Kesak ko‘targan qamaldi, ko‘tartirgan hokim bo‘ldi
Hokimlik mulozimlari va fermerlarga kesak ushlatib, suvli ariqqa tushirib, mashina oldida yugurtirib sazoyi qilgan amaldor Zoyir Mirzaev ishdan olingach, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimi lavozimiga tayinlandi.
Ammo sazoyi qilinganlarning biri 26 oktyabrdan buyon qamoqda qolmoqda.
4 noyabr kuni «Ozodlik» radiosi muxbiri Sadriddin Ashurovning xabar berishicha, 26 oktyabr kuni kesak ko‘tartirilgan 6 kishining biri – tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Qosim Bozorboev hibsga olingan va tergovga tortilgan.
Toshkent viloyatining Bekobod va Oqqo‘rg‘on tumanlarida ro‘y bergan voqea – shaxslarning omma oldida sazoyi qilinishi fakti shu paytgacha na hukumat, na sobiq amaldor tomonidan rasman izohlanmadi.
Ijtimoiy tarmoqda rasmlari tarqalgach, shu kuni g‘allani sug‘ormagani uchun suvga bo‘ktirilganlarning ikkitasi «ariqqa o‘zlari» tushganlarini bildirishgan va bosh vazir o‘rinbosarining aybini inkor etishga urinishdi.
Prezident Mirziyoev majburiy mehnat mavzuiga oid yig‘ilish yakunlariga ko‘ra chiqargan 29 oktyabr kungi farmoyishi bilan bosh vazir o‘rinbosari Zoyir Mirzaevni g‘alla ekish va sug‘orish ishlarini tashkil etish jarayonida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun ishdan olgan edi.
Rassom Tuz
Eltuz.com