Asosiy mavzular
27 noyabr 2019

«Abu Saxiy”ning sirlari

10 noyabr kuni Turkiyada otib o‘ldirilgan uyg‘ur aslli tadbirkor Ayerken Saymaiti jurnalistlarga taqdim etgan materiallarda Toshkentdagi mashhur “Abu-Saxiy” bozori faoliyatiga oid qiziq ma'lumotlar mavjud.

Bu ma'lumotlar “Ozodlik” radiosining qirg‘iz xizmati Uyushgan jinoyatchilik va korruptsiyani tadqiq qilish dasturi hamda Bishkekdagi Kloop axborot sayti bilan hamkorlikda o‘tkazgan jurnalistik surishtiruv natijasida qo‘lga kiritilgan.

Ushbu surishtiruvning asosiy manbasi bo‘lgan Ayerken Saymaiti 2011-2017 yillar davomida Qirg‘izistondan 700 million dollar mablag‘ noqonuniy ravishda olib chiqib ketilganini bildirgan. 

Surishtiruvning Qirg‘izistonga tegishli qismini qoldiramizda, O‘zbekiston uchun muhim bo‘lgan holatlarga to‘xtalib o‘tamiz.

Ayerken Saymaitining jurnalistlarga bildirishicha, 1990-yillarda “Abu Saxiy” bozoriga kelib chiqishi xitoylik bo‘lgan uyg‘ur Habibulla Abduqodir asos solgan. Ammo uning bozorga xo‘jayinligi uzoqqa bormagani ko‘pchilikka ma'lum.

Foto: Ozodlik.org
Saymaiti o‘limi oldidan jurnalistlarga yetkazgan ushbu suratda "Abu Saxiy"ga asos solgan uyg‘ur tadbirkori Abduqodir va uning ukalari aks etgan. Chapdan: Alimujon Hadir, Nabi Hadir, Maymaitali Hadir va Xabibulla Abduqodir.

Chunki keyinchalik bu bozor marhum prezident Islom Karimovning qizi Lolaning eri Temur Tillaev qo‘liga o‘tgan.

Tillaevning advokati o‘z mijozining Habibulla Abduqodir yoki uning sheriklari bilan har qanday hamkorlik qilganini rad etib keladi. 

Ammo Ayerken Saymaitining iddaosicha, Habibulla Abduqodir Karimovlar oilasi bilan kelishgan va mazkur bozor ustidan nazoratni to‘la Tillaevga topshirgan.

Surishtiruvlar davomida “Abu Saxiy”ning Habibulla Abduqodirga tegishli bo‘lgani, keyinchalik uning Karimovlar oilasi qo‘liga qanday o‘tganini tasdiqlovchi hujjatlarni qo‘lga kiritishning imkoni bo‘lmagan.

Lekin mazkur bozor va “Abu Saxiy” transport-savdo firmasi faoliyatidagi bog‘liqliklar mavjudligini inkor etib bo‘lmaydi. 

Chunki uzoq yillar davomida bu kargo firmasi “Abu Saxiy” bozorini, demakki, butun O‘zbekistonni turli tovarlar bilan ta'minlovchi asosiy monopolist kompaniya bo‘lib kelgani sir emas. 

Bu firma esa bevosita Habibulla Abduqodir yaratgan biznes imperiyasining bir qismidir. 

Foto: Ayerken Saymaiti
Ayerken Saymaiti

Ayerken Saymaitining aytishicha, bozorga uzoq vaqt egalik qila olmagan Abduqodir biznesini tashlab O‘zbekistonni tark etgan hamda bir qancha vaqt Qozog‘iston va Rossiyada bo‘lgan. Keyin yana Toshkentga qaytib, Temur Tillaev egaligidagi “Abu Saxiy” bozoriga tovar yetkazib beruvchi xuddi shu nomdagi savdo-transport kompaniyasi faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. 

Shu o‘rinda “Abu Saxiy” kargo xizmati faoliyatiga bir nazar tashlasak. Bu firma transport xizmati ko‘rsatuvchi monopolist kompaniya bo‘lib, O‘zbekistonga Xitoydan tashqari Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Erondan ham mol olib kelgan.

Uning xizmatlari juda qimmat bo‘lishiga qaramay, savdogarlar aynan u bilan hamkorlik qilishga majbur bo‘lgan. Chunki u tashiydigan har qanday yuk bojxonadan hech qanday muammolarsiz o‘tgani aytiladi. 

Ayerken Saymaiti so‘zlariga ko‘ra, “Abu Saxiy” komaniyasining qariyb 600 ta yuk mashinasi turli tovarlar bilan Xitoydan Toshkentga tomon yo‘lga chiqib, turli hududlarga yuk yetkazib bergan. 

