Sudya guvoh Kenja Musanovning yolg‘onini fosh qildi
Jurnalist Bobomurod Abdullaev va yana uch nafar shaxs ustidan Toshkent shahri sudida 2 aprel kungi mahkamada, asosan, Hayotxon Nasriddinov va guvoh Kenja Musanov ko‘rsatmasi tinglandi.
Sudni kuzatayotgan jurnalist Malohat Eshonqulovaning «Eltuz»ga bildirishicha, sudya Zafar Nurmatov Kenja Musanovning yolg‘on guvohligini fosh qilgan.
Cudda guvohlik bergan Kenja Musanovning tergov vaqtida bergan ko‘rsatmasi bilan sud zalida aytgan ko‘rsatmasi bir-biriga zid kelgan.
Tergovdagi ko‘rsatmasida u jurnalist Bobomurod Abdullaevni oldin ko‘rmaganini, faqat 2013 yil dekabrda Hayotxon Nasretdinovning uyida ilk bor ko‘rganini aytgan edi.
Sudda esa tergovdagi ko‘rsatmasini tasdiqlashini ayta turib, bir vaqtning o‘zida buni inkor ham etgan.
Bobomurod Abdullaev bilan ilgari ham gaplashib yurganini bildirgan.
Bobomurod Abdullaev Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tgan yilning 27 sentyabrida o‘g‘irlab ketilgan.
Oradan uch kun o‘tib, uning MXX (DXX) tomonidan «hokimiyatni ag‘darishga urinishda ayblanayotgani» ma'lum bo‘lgan edi.
Mahkama 4 aprel kuni davom etadi. «Eltuz» nashri sud tafsilotlarini kuzatadi.
Eltuz.com