Asosiy mavzular
1 mart 2019

RTdan va'z: Mehmon kutish odati haqida

Assalomu alaykum. Bugungi va'zni qo‘shiq bilan boshlasam.

Mard yigit mehmonga ko‘ksini ochib
nomardni mehmondan qochishin go‘ring…

Bu qo‘shiq matnini 18-asrda Qoraqum cho‘llarida yashagan shoir Mahtumquli yozgan. O‘sha paytda har 400 kilometrda bitta o‘tov bo‘lgani bois, mehmonni uyga kiritmasangiz, cho‘lda bo‘riyu shoqolga yem bo‘lishi tayin edi. Mehmonxona degan narsayam yo‘q edi. Odamlarning A nuqtadan B nuqtaga shunchaki borishga vaqtiyam yo‘q edi. Endi 21-asrga, ya'ni bugungi kunga qaytsak.

Uyda o‘tiribsiz. Oldindan belgilagan rejalaringiz bor. Bu rejada mehmon kutish yo‘q. Ammo kimdir eshik taqillatib keladi. Uzoqroq qarindosh (sizga yo xotinga). Ëki tanish. Butun rejadagi ishlarni to‘xtatib, uni mehmon qilishga kirishasiz.

Ba'zan bu holat tabiiy ofatni eslatadi (sovutgich bo‘sh). Hamma to‘rt tomonga yugurib, kutilmagan mehmon dasturxoni uchun yegulik keltirishga evakuatsiya qilinadi. Mehmon ham o‘tiribdi imtihon oluvchi domla nazari bilan dasturxonga qarab. O‘tirasiz va mehmonning kelish sababi nimaligini bilmaysiz. U kishi o‘tirib Putinni maqtaydi.

Qimmatchilikni qarg‘ab, «Ittifoq paytida anaqa edi, bunaqa edi», deb aljiraydi. Keyin sizning qiyofangizdagi savol nazarini ko‘rib maqolu matal aytadi – «diydor g‘animat». «Bir xabar olay shu ukamdan dedim-da».

Suyuqdan keyin quyuq. Undan keyin qovun-tarvuz. Banan-kivi. Oxirida choy bilan tortni yegan mehmon ketay demaydi.

Siz ehtimoliy falokatni rejaga kirita boshlaysiz (deylik siz 3 xonali uyda yashaysiz). Mabodo bu odam uyda yotib qoladigan bo‘lsa, kim qaerda uxlaydi va hokazo. Birdan mehmon muddaoga o‘tadi.

1-variant: Biznes qilayotgan edim, dastmoyasiga 1000 dollar qarz bering, qaytarmasan onam xotinim bo‘lsin.

2-variant: Sizning nomingizga kredit olsam (mashina, uy va hokazo uchun).

3-variant: Kreditni o‘zim olaman, siz kafil bo‘ling (boshqa variantlar bo‘lsa yozinglar).

Siz bir amallab rad etasiz. U to‘ng‘illab, ketish tadorigini ko‘radi. Taksi chaqirasiz yoki qo‘shni olib borib tashlab keladi bu chaqirilmagan mehmonni.

Ba'zan mehmon shunchaki parazit maqsad bilan kelgan bo‘ladi. Yeydi, ichadi, kekiradi, o‘siradi. Bemaza, siyqa gaplarni aytadi. Uzoq qarindosh bo‘lgani bois haqim bor, deb o‘ylaydi. Siz ham tishni tishga qo‘yib chidaysiz.

Bu mehmondorchilik ortidan millat uchun biror foydali narsa hosil bo‘lmaydi.

Vaqt, resurs ketadi. Uydagi bolalarning rejimi, tinchi buziladi.
Mehmon kutish va mehmonga borish bizni ortga tortadurg‘on illatlardan biri.

«Mehmon otangdan ulug‘» qabilidagi maqollarni chiqindixonaga tashlab yuboringlar.

Bu gapni rassomning tuzi, aqlning ko‘zi, deb bilavering.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
4 oktyabr 2017
4 oktyabr kuni tushdan keyin 67 yoshli mahkum jurnalist Solijon Abdurahmonov Qarshidagi Shayxali qamoqxonasidan ozod etildi. Foto: Huquq faoli ...
12 iyul 2016
Pensionerlarning pensiya puli ularning roziligi olinmasdan 100 foiz plastik kartochkaga o‘tkazib qo‘yilganligi keksalarga qiyinchilik tug‘dirmoqda. Ular zarur ehtiyojlarini qondirish ...
27 yanvar 2022
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 39-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.) Masalan, chayonning insonga ...
5 yanvar 2017
Biz 2016 yil davomida o‘zbek matbuotini imkon qadar kuzatib borishga harakat qildik. Mazkur kuzatishlarimiz asosida matbuotimizning o‘tgan yilgi faoliyatini ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...