Asosiy mavzular
25 dekabr 2017

Qudratimizga shubha qilsangiz…

Prezidentning parlamentga murojaatini tahlil qilganda, u shu vaqtgacha saroy ichi va atrofida kechgan hokimiyat o‘yinlari haqida to‘liqroq tasavvurga ega bo‘lishimizga xizmat qiladigan dalillar taqdim etganini ko‘rishimiz mumkin.

Bu ma'lumotlar saroy va uning atrofidagi keskin ichki qarama-qarshiliklar haqida nisbatan kengroq mulohaza yuritish imkonini beradi.

Xususan, davlat rahbari sobiq ichki ishlar vaziri Adham Ahmedboevning xiyonatga ayblanishini MXX raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomov taqdiri bilan bog‘lash imkoniyati paydo bo‘ldi.

Esingizda bo‘lsa, prezident Sh.G‘ulomovni buyruqlarga bo‘ysunmaganlikda ayblab, generallik rutbasidan mahrum etgani, o‘zini turmaga tiqqani haqida xabarlar chiqqan edi.

Bu ikki amaldorning hokimiyatdan chetlatilishi deyarli bir vaqtga to‘g‘ri kelgandi.

A.Ahmedboevning xiyonati haqida e'lon qilingandan keyin endigina ish boshlagan davlat rahbariga qarshi butun guruh harakat qilgan, sobiq ichki ishlar vaziri va MXX raisi o‘rinbosari taqdirlarida o‘zaro bog‘liqlik bor, degan xulosa qilish mumkin bo‘ladi.

Shu asnoda MXXning o‘zini isloh qilish, uning vakolatlari haddan tashqari kengayib ketgani haqida gapirilganini esa bu fikrning isboti o‘laroq keltirish asosli ko‘rinadi.

Sh.Mirziyoevning gaplaridan bosh vazirning sobiq birinchi o‘rinbosari Rustam Azimovning Islom Karimov davrida hokimiyatda tutgan haqiqiy mavqei oydinlashadi.

Ta'kidlash kerakki, Sh.Mirziyoev bosh vazirlik vaqtida o‘zining o‘rinbosari R.Azimov bilan qanday keskin qarama-qarshiliklarni boshdan kechirganiga ishora berdi.

Shu bilan birga, R.Azimovning nomini aytmasdan, uning faoliyatiga baho berar ekan, 13 yillik bosh vazirligi davrida nega bugun olg‘a surayotgan tashabbuslarini o‘sha vaqtdayoq amalga oshirishga kirishmagani to‘g‘risidagi so‘nggi vaqtda ko‘p tilga olinayotgan savolga javob bergandek bo‘ldi.

O‘z boshiga ishora qilib: «Bu savil nimalarni ko‘rmagan?! Men hali hammasini aytayotganim yo‘q», dedi prezident va hali aytiladigan gaplar ko‘pligini qo‘shimcha qildi.

Sh.Mirziyoevning so‘zlari ustamon Islom Karimov uni bosh vazirlikda faqat Rustam Azimov va guruhining mavqei kuchayib ketishining oldini olish maqsadida ushlab turganiga ishora o‘laroq ko‘rinmoqda.

Ya'ni Karimov ulardan kuchlar muvozanatini saqlab turish maqsadida foydalangan va kerak paytda bosh vazirning o‘z o‘rinbosari tomonidan ma'naviy tahqirlanishiga yo‘l qo‘yib bergan, degan mulohaza kelib chiqmoqda.

Prezidentning MXX haqida aytgan gaplari esa uning hali ham bu tashkilotni to‘liq jilovlashga erishmagani, mazkur sohada boshlamoqchi bo‘lgan islohotlari yo‘nalishi davlat ichidagi davlatga aylangan xavfsizlik xizmatini tushovlashga qaratilishidan dalolat beradi.

Umuman, parlamentga murojaat turli kuchlar tomonidan har qanday baholanmasin, u Sh.Mirziyoev endigina hokimiyat tepasiga kelganida aytgan «ko‘priklar yonib ketdi, endi bizga ortga yo‘l yo‘q», degan gaplarining amaliy in'ikosi o‘laroq yangradi.

Mazkur murojaatdan ilhomlangan Deutsche Welle jurnalistlarining «Mirziyoev zalga prezident sifatida kirib keldi, undan esa millat yetakchisi sifatida chiqdi», degan gaplarida jon bor.

Eng e'tiborlisi, parlamentga ushbu murojaat Shavkat Mirziyoev davlat rahbari sifatida taxtda anchagina mustahkam o‘rnashganidan, o‘z hokimiyatiga ishonchi ortib, uning nufuziga rahna soladigan har qanday kuchga qarshi turish qudratini his qilayotganidan darakdir.

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
26 mart 2016
«Diyonat» gazetasi tabiatga oqilona munosabatda bo‘lish mavzuidagi maqolasida O‘zbekiston «Qizil kitobi»ga kiritilgan baliqlarga qiron keltirganlarning jinoyati fosh etilgani to‘g‘risida ...
25 oktyabr 2024
Aziz va mukarram, qadrli va mehribon, ko‘zi qora, qoshi qora yurtdoshlarim mana xapta aylanib siz bilan yuzma yuz, betma ...
14 fevral 2022
Bu hikoya Qoraqalpog‘istondagi turkman qishlog‘ida tug‘ilgan jamoatchilik faoli va bloger Jumasafar Dadaboev haqida. 2016 yilda, hali u jamoatchilik faoliyati ...
19 dekabr 2022
(Nullum crimen, nulla poena sine lege) Davlatning kuch ishlatar tizimlari qarshisida shaxsning qadr qadr-qimmatini muhofaza qilishning eng muhim vositasi ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...