ketibdi. Qaytmadi. «Qo‘lingdan nima keladi?» dedi, «Poshyol!» dedi oxiri.
Qo‘limdan keldi. Mana shuni oxirigacha tiqib oldim. O‘lsa o‘lgandir, men gunoh qildim, biroq Allohga shirk keltirganim yo‘q. Duo qilib qo‘yinglar, Inshaolloh», deydi u tarmoqda tarqalgan videoda.
Hamqishloqdoshlaridan biri «Eltuz»ga bu yigitni taniganini aytdi.
«Ha. Sayramlik bola. Xotinini pichoqlab qochvorgan, deyishyapti», dedi u.
Biroq ayni paytda uning xotini tirik yoki o‘lgani haqida «Eltuz»da rasmiy ma'lumot yo‘q.
Buni aniqlash uchun «Eltuz» muxbiri Qozog‘istonning Sayram tumani IIBga qo‘ng‘iroq qildi.
Telefonni ko‘targan navbatchi ayol bu haqda eshitmagani, bo‘limga kelib ariza berish kerakligini bildirdi.
«Eltuz» tahririyati horijda joylashganini eshitgach, boshqa telefonga qo‘ng‘iroq qilishimiz lozimligini aytdi. Lekin bu telefon raqami hozircha javob bergani yo‘q.
Eltuz.com