Asosiy mavzular
2 oktyabr 2019

Akmal Saidovning markazi o‘z vazifasini bajarishdan bosh tortdi

Farg‘ona viloyati hokimining inson huquqlarini buzishga qaratilgan xatti-harakatlari ortidan O‘zbekiston Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi buning natijasida jabr ko‘rganlarni himoya qila olmasligini bildirdi. 

Markazning matbuot xizmati Farg‘ona hokimining yaktak-ishton kiygan bemorni haydagani va bir tadbirdan ro‘mol va rangli ko‘ylagi yoqmagan jurnalist ayolni chiqarib yuborgani  yuzasidan bildirgan munosabatida bu holatni hal qilish uchun bevosita biror vakolatga ega emasligini ma'lum qildi. 

Marhum diktator Islom Karimovning ishongan amaldorlaridan biri, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazning ko‘p yillik rahbari Akmal Saidov ancha yillar oldin inson huquqlari bo‘yicha o‘tgan xalqaro anjumanda O‘zbekistondagi inson huquqlari buzilishi tanqid qilinganiga javoban mavjud rejimni stolni urgancha jazavaga tushib himoya qilgani bilan mashhur. 

Qolaversa, Akmal Saidov uchun ro‘mol masalasi ung‘aysiz ekanini hisobga olsak, ayni mavzuda Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz nega bu mazmunda bayonot bergani oydinlashadi. 

“Farg‘ona voqeasi” bo‘yicha uning markazi bergan bayonotda “hokimning fuqarolarga nisbatan qilgan ishi xususiy masala” sifatida baholangan va buning uchun barcha majburiyat sud zimmasiga yuklangan. 

Markaz bayonotida aytilishicha, u “bevosita bu hodisa yuzasidan hech qanday o‘rganib chiqish vakolatiga ega emas. Chunki jabrlanuvchilar markazga murojaat etmagan”. 

Markaz bu o‘rinda o‘zining aybi sifatida “huquqiy targ‘ibot darajasini oshirishi kerak”ligini ta'kidlagan.

Nomida “inson huquqlari” so‘zlari mavjud milliy markaz bu ish bilan shug‘ullanishdan butunlay bosh tortgan.

“Markaz ijtimoiy tarmoqda chiqqan xabarlarda aytilganidek, Farg‘ona viloyati hokimining bu ishi bilan shug‘ullanmaydi”, deyiladi markaz bayonotida. 

O‘zbekiston Inson huquqlari milliy markazi o‘zining mamlakat konstitutsiyasida belgilab berilgan huquqlari buzilgan fuqarolarni himoya qilishdan ochiqdan-ochiq bosh tortishi dunyo tajribasida kamdan-kam kuzatiladigan, balki kuzatilmaydigan holatlardan biridir. 

Shuni hisobga olganda, O‘zbekistonga bunday organ kerakmikin, degan savol tug‘ilishi tabiiydir. 

Bayonotda “markaz inson huquqlari sohasidagi O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlarini bajarish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning hamkorligini, milliy ma'ruzalar tayyorlanishini, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishni ta'minlovchi davlat organi hisoblanadi”, deyiladi.

Bu ishni Ombudsmanga yuklab, inson huquqlarini himoya qilishdan bosh tortayotgan markazni tugatib yuborish O‘zbekistondagi bugungi siyosat va davlat byudjeti uchun foydali bo‘lmasmikin? 

Qolaversa, mazkur bayonotdan keyin bu markazning mavjud hokimiyatning siyosatini himoya qilishdan tashqari fuqarolarning huquqlarini himoya qilayotganiga ishonasizmi?

Agar ishonsangiz, bayonotni yana bir bor yaxshilab o‘qing va mag‘zini chaqing!

Markazning nizomida nima yozilgan, qanday vazifalari bor kabi savollar esa bu o‘rinda ortiqchadir. 

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
11 mart 2020
Koronavirus: «Kunlar isidi. O‘limim yaqin. Alvido, Toshkent!» Rassom Kirpi
25 avgust 2022
Eltuz portalining bugungi sonidan 5 ta shikoyat va bitta rasmiy munosabat o‘rin olgan. Dastlabki shikoyat telegram messenjeridagi firibgarlik haqida. ...
13 aprel 2017
O‘zbekistonda davlat tiliga katta e'tibor haqida ko‘p gapirilayotganiga qaramay, mamlakatda o‘zbek tilini mustaqil o‘rganish bo‘yicha qo‘llanmani topish anqoning urug‘idek ...
1 mart 2019
Assalomu alaykum. Bugungi va'zni qo‘shiq bilan boshlasam. Mard yigit mehmonga ko‘ksini ochibnomardni mehmondan qochishin go‘ring… Bu qo‘shiq matnini 18-asrda ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...