Asosiy mavzular
9 may 2020

RTdan va'z: Suv balosimi yoki Sanginov balosi?

Mana, hafta o‘tib yana ko‘zimiz ko‘zimizga tushdi. Men aytayotgan gaplarga quloq solyapsiz. Ko‘rsatuvni ko‘zdan emas, yurakdan kechirayotganingizni bilaman va qadrlayman. Kechgan haftada O‘zbekiston suv balosi  bilan yuzlashdi. Avvaliga buni tabiiy ofat deb aytib turishdi. 

5 may kuni selektorda gapirgan Mirziyoev fojeaning texnogen ekanini tasdiqladi. Ya'ni odam omili bois yuz bergan fojea.

Kim u odam? 

“O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi va senator Abdug‘ani Sanginov ham davlat buyurtmachisi maqomida, ham uni qurgan xususiy pudratchi sifatida qatnashgan.

O‘pirilgan to‘g‘onni qurgan Sanginov sprut kabi tomir otgan korruptsioner. 

Ma'muriy bosim va AOKA ko‘magida barcha blogerlarning og‘zini yoptirdi. Blogerlar matn va videolarni o‘chirishdi. Bu odam keyingi bir necha yil mobaynida milliard dollarlik buyurtmani hazm qilgan. 

Mirziyoevga yangi qasr qurish uchun Angrenda daryoni bo‘g‘dim, deb astronomik summani byudjetdan undirgan. 

Bitta o‘g‘li tug‘ilganida oldingi prezidentga padxalimlik qilib otini Islom qo‘ygan. Bu Islom Abdug‘anievich «To‘polon» suv omborida MChJ egasi. 

Yana bir o‘g‘li Toshkent aeroporti bojxonasi rahbari, ikkinchisi Moliya vazirligi G‘aznachilik boshqarmasida katta amaldor. 

Uchinchi o‘g‘li Bosh prokuratura tergov boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i. 

Rassom Tuzga ham Sanginov haqidagi matnlarni olib qo‘yish bo‘yicha «o‘tinchli iltimoslar» keldi. «Yaxshi odamlar» o‘rtaga tushdi. 

Rassom Tuz ko‘p hollarda rahmdillik qilib matnlarni olib qo‘yadi (buni bilasiz). Lekin rassom Tuz mamlakat va millat manfaatiga milliardlab zarar bergan, yuz minglab odamlarni uysiz, elsiz qoldirgan KORRUPTsIONYeR oila bo‘lgan Sanginovlar to‘dasini fosh qilishda davom etadi. 

Gap manfaatlar to‘qnashuvi haqida. 

Manfaatlar to‘qnashuvi nima degani?

Bunday vaziyatda mansabdor A shaxs B foydasini ko‘zlab qaror chiqaradi. Ayni paytda mansabdor A ning foyda aynan B ga tegishidan muayyan shaxsiy mafaati bor. 

Ziddiyat nimadan iborat? Shundan iboratki, shaxs A ning ikkita manfaati bor. 

Biri o‘zi ishlayotgan tuzilmaning manfaatlarini ifodalaydi. Bu manfaat imkon qadar ushbu tuzilma ehtiyojlarini maksimal qondiradigan mutaxassis yoki kompaniyani topishdan iborat.

Ikkinchisi esa uning shaxsiy manfaati.

Bir paytning o‘zida ushbu ikki manfaat bir-biri bilan ziddiyatga kirishadi. Ya'ni bu A ning shaxsiy manfaati u vakillik qiladigan tuzilma manfaatlariga zid kelganida yuz beradi.

Qanday tuzilma haqida gap bormoqda? 

Bu davlat, tijorat shirkati yoki nodavlat tashkilot bo‘lishi mumkin. 

Misol uchun bunga davlat xaridlari, telekommunikatsiya sohasidagi faoliyatga litsenziya yoki grant ajratish, xodimni foydali yoki yuqori lavozimga ishga yollash va boshqalar kiradi. Ushbu barcha holatlarda manfaatlar to‘qnashuvi xavfi mavjud, bu xavfni kamaytirish yoki oldini olish uchun aniq qoidalar va protseduralar qo‘llanilishi shart.

