Asosiy mavzular
7 mart 2020

Britaniya sudi Dubay shayxi qizlarini o‘g‘irlab ketgani va xotiniga tahdid qilganini tan oldi

Malika Hayo bint al-Husayn o‘g‘irlik, majburiy qaytarish, qiynoq va qo‘rqitish kompaniyasi boshida o‘zining sobiq eri, milliarder va Dubay amiri shayx Muhammad bin Rashid al-Maqtum turganini e'tirof etdi va uning bu qilmishini qoraladi. 

Payshanba kuni uning ayblovlari Britaniya Oliy sudining bir qator qarorlarida tasdiqlangan dalil sifatida tan olindi. Bu haqda Bi-bi-si muxbiri Frenk Gardner xabar tarqatdi.  

Shayx Muhammad sud qarori jamoatchilikka e'lon qilinmasligini talab etdi, biroq sud mazkur qaror jamoat manfaatlariga mos kelishini tan olib, uning shikoyatini rad qildi. 

Sud qarorida Dubay hukmdori «sud oldida ochiq va shaffof emas», deb e'tirof etildi. 

Sud qarorlari e'lon qilingandan keyin berilgan bayonotda shayx Muhammad: «Hukumat rahbari sifatida men sudda dalillarni aniqlash jarayonida ishtirok eta olmayman. Bu «faktlar aniqlangani» haqida xulosa chiqarishga olib keldi va xulosada voqealar muqarrar ravishda faqat bir yoqlama ko‘rsatilgan”, dedi. 

Shayx farzandlari bilan bog‘liq jarayonni o‘zining shaxsiy ishi deb hisobladi va OAVni o‘z farzandlarining hayotiga aralashmaslikka chaqirdi.

Ushbu shov-shuvli ish bo‘yicha sud jarayoni sakkiz oy davom etdi. Oxir-oqibat sud shayx Muhammadni ikki qizi – Latifa va Shamsaning o‘g‘irlab ketilgani va BAA (Birlashgan Arab amirligi)ga majburiy tarzda qaytarilgani uchun javobgar deb topdi.

Malika Shamsa 2000 yilda Angliya janubidagi Surrey grafligida joylashgan uyidan qochib ketdi. Ammo keyinchalik uni shayxning agentlari Kemrbrijeshirda qo‘lga tushirdi. 

Go‘yoki tinchlantiruvchi dori berilgan Shamsa Dubayga olib ketildi va hibsda saqlanmoqda. Kembrijeshir politsiyasi malika o‘g‘irlab ketilishi bo‘yicha tergov doirasida Dubayga tashrif buyurmoqchi bo‘ldi, biroq Britaniya politsiyasining so‘rovi rad etildi. 

Shamsaning singlisi malika Latifa otasidan qochish uchun 2002 va 2018 yillarda ikki marta urinib ko‘rdi. Ammo harakatlari muvaffaqiyatsiz yakun topdi. 

Birinchi marta qochishga uringan chog‘da uni otasi vataniga qaytarib yubordi va u uch yil davomida hibsda o‘tirdi. 

2018 yilda 33 yoshli Latifa ikkinchi marta qochishga urindi, ammo Hind okeani sohilida ushlanib, yana Dubayga qaytarildi hamda u yerda hanuzgacha hibsda saqlanmoqda. 

Sud Latifaga nisbatan qiynoqlar, jismoniy zo‘ravonliklar qo‘llanganiga oid ayblovlarni ishonchli deb topdi. Bu holatni u ikkinchi marta qochishga shaylanishdan oldin videoda tasvirlab bergandi.

Sudya shayx Muhammad «rejimni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda, shu bois ham har ikkala ayol ozodlikdan mahrum qolmoqda», degan qarorga keldi. 

45 yoshli malika Hayo Iordaniyaning amaldagi podshohi Abdulloh II ning singlisi, 2004 yilda shayx Muhammadga (hozir 70 yoshda) turmushga chiqqan. U shayxning oltinchi – eng kichik xotini. Ularning birgalikdagi turmushidan 7 va 11 yoshdagi ikki farzandi bor.

