Asosiy mavzular
1 mart 2019

RTdan va'z: Mehmon kutish odati haqida

Assalomu alaykum. Bugungi va'zni qo‘shiq bilan boshlasam.

Mard yigit mehmonga ko‘ksini ochib
nomardni mehmondan qochishin go‘ring…

Bu qo‘shiq matnini 18-asrda Qoraqum cho‘llarida yashagan shoir Mahtumquli yozgan. O‘sha paytda har 400 kilometrda bitta o‘tov bo‘lgani bois, mehmonni uyga kiritmasangiz, cho‘lda bo‘riyu shoqolga yem bo‘lishi tayin edi. Mehmonxona degan narsayam yo‘q edi. Odamlarning A nuqtadan B nuqtaga shunchaki borishga vaqtiyam yo‘q edi. Endi 21-asrga, ya'ni bugungi kunga qaytsak.

Uyda o‘tiribsiz. Oldindan belgilagan rejalaringiz bor. Bu rejada mehmon kutish yo‘q. Ammo kimdir eshik taqillatib keladi. Uzoqroq qarindosh (sizga yo xotinga). Ëki tanish. Butun rejadagi ishlarni to‘xtatib, uni mehmon qilishga kirishasiz.

Ba'zan bu holat tabiiy ofatni eslatadi (sovutgich bo‘sh). Hamma to‘rt tomonga yugurib, kutilmagan mehmon dasturxoni uchun yegulik keltirishga evakuatsiya qilinadi. Mehmon ham o‘tiribdi imtihon oluvchi domla nazari bilan dasturxonga qarab. O‘tirasiz va mehmonning kelish sababi nimaligini bilmaysiz. U kishi o‘tirib Putinni maqtaydi.

Qimmatchilikni qarg‘ab, «Ittifoq paytida anaqa edi, bunaqa edi», deb aljiraydi. Keyin sizning qiyofangizdagi savol nazarini ko‘rib maqolu matal aytadi – «diydor g‘animat». «Bir xabar olay shu ukamdan dedim-da».

Suyuqdan keyin quyuq. Undan keyin qovun-tarvuz. Banan-kivi. Oxirida choy bilan tortni yegan mehmon ketay demaydi.

Siz ehtimoliy falokatni rejaga kirita boshlaysiz (deylik siz 3 xonali uyda yashaysiz). Mabodo bu odam uyda yotib qoladigan bo‘lsa, kim qaerda uxlaydi va hokazo. Birdan mehmon muddaoga o‘tadi.

1-variant: Biznes qilayotgan edim, dastmoyasiga 1000 dollar qarz bering, qaytarmasan onam xotinim bo‘lsin.

2-variant: Sizning nomingizga kredit olsam (mashina, uy va hokazo uchun).

3-variant: Kreditni o‘zim olaman, siz kafil bo‘ling (boshqa variantlar bo‘lsa yozinglar).

Siz bir amallab rad etasiz. U to‘ng‘illab, ketish tadorigini ko‘radi. Taksi chaqirasiz yoki qo‘shni olib borib tashlab keladi bu chaqirilmagan mehmonni.

Ba'zan mehmon shunchaki parazit maqsad bilan kelgan bo‘ladi. Yeydi, ichadi, kekiradi, o‘siradi. Bemaza, siyqa gaplarni aytadi. Uzoq qarindosh bo‘lgani bois haqim bor, deb o‘ylaydi. Siz ham tishni tishga qo‘yib chidaysiz.

Bu mehmondorchilik ortidan millat uchun biror foydali narsa hosil bo‘lmaydi.

Vaqt, resurs ketadi. Uydagi bolalarning rejimi, tinchi buziladi.
Mehmon kutish va mehmonga borish bizni ortga tortadurg‘on illatlardan biri.

«Mehmon otangdan ulug‘» qabilidagi maqollarni chiqindixonaga tashlab yuboringlar.

Bu gapni rassomning tuzi, aqlning ko‘zi, deb bilavering.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 dekabr 2021
«Eltuz» nashri 30 noyabr kuni “Maktabgacha ta'lim vazirligining bolalarga xos bo‘lmagan o‘yinlari” sarlavhasi ostida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video va ...
25 iyun 2025
2017–2019 yillarda Adliya vaziri o‘rinbosari, 2021–2024 yillarda esa Buxoro viloyati prokurori bo‘lib ishlagan Mahmud Istamov yana hukumatdagi yuqori lavozimga ...
23 sentyabr 2020
Iqtisod fanlari doktori, professor Xidirnazar Allaqulov uch oy oldin yangi partiya tuzish payiga tushgandan buyon unga ko‘rinmas kuchlar tomonidan ...
7 sentyabr 2017
Futbol murabbiysi Samvel Babayan, jahon chempionatiga chiqish vazifasini uddalay olmagani ortidan iste'foga ketdi. O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Samvel Babayan milliy ...
Bloglar
14 iyul 2025
Rassom og‘a doim bolasini o‘ris bog‘cha va maktabga berganlarni qoralaydi. Bu fikrga to‘liq qo‘shilaman. Doim ...
18 iyun 2025
«O‘zbekcha fikrlash»ni musorga otvormasak dunyoga razil bo‘lishda davom etamiz.Nima o‘zi «O‘zbekcha fikrlash»?Masalan O‘zbekiston qonunida «jins ...
16 iyun 2025
Teatr zamon yuziga ko‘zgu tutishi kerak. Lekin o‘zbek teatri buni eplay olmayapti. Drama yozadigan birorta ...