Catira
31 avgust 2016

O‘zbekistonni Rustam Inoyatov boshqarmoqdami?

1995 yilning 26 iyunidan beri O‘zbekiston MXX raisi lavozimini egallab kelayotgan 72 yashar Rustam Inoyatov Karimov o‘rtadan ketishi bilan mamlakatni to‘lig‘icha o‘z nazoratiga olgani iddao qilinmoqda.

Joriy yilning 27 avgustigacha, ya'ni Karimovning miyasiga qon quyulguniga qadar, O‘zbekistonning so‘nggi 25 yili davomidagi mutlaq rahbari Islom Karimovgagina bo‘ysunib kelgan MXX idorasi va uning raisi qo‘lida asosiy boshqaruv richagi qolgani havotirlarga sabab bo‘lmoqda.

Toshkent aymog‘ining temir qo‘li

“Eltuz” suhbatlashgan O‘zbekistondagi mulozimlardan biri “MXXning Karimov nazoratisiz qolishi istalmagan salbiy oqibatlarga” eltishidan qo‘rqishini aytdi.

Shu o‘rinda MXX raisi Rustam Inoyatov shaxsiga to‘xtalsak.

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati ichidagi yashirin guruh vakili ekani taxmin qilingan “siyosatshunos Usmon Haqnazarov” Rustam Inoyatovning 1995 yil yozida “kontora” tepasiga kelishini “Toshkent aymog‘ining hukumatdagi temir qo‘li Temur Alimov (hozirda marhum) ta'minlaganligini yozgan edi.

Hozirga kelib, Rustam Inoyatov nafaqat KGB/MXX, balki mustaqil O‘zbekiston hokimiyat tizimlari tarixida o‘z kursisida eng uzoq o‘tirgan amaldor bo‘lib qolmoqda.

Yakkahokimlik uchun qurilgan idora

1991 yilning 26 sentyabri, O‘zbekiston Respublikasi o‘z mustaqilligini e'lon qilganidan 27 kun o‘tib, Islom Karimov “O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati tashkil qilish to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekar ekan O‘zbekiston Oliy Kengashining 11- chaqiriq navbatdan tashqari 7-sessiyasida Toshkent shahar Kuybishev tuman Xalq deputatlari kengashi raisi Shuhrat Nusratovning e'tiroziga sabab bo‘lgan edi:

«Hurmatli deputatlar! O‘zbekiston Oliy Sovetining navbatdan tashqari 7- sessiyasi kun tartibiga qo‘shimcha masalalar muhokamasini kiritishni taklif etaman.

Birinchisi – O‘zbekiston prezidentining 1991 yil 26 sentyabr kungi “O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati tashkil qilish to‘g‘risida” gi farmoni, xususan bu xizmatni Oliy kengashni chetlab o‘tib, shaxsan prezidentga bo‘ysundirish haqidagi qismini xalqqa qarshi, demokratiyaga qarshi, konstitutsiyaga qarshi, diktaturaga eltuvchi farmon sifatida bekor qilish. Bu farmonnning ikkinchi moddasini o‘qib beraman: “O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati tashkil etilsin va uning faoliyati prezidentga bo‘ysundirilsin”. Bunaqa qoida dunyoning biror demokratik davlatida yo‘q, hatto dunyoning biror totalitar va biror diktator mamlakatida ham xavfsizlik xizmati rasman, qog‘ozda bitta odamga bo‘ysundirilgan emas!

O‘rtoqlar, bu farmon bilan mamlakatning razvedka, kontrrazvedka idoralari barcha texnik asoslari va barcha eski ishlari bilan birga oliy xalq vakillik idorasi nazoratidan chiqarilib, faqat bir odam qo‘liga topshirilmoqda! Bu aql bovar qilmas ish! Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, o‘rtoqlar! Bunga yo‘l qo‘ysak, bizni 37-yillar taqdiri kutmoqda, buning uzoq muddatli oqibatlarini bugun hatto bashorat qilish ham mumkin emas. Ayniqsa, prezidentimizning boshvoqsiz tabiatini inobatga olsak, buning oqibatlarini tasavvur qilish ham qiyin!”

Shuhrat Nusratovning bu ogohlantirishidan 25 yil o‘tib MXX O‘zbekistonni o‘z ko‘lankada sheriksiz boshqarish bosqichiga o‘tgani vaziyat realligiga aylandi.

Tarkibi Mudofaa qurolli kuchlarinikidan ham ko‘proq

27 avgustdan keyingi vaziyatda MXX prezident nazoratidan holi ravishda avtonom ishlab turibdi.

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatida qancha odam ishlashi haqida hech qanday ma'lumot yo‘q.

Norasmiy manbalarga ko‘ra, bugun MXXning amaldagi ofitserlar tarkibi kamida 100 ming kishidan iborat, bu raqamga iste'fo va zahiradagi ofitserlar, bugun O‘zbekistonning har bir ko‘cha va mahallasida ishlayotgan josuslar tarmog‘i kirmaydi.

Postsovet davlatlaridagi maxfiy xizmatlar tahlili bilan shug‘ullanadigan Rossiyadagi Agentura.ru agentligining yozishicha, 2004 yilga kelib O‘zbekiston MXXsi tarkibi 1991 yilgiga nisbatan 26 baravarga oshgan va qurolli kuchlari va xizmatchilari soni jihatdan Mudofaa vazirligidan o‘zib, Ichki ishlar qo‘shinlaridan keyin ikkinchi o‘ringa chiqqan.

Rassom Kirpi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 avgust 2020
19 avgust kuni Turkiyaning Antaliya shahrida asli gurjistonlik “vor v zakone” Nodir Salifov otib ketildi. «Eltuz»ga yetib kelgan ma'lumotga ...
4 noyabr 2015
Qudrat Bobojon Eltuz.com Abdulaziz Karimning yangi “G‘arib og‘och” ashulasini tinglarkan qandaydir kayfiyat meni hech tark etmadi, na qo‘lim ishga ...
20 noyabr 2020
Assalom alaykum, Eltuz! Biz Buxoro viloyati Shofirkon tumanidan murojaat qilyapmiz. Havo harorati tushishi bilan quvurlardan kelayotgan gaz bosimi keskin pasayib ketdi. ...
9 aprel 2021
Bundan 9 kun oldin muttasil kaltaklash ortidan molxonada osilgan holda topilgan homilador kelin Muxlisa Qadamboeva mavzusi 9 aprel kuni ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...