Farg‘ona hokimi soqol va ro‘molga qarshi «urush» ochdi
Toshkentning “Malika” maishiy texnika bozorida soqollilarning qirtishlanishidan kishti kelgan Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniev soqol va hijobga qarshi “urush” ochdi.
O‘zbekistonda din nazorati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlardagi o‘zgarishlar fonida hokimning bu jangu jadali mantiqli tuyuladi.
Zero, so‘nggi vaqtlarda mamlakatda diniy erkinliklarning go‘yoki kengayishi ortidan o‘zgacha (bu o‘rinda mavjud hokimiyatga mos kelmaydigan darajada) fikrlovchi dindorlarga nisbatan siyosat o‘zgarmayotgani ko‘zga tashlanmoqda.
Masalan, diniy mavzuda yozadigan blogerlarga munosabat, hijob masalasida bo‘layotgan turli mojarolar va din bilan bog‘liq boshqa turli xabarlar shundan darak beradi.
Nazarimizda, so‘nggi vaqtlarda mamlakatda bir muncha yumshagan diniy siyosatni qattiqqo‘llashtirishga intilish sezilayotgandek.
Shularni hisobga olsak, Farg‘ona hokimining soqol va hijobga munosabati sabablari oydinlashadi. Aslida bu sabablar ortida Karimov rejimining dogmalari yotadi.
Islom Karimov va uning rejimi dunyoviy muxolifatni ham, diniy muxolifatni ham o‘z qudratining dushmani sifatida ko‘rar edi.
Dunyoviy muxolifatdan farqli o‘laroq, diniy muxolifatning radikal kayfiyatdagi muayyan guruhi qurolli kurash yo‘lini tanlagani rejimning keng ko‘lamli qatag‘onlariga yo‘l ochib bergan edi.
Natijada o‘n minglab begunoh kishilar diniy ayblovlar bilan qamoqxonalarni to‘ldirdi, ularning bir qismi bugun ham ozodlikka chiqqani yo‘q.
Yigirma besh yillik mana shu qatag‘on va qo‘rquv siyosati bugun ham amalda qolayotgan aksariyat amaldorlarning shuuriga singib qolgan.
Ular dinning har bir atributiga, xususan, soqol va hijobga o‘z qudratining dushmani sifatida qaraydi, diniy e'tiqodni dunyoviy jamiyatga raqib hisoblaydi.
Bugungi O‘zbekistonda hozir bu masalada yuritilayotgan siyosatga ikki xil qarash mavjud.
Aksariyat ko‘pchilik berilgan diniy erkinlar sabab ayrim dindorlar haddidan oshib, o‘z hayot tarzi va fikrini boshqalarga ham tiqishtirishga urinayotganidan xavotir bildirmoqda.
Ayrimlar esa dindorlarga berilayotgan erkinliklarni jamiyatdagi korruptsiya, hayosizlik kabi illatlarning yanada keng tarqalishiga to‘siq sifatida ko‘rayotir.
Xo‘sh, qaysi bir guruhning tutgan yo‘liga, fikriga qo‘shilish mumkin?
Bu savolning javobi juda chigil va murakkabdir. Ayniqsa, din bo‘yicha chuqur bilimga ega bo‘lmay aniq bir munosabat bildirish ham qiyin.
Lekin rivojlangan jamiyatlar tajribasidan kelib chiqib, mantiqli ko‘rinadigan bir xulosa ham bor.
Bu xulosa shundan iboratki, O‘zbekiston uchun diniy erkinliklar himoya qilinadigan dunyoviy jamiyat zarur!
“Eltuz” hamkori