O‘zbekiston chegarasida bojxonalar xuddi xususiy tuzilmalar kabi ishlashini ta'minlash uchun Abduqodirga “sadoqatli” odamlar yetarlicha bo‘lgan. Shuning uchun “Abu Saxiy” va u bilan bog‘liq firmalarga tegishli bo‘lgan yuk mashinalari bojxonalardan tez va hech qanday muammolarsiz o‘tgan. 

Raqobatchilarda esa bunday imkoniyat bo‘lmagani sababli biznes yuritishda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelgan. 

Ayerken Saymaitining ta'kidlashicha, yuk mashinalari bojxonadan muammosiz o‘tishining narxi har bir mashina uchun 4,6 ming dollardan 5 ming dollargacha bo‘lgan. Agar bu summani 600 ta yuk mashinasi bo‘yicha hisoblasa, oylik noqonuniy tushum 3 million dollargacha yetadi. 

Bu mablag‘ turli darajadagi amaldorlar va ularnig hukumat doirasidagi hamtovoqlari o‘rtasida taqsimlangan. 

Bojxonadagilar bilan yaxshi aloqalar Habibulla Abduqodirga tovarlarni faqat tez va muammosiz o‘tkazishgagina yordam berib qolmay, ularni arzon mahsulotlar sifatida ko‘rsatib, bojxona to‘lovlaridan ham yaxshigina daromad qilish imkonini yaratgan.

Shuningdek, qog‘ozda O‘zbekistonga kiritilgan tovarlar keyinchalik xuddi Qirg‘izistonda ishlab chiqarilgandek ko‘rsatilib, amalda boshqa davlatlarga yuborilgan va bu kabi noqonuniy sxemalarning turli ko‘rinishlaridan foydalanilgan. 

So‘nggi bir-ikki yildan buyon O‘zbekistondan Qirg‘izistonga juda katta miqdordagi valyuta olib chiqilishining oldi olingani to‘g‘risidagi xabarlar ko‘plab paydo bo‘lmoqda. 

Agar Ayerken Saymaitining gaplaridan kelib chiqilsa, aslida bu avvaldan mavjud bo‘lgan sxemaning bugungi kundagi rudiment ko‘rinishi ekanini sezish qiyin emas. 

Chunki jurnalistik surishtiruvda Saymaiti “Abu Saxiy” bozorida ishlangan pullar keyinchalik turli yo‘llar bilan Qirg‘izistonga olib chiqilib, qirg‘iz banklari orqali “halol”langanini bayon qiladi.

Uning aytishicha, bu pullar yuk mashinalarining zaxira ballonlari ichiga yashirilgan va kuzatuvchi ikki avtomobil hamrohligida chegaradan olib o‘tib ketilgan.

PS. Islom Karimovning vafotidan so‘ng uning oilasining Toshkentdagi biznesi ham kasodga uchradi. Xususan, ayni paytda “Abu Saxiy” bozori va kargo xizmati boshqa tuzilmalar ixtiyoriga o‘tgani aytiladi. 

Ammo bu jarayon qanday yuz bergani hali ham keng jamoatchilik uchun sirligicha qolmoqda. Ayerken Saymaitining guvohliklari va ma'lumotlari asosida o‘tkazilgan jurnalistik surishtiruv bo‘yicha e'lon qilingan maqola bo‘yicha ham shu kungacha O‘zbekiston rasmiylari birorta bayonot bergani yo‘q. 

«Eltuz» nashri 16 noyabr kuni “Toshkent savdo markazi»  (sobiq “Abu Saxiy” MChJ) bozor ma'muriyatining 700 dan ziyod do‘kon egalaridan do‘konlarini 1 dekabrgacha bo‘shatib qo‘yishlari haqida ogohlantirishi tadbirkorlarning noroziligiga sabab bo‘lgani haqida yozgan edi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 mart 2018
19 yillik tutqunlikdan keyin «Erk» demokratik partiyasi faoli 54 yoshli jurnalist Yusuf Ro‘zimurodov 22 fevral kuni Chirchiq qamoqxonasidan ozod ...
22 fevral 2022
O‘zbek amaldorlari va oilalarining o‘g‘riliklarini ko‘rib, hayratlanmay qo‘yganman. Lekin, har safar bunday yangilikka bir jirkanch, badbo‘y kayfiyat hamrohlik qiladi. ...
20 dekabr 2018
O‘zbek muxolifati lideri, shoir Muhammad Solih tug‘ilgan kuni arafasida uning Yangibozordagi tug‘ilib o‘sgan uyiga do‘stlari, safdoshlari, muxlislaridan iborat bir guruh ...
23 iyun 2016
Farg‘ona viloyatining aksariyat banklarida jo‘natma pullarini berish juma kunigacha to‘xtatildi. Bank xodimlari buning sababini valyutaning tugab qolgani bilan izohlamoqda. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...