Asosiy mavzular
19 noyabr 2019

Tadbirkorlar: «Toshkent savdo markazida 700 dan ziyod do‘kon buziladi»

«Toshkent savdo markazi»ga  (sobiq «Abu Saxiy» MChJ) qarashli bozordagi do‘konlari buzilishidan norozi bo‘lgan 700 dan ortiq fuqaro 16 noyabr kuni bozor ma'muriyati oldiga yig‘ildi. Tadbirkorlarning noroziligiga bozor ma'muriyatining bir kun oldin do‘konlarini 1 dekabrgacha bo‘shatib qo‘yishlari haqida ogohlantirish bergani sabab bo‘ldi.

Shu kungi norozilik chiqishidan so‘ng kechqurun Chilonzor tumani hokimi va bozor mutasaddilari do‘kondorlarning ayrimlari bilan uchrashib yig‘ilish o‘tkazishdi.  «Eltuz»ga kelib tushgan videoda Chilonzor tumani hokimligi vakili va Alisher ismli yana bir mulozimning do‘kondorlar bilan 16 noyabrdagi ayni uchrashuvi aks etgan.

Videoda, jumladan, hokimlik mulozimi Alisher (familiyasi noma'lum) hech kimning do‘koni buzib tashlanmasligi, har kim bilan alohida kelishuv qilinishi haqida gapiradi.

«Masalan, do‘koningiz shumi? Sizga o‘rniga mana shuni beramiz. 6 oyda qurib oladigan bo‘lsangiz, bu yerda ishlab turasiz. Rozi bo‘lgan joyingizni beramiz deb kelishuv qilamiz», deydi hokimlik mulozimi.  

Ismini aytmagan, «Eltuz» suhbatlashgan do‘kon egalaridan bo‘lgan bir ayolning aytishicha, uni bozor ma'muriyati xodimi do‘konini bo‘shatib qo‘yishi haqida 15 noyabr kuni og‘zaki ogohlantirgan. Buning sababini do‘kon infratuzilmasini o‘zgartirish maqsadida buzilishi bilan izohlagan.

«Mening do‘konim 16 kvadrat metr maydonda joylashgan. Do‘konning mulk kadastr hujjatlari 2012 yilning aprelida nomimga rasmiylashtirilgan. Do‘konning bugungi kundagi narxi 100 ming dollarga yaqin bo‘ladi. Lekin gap tovon puli haqida yoki bozor o‘rnida quriladigan yangi do‘konlarning bizga berilishi haqida ketmayapti», – deydi savdogar ayol.

Uning «Eltuz»ga bildirishicha, buziladigan do‘konlarga yondosh maydonda yangi do‘konlar qurilgan. Ijara haqi qimmat bo‘lgani uchun ular bo‘sh yotibdi. Hokimlikning mayda do‘kondorlarni ko‘chaga haydashdan maqsadi shu do‘konlarni ijaraga berish bo‘lishi mumkin.

«Do‘konlarning buzilishiga bahona qilib, yong‘inga qarshi chora sifatida elektr kabellarini almashtirishni ro‘kach qilishyapti. Lekin har bir do‘kon egasi bu xizmat uchun ma'muriyatga oyma-oy pul to‘laydi. Masalan, men bir million 40 ming so‘m kommunal haqi to‘layman», deydi «Eltuz» suhbatdoshlaridan yana biri.

Videoda ko‘rinishicha, do‘kondorlarning noroziligidan so‘ng amaldorlar ozroq shashtidan tushishgan. Ular 15 noyabrdagi do‘konlarni buzish haqidagi gap bekor bo‘lgani, do‘konlarni buzmasdan turib infratuzilmani o‘zgartirish haqida maslahatlashib ko‘rishni va'da qilishmoqda.

Shuningdek, hokimlikning do‘konlarni buzish harakatiga O‘zbekiston hukumatining 16 noyabrda chiqargan Yer uchastkalarining olib qo‘yilishi va olib qo‘yilayotgan ko‘chmas mulk ob'ektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash qarori sabab bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin.

Ushbu hukumat qarorida ko‘zda tutilgan yangi tartib, Adliya vazirligiga ko‘ra, 2020 yilning 1 yanvaridan kuchga kiradi. «Abu Saxiy» do‘kondorlaridan esa do‘konlarini 1 dekabrga qadar bo‘shatish talab qilinmoqda.

«Aftidan, hokimlikdagilar ancha ilgaridan do‘konlarimizga ko‘z tikishgan. Yangi qaror chiqishidan xabardor bo‘lishgach esa buni dekabrgacha tezroq uddalashga urinishmoqda. Chunki prezidentning yangi qarori kuchga kirsa, ular chorasiz qolishlari mumkin», deydi «Eltuz» bilan suhbatda tijoratchi ayol.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
24 oktyabr 2017
Ijtimoiy tarmoqlar internet orqali axborot yetkazishning eng qulay va tezkor vositasiga aylandi. Ayrim blogerlar ijtimoiy tarmoqlarda ba'zan shu qadar ...
26 may 2016
Bir necha kundirki, ijtimoiy tarmoqlarda rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning 600 million dollarga yaxta sotib olgani duv-duv gap bo‘lyapti. Ba'zan ...
21 iyun 2017
Andijonlik shifokorlarning bergan ma'lumotlariga ko‘ra, keyingi paytlarda ari chaqishidan shikoyat qilib murojaat qiluvchi bemorlar tez-tez uchramoqda. Bu bemorlarning aksariyati ...
1 aprel 2021
Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida istiqomat qiluvchi 14 yoshli M.R.ni bir necha marta tahqirlab, zo‘rlaganlikda ayblanayotgan A.X. qamoqqa olindi. Holat bo‘yicha “Eltuz” maqola e'lon ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...