Asosiy mavzular
12 avgust 2019

Ishsiz qolgan prokurorlar “eski to‘da a'zolari”ni prezidentga qarshi “ataylab sabotaj” uyushtirayotganlikda aybladi

“Eltuz” orqali prezident Shavkat Mirziyoevga ochiq murojaat bilan chiqqan “bir guruh ishsiz qilgan va ishlayotgan prokuratura xodimlari” hozir ham prokuratura idoralarida yuqori lavozimlarni egallab kelayotgan “eski to‘da a'zolari”ni prezidentni sabotaj qilayotganlikda ayblab chiqdi.

Besh sahifadan iborat ushbu maktub egalari prezidentga ishonishlari va “bir kun adolatni yo‘lga qo‘yasiz degan umid bilan“ murojaat qilayotganliklarini qayd etganlar.

“Muhtaram prezident, ushbu murojaatni tayyorlashga Sizning xalqqa va davlat rahbarlariga qilgan deyarli barcha murojatlaringizda ADOLATNI yo‘lga qo‘yishni talab qilib kelayotganingiz sabab bo‘ldi. Biz Sizga ishonamizki, bir kun adolatni yo‘lga qo‘yasiz degan umid bilan yashab kelmoqdamiz”.

Ular prokuraturadagi ba'zi xodimlarni hozirda qamoqda bo‘lgan sobiq prokurorlar Otabek Murodov va Ixtiyor Abdullaevning prezidentga qarshi olib borgan siyosatini hamon “zimdan” qo‘llab-quvvatlayotganlikda ayblaganlar.

Ochiq murojaat bilan chiqqanlar “sabotajchilar”ni “ikki sobiq bosh prokurorning gumashtalari”, deya ataydi.

Ularning iddao qilishicha, Ixtiyor Abdullaev va Otabek Murodov davrida yuqori lavozimlarni qo‘lga kiritgan “sabotajchilar”ning ba'zilari “hozir ham o‘z lavozimlarini saqlab qolishmoqda.”

“Ixtiyor Abdullaev kelgan kunidan boshlab, prokuratura idoralarini asosiy vazifalari ikkinchi o‘ringa surib qo‘yib, ahmoqona islohotlar qilishga kirishdi. O‘zi va ukasi Otabek Abdullaevni, shuningdek, boshqa tanish-bilishlarini, yaqin odamlarini bosh prokuratura va prokuraturaning quyi tarmoqlarida rahbarlik lavozimlariga tayinladi. Bu insonlarning (Muhammadjonov Shobek, Mirsafaev Jahongir, Abdullaev Yorqin va boshqalar) shaxsiy jildini o‘rganadigan bo‘lsak, birortasida na tajriba va na boshqa fazilatlari borligi oydinlashadi”, deb yozadi ochiq maktub mualliflari.

Maktubda, shuningdek, aynan Ixtiyor Abdullaev va Otabek Murodovning jinoyatlari ortidan prokuraturaning “professional va halol” mutaxassislari ishsiz qolganiga urg‘u berilgan.

“Tabiiyki, o‘z qilmishlari bilan bu to‘da sizning g‘azabingizga uchradi, Siz bizning idoramizdan umuman norozi bo‘lishingizga sababchi bo‘lishdi. Ammo natijada bir mingdan ziyod prokuratura xodimi bir kunda ishsiz bo‘lib qoldik,” deya yozg‘iradi mualliflar.

“Nega endi bir to‘da sadoqatsiz va poraxo‘r insonlar qilgan xatti-harakatlari uchun biz oddiy xodimlar azob chekishimiz lozim?” – deya prezidentga murojaat qiladi ular.

Ular Otabek Murodovni prezident nomidan “uning obro‘yiga futur yetkazadigan, unga bo‘lgan xalq ishonchini susaytirishga qaratilgan xatti-harakatlarni” amalga oshirganlik ayblaganlar.

“Bunga bir misol keltiramiz: shuncha odam ish bilan ta'minlanishni kutib turgan bir paytda, poraxo‘rligi bilan nom chiqargan Jasur Oxunovni Toshkent shahar maxsus prokurori lavozimiga tayinladi. Vaholanki, Jasur Oxunov o‘z vaqtida, Sizning televidenieda qilgan chiqishingizdan keyin, Toshkent shahar prokurorining o‘rinbosari Mirag‘lam Mirzaev bilan bir kunda ishdan olinib, prokuratura idoralaridan salbiy xarakteristika bilan haydalgan edi”.