Ammo 2019 yil boshida malika Hayo nimalardandir shubhalana boshladi va o‘z shubhalarini ommaga oshkor qildi. Shundan so‘ng shayxning agentlari uni qo‘rqitish taraddudiga tushdi.

Xususan, sud Hayoning o‘z uyidan sudrab olib chiqilib, olis biyobonlarda joylashgan qamoqxonalarga olib ketish bilan qo‘rqitilgani haqidagi ko‘rsatmalarini eshitdi. 

London Oliy sudi 2018 yil oxiridan boshlab shayx Muhammad o‘z odamlarini xotinini uning nomidan qo‘rqitishga undagan, degan xulosaga keldi.

Malika Hayoning qochishi

2019 yil aprel oyida Hayo ikki bolasini olib Britaniyaga qochib ketdi. Sudda u erining yashirin tahdidlari tufayli hayoti xavfsiz emasligini ta'kidladi, shuningdek, bolalarining o‘g‘irlanishi va majburan Dubayga qaytarilishi mumkinligidan tashvish bildirdi.

Hayoning so‘zlariga ko‘ra, shayx Muhammad 2019 yil mayda rafiqasi va uning farzandlari uchun Angliya hech qachon xavfsiz davlat bo‘lmasligini aytgan.

Sudda, shuningdek, shayx malika haqidagi qator salbiy maqolalarni nashr qilish uchun o‘z media maydonlaridan foydalanganligi ta'kidlandi. Hayoning so‘zlariga ko‘ra, maqolalarning aksariyati mutlaqo yolg‘on.

Shayx Muhammad  Yaqin Sharqdagi nufuzli shaxs. Uning sa'y-harakati bilan Dubay sayyohlar uchun mashhur maskanga, biznes va ko‘ngilochar markazga aylandi.

Dubay dunyo miqyosidagi yirik xalqaro anjumanlar, brifinglar, nufuzli ko‘rgazmalar, sammitlar, forumlar o‘tkaziladigan joy hamdir. Masalan, Dubayda joriy yil 16 fevralda Jahon ayollar forumi bo‘lib o‘tdi.  

Mazkur forumda O‘zbekiston Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoeva ishtirok etdi va nutq so‘zladi

Forumda so‘zga chiqqan Saida Mirziyoeva: «Jahon ayollar forumi ayollar manfaati uchun yetakchi g‘oyalarni safarbar etib, ko‘p ishlarni amalga oshirdi. O‘zbekiston bu borada hamfikr va yangi hamkorlik uchun ochiq. Ayol huquqlarini ta'minlamay turib, inson huquqlarini ta'minlab bo‘lmaydi», dedi.

Umuman, O‘zbekiston prezidenti oilasi BAA mulozimlari bilan yaqin aloqa o‘rnatgan, deyish xato emas. Buni o‘tgan yilning 13 oktyabridan to 1 noyabriga qadar Shayx Hamdam ibn Muhammad al-Maqtum o‘z lochinlari bilan Navoiy viloyatida Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan yo‘rg‘a tuvaloqlarni ovlash uchun kelgani, 1 noyabr kuni Mirziyoevning kuyovlari Oybek Tursunov va Otabek Umarov Dubay valiahd shahzodasi Hamdam bin Muhammad al-Maqtumga shohona ziyofat bergani ham tasdiqlaydi.  

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 avgust 2024
Raqobat qo‘mitasi 40 ga yaqin paxta to‘qimachilik va yog‘-moy klasterlari tomonidan yuqori likvidli va monopol mahsulotlarning narxlari sun'iy oshirilganini ...
19 sentyabr 2021
O‘zbekistonning “Orient Group” kompaniyasi bilan bog‘liq bir yillik tergov ishi shuni ko‘rsatdiki, uning O‘zbekiston prezidenti bilan oilaviy aloqasi mavjud ...
19 iyul 2016
Nafaqat vodiyning barcha tuman xalq ta'limi va tibbiyot xodimlari, balki poliklinika,tug‘ruqxona, maktab va bog‘cha xodimlari ham ko‘sak qurtini qo‘lda ...
28 fevral 2017
O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol Toshkent Xalqaro aeroportiga Karimov nomini berish haqidagi prezident qaroriga e'tiroz bildirib Mirziyoevga maktub yozdi. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...