Asosiy mavzular
13 mart 2019

Achchiq qalampirning achishtiradigan qilmishi

O‘zbekiston prezidentining mamlakatda katta hajmda achchiq qalampir yetishtirib, keyin uni xorijga eksport qilish orzusi birinchi yildanoq sarobga aylanishiga sabab bo‘lgan ayrim firmalarga nisbatan qonuniy jazo choralari ko‘rilmoqda.

Bu haqda ma'lum qilgan Bosh prokuraturadagi manbaning bildirishicha, Qoraqalpog‘istonda achchiq qalampir yetishtirish bilan bog‘liq talon-tarojliklar “chuqur o‘rganilmoqda”.

O‘zbekistonda achchiq qalampir ekish Vazirlar Mahkamasining “Respublikada xorij tajribasi asosida achchiq qalampir yetishtirishni ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  qarori asosida boshlangan edi.

Mazkur qaror asosida 2018 yilda respublika bo‘yicha jami 17117 gektar maydon, shu jumladan, tomorqa yer uchastkalarida qalampir ekilib, undan jami 207 015 tonna hosil olish rejalashtirilgan edi.

Ammo hali tashqi bozorlar o‘rganilmasdan, muayyan bir tizim yaratilmasdan boshlangan bu ish ko‘pchilikni kasod qildi.

Achchiq qalampir bilan bog‘liq mashmashalar xorijiy matbuotda ham, mahalliy matbuotda ham ko‘p bora tilga olindi.

Bu shov-shuvlar ortidan tegishli huquq-tartibot idoralari achchiq qalampir yetishtirish bilan bog‘liq mojarolarni o‘rgana boshlagandi.

Bosh prokuraturadagi manbaning “Eltuz”ga bildirishicha, Qoraqalpog‘istonda birgina firmaning fermerlar va ko‘chat yetkazib beruvchilarga yetkazgan zarari milliardlar bilan o‘lchanadi.

Masalan, bu firma 430 dan ortiq fermer xo‘jaligiga qiymati 3 mlrd so‘mlikdan ko‘proq ko‘chatlar yetkazib bermagan va bu mablag‘larni egalariga ham qaytarmagan.

Buning oqibatida mazkur fermer xo‘jaliklarining tijorat banklari oldidagi kredit qarzdorligi 31 mlrd so‘mdan oshib ketgan.

“Bu firma xo‘jayinlari To‘rtko‘l, Beruniy, Ellikqal'a va Amudaryo tumanlarida tomorqa yer egalarini ham juda katta pulga chuv tushirgan. Masalan, yuzlab tomorqachilar bilan ko‘chat yetishtirib berish yuzasidan shartnoma tuzib, ularga yetkazib berilgan ko‘chat uchun jami 2 mlrd so‘mdan ortiq pulni to‘lamagan”, deydi prokuraturadagi manba.

Uning yana aytishicha, bu hali birgina firma bo‘yicha va faqat bitta hududdagi qonunbuzarliklarga oid ma'lumotlar. Mamlakatning boshqa viloyatlarida ham shunga o‘xshash qonunbuzarliklar ko‘plab sodir etilgan.

O‘tgan yili eng ko‘p qalampir yetishtirish Qoraqalpog‘iston chekiga tushgan edi. Xususan, bu yerda 15 ming gektar maydon shu ekin uchun ajratilgandi.

Prezident 2017 yil dekabrda Orolbo‘yida bo‘lganida achchiq qalampirni “yuqori daromadli va tez pishib yetiladigan” o‘simlik sifatida maqtagan va bu ekin ekiladigan maydonlarni kengaytirish haqida shaxsan topshiriq bergan edi.

Prezidentning bu safarini yoritgan mahalliy matbuot esa hali yo‘q “tovuqning tuxumini sanash”ga tushib ketgandi.

“1 gektar maydondan 16 tonna hosil yetishtirilsa, 3,2 tonna quritilgan achchiq qalampir olinadi. Uning 1 tonnasining narxi dunyo bozorida 8 ming 640 dollar atrofida baholanadi”, deb yozgandi, masalan, gazeta.uz.

Mana shunday va'dalarga ishonib, orzulari bir olam bo‘lgan ko‘plab odamlar achchiq qalampirning achishtiradigan ta'sirini o‘z tanasida his qilmoqda.

Ammo hali mamlakatdagi huquq-tartibot idoralari achchiq qalampir biznesi ortidan boyigan olg‘ir kompaniyayu firmalardan jabr ko‘rgan fermer va tomorqachilarga qancha zararini undirib bergani haqida ma'lumotlar yo‘q.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 oktyabr 2023
Dunyoda eng qimmat narsa – bu odamga bo‘lgan ishonch krediti. Bankdan qarz olmoqchi bo‘lsangiz sizni tekshirib taftish qilishadi, muammoli ...
27 yanvar 2023
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 26 yanvar kuni rafiqasi bilan birga davlat tashrifi yuzasidan Bishkek shahriga keldi. Qayd etilishicha, ikki ...
3 mart 2016
Bugun trendga tahorat olish uchun jamoatchilik xojatxonalariga qo‘yilgan obdastalarning musodara qilinayotgani haqida xabarlar chiqdi. Rassom Elsevar o‘zbek hukumatining bozorlardagi ...
25 avgust 2020
Diktator uchun transformer taxt. Rassom Tuz
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...