Ularning da'vo qilishicha, Jasur Oxunov Toshkent shahri prokuraturasining tergov boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab yurgan vaqtida “Otabek Bahriddinovichning ko‘plab kirdikorlarini berkitib yurganini prokuraturada ishlaydigan oddiy xodim ham yaxshi biladi”.

“Jasur Oxunov Bosh prokuraturaning Kadrlar boshqarmasida boshliq lavozimida ishlab kelgan vaqtida Rashitjon Qodirovning eng yaqin insoni edi. Qanchadan qancha xodimlarga tuhmat va ig‘volar qilib, ishdan haydatdi,” – deya yozadi murojaat mualliflari. – “Buni qanday izohlash mumkin? Bu lavozimga halol va mehnatkash xodimlar yo‘q deb uylashdimi bular? Bunday xodimlar juda ko‘pligini aniq bilamiz”.

Jasur Oxunov, murojaat egalarining iddao qilishicha, hozirda “o‘zining ustozi Rashitjon Qodirov va uning sheriklarini qamoqxonadagi sharoitlarini yaxshilab, tezroq ularning qamoqdan ozod etilishiga harakat qilayapti”.

“Jasur Oxunov bo‘sh turgan lavozimga tayinlansa ham mayliydi. Ayni vazifada bir necha yillar davomida halol xizmat kilib kelayotgan, minglab yuristlarni tayyorlagan professor Mirshohid Miraxmedovning o‘g‘li Mirmuhammad Mirahmedovni Toshkent shahar Uchtepa tumani prokurori lavozimiga o‘tkazishdi. Mirmuhammad Mirahmedov bu yerda atigi bir hafta oldin ish boshlaganiga qaramasdan, o‘ta ketgan adolatsizlikni nomoyish etgan holda, bu vazifadan ham nohaq bo‘shatib yuborildi,” deya eslaydi murojaat mualliflari.

Ularning da'vo qilishicha, Mirmuhammad Mirahmedovning ishdan bo‘shatilishini Otabek Murodov ochiqchasiga ”Prezidentimizning topshirig‘i” deya taqdim etgan.

Ochiq maktub egalari, shuningdek, “agar zarur bo‘lsa, yana ko‘plab aniq faktlar taqdim etish”ga tayyorliklarini bildirganlar.

Otabek Murodov shu yilning 20 iyun kuni prezident farmoni bilan bosh prokurorlikdan olinishi ortidan tizimdagi o‘nlab yuqori lavozimli mulozim va yuzlab mutaxassislar vazifalaridan bo‘shatildi.

«Eltuz» gaplashgan huquq tizimi rasmiysiga ko‘ra¸ O‘zbekistondagi viloyatlar prokurorlarining 70 foizidan ko‘prog‘idan ishdan ketish haqida ariza olingan va bu arizalar qondirilgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 2019 yilning aprel oyiga qadar bir yil ichida tizimdagi barcha rahbarlik lavozimlarining 66 foizi yangilangani haqida ma'lum qilgandi.

Ammo prezidentga yo‘llangan ochiq maktub mualliflari iddaosidan prokuratura tizimida sobiq bosh prokurorlarga sodiq qolayotgan shaxslar hamon mavjudligini anglash mumkin.

«Eltuz»ning nima uchun maktubga imzo chekilmagani haqidagi savoliga mualliflar hozircha o‘z ismlarini ochiqlashdan cho‘chishayotganini bildirib javob berishdi.

Quyida prokurorlar maktubini to‘liq o‘qish mumkin:  Ishsiz qolgan va ishlab kelayotgan prokuratura idoralarining xodimlaridan Prezidentimiz Shovkat Miromonovich Mirzieevga ochiq xat

Tag‘in o‘qing
26 may 2020
Dissertatsiya qo‘lyozmasi toshqinda yaroqsiz holga kelganini iddao qilgan 28 yashar sirdaryolik Kamola Abrorxonovaga prezident topshirig‘i bilan doktorlik darajasi berildi. ...
8 iyun 2022
Xorazmning Urganch shahridagi rus tiliga ihtisoslashtirilgan maktabda shu maktab direktorining rus tilidagi ohangi tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. “Eltuz” muxbirining ...
1 mart 2019
Assalomu alaykum. Bugungi va'zni qo‘shiq bilan boshlasam. Mard yigit mehmonga ko‘ksini ochibnomardni mehmondan qochishin go‘ring… Bu qo‘shiq matnini 18-asrda ...
16 yanvar 2018
O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati raisining sobiq o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomov o‘z qo‘li ostida bo‘lgan ikki zobit – Javdat Sharifxo‘jaev va ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...