Keling, hayotdan bir misol keltiray. 2012 yili Germaniya prezidenti Kristian Vulf jamoatchilik bosimi ostida iste'foga ketdi. Prezidentlik lavozimida u bir yarim yil o‘tirdi.  Bundan oldin u Quyi Saksoniyaning bosh vaziri (ya'ni hokim) bo‘lgan. 

2011 yilning 13 dekabrida Germaniyaning «Bild» gazetasi prezident Vulfning 2009 yili bosh vazir lavozimida ishlagan paytida ishbilarmon bir tanishidan o‘ziga uy sotib olish uchun juda kam foizga yarim million yevro qarz olgani haqida maqola chop etadi. 

Nemis jamoatchiligi g‘azabga keladi. Chunki muhim qarorlarni qabul qiladigan yuqori martabali hukumat amaldori sifatida u mahalliy tadbirkordan qarz olmasligi kerak edi. Chunki bu potentsial manfaatlar to‘qnashuvi. 

Biznesmen, tabiiy, katta shartnomalar olishdan umidvor. Qarzdor bo‘lgan katta lavozimli amaldor esa unga jamoatchilik foydasiga zid bo‘lgan qaror chiqarib berishi mumkin. 

Xira jurnalistlar tinchini berishmaganidan keyin prezident Vulf iste'foga chiqishga majbur bo‘ldi.

Manfatlar to‘qnashuvi juda ko‘p holatlarda korruptsiyaga olib keladi. Ayni paytda A mansabdor shaxs B dan foyda olishni ko‘zlaydi. Masalan B A.ga yaqin bo‘lgan shaxsni ishga joylab qo‘yishi yoki A shaxs B ning shirkatida ulushga ega bo‘lishi yoxud hatto o‘ziga yaqin shaxslar orqali unga egalik qilishi mumkin.

Manfaatlar to‘qnashuvining yanada avj olgan korruptsiogen turi ham mavjud. Bu holatda A mansabdor shaxs mutlaqo yoki aksar hollarda B ning shirkati uchun foydali qaysidir qonun yoki qoidaning qabul qilinishiga ta'sir ko‘rsatadi.

Manfaatlar to‘qnashuvi qanday yechiladi. Avvalo, shaffoflik ta'minlanishi kerak. Resurslarni taqsimlashda ishtirok etadigan barcha mansabdor shaxslar har yili deklaratsiya to‘ldirishi shart. Bunda ular boshqa tashkilotlarda ularning manfaatlari, lavozimlari yoki aktiv ulushlari yo‘qligi haqida bildirishadi.

Shuningdek, ular o‘zlarining qarindoshlari yoki do‘stlari haqida ham hisobot berishadi, ular ishlayotgan tashkilotlar ushbu tashkilotdan mablag‘, shartnoma, grant, litsenziya va boshqalar ajratishda qanchalik ishtirok etishlari haqida ma'lumot berishadi. 

Va nihoyat, ushbu tashkilotning yuridik bo‘limi manfaatlar to‘qnashuvi ehtimolini tekshiradi.

Keyin manfaatlar to‘qnashuvi potentsiali bo‘lgan shaxs resurslar ajratishdagi muayyan masala yechimi yuzasidan qaror berish imtiyozidan chetlatiladi. U hatto bu masala muhokamasida ham ishtirok etmaydi. 

Ehtimol buning bizga nima daxli bor, deb so‘rarsiz? O‘zbekistonda so‘nggi oyda ikki tabiiy ofat yuz berdi – Sirdaryodagi to‘g‘on o‘pirilishi va Buxoroda qattiq shamolda uylarning vayron bo‘lishi.

Yuqorida ta'kidlaganimizdek, Sirdaryodagi to‘g‘on qurilishida ham, Buxorodagi namunaviy uylar qurilishida ham manfaatlar to‘qnashuvi asosida shakllangan bitta guruh, bir nechta oilaga oid shaxslar turganini ko‘rish mumkin.

Yana o‘sha Sanginovlar, Allamjonovlar, qudalar, kuyovlar va ularning behisob ochofat qarindosh-urug‘ aymoqlari.  

Davlat samarali rivojlanishi uchun mansabdorlar o‘z shaxsiy manfaatlari emas, jamiyat manfaatlari yo‘lida faoliyat olib borishlari kerak.  

O‘zbekistonda manfaatlar to‘qnashuvi haqida na qonun, na biror tartib qoida o‘rnatilmagan, shaffof va ochiq tenderlar o‘tkazilmaydi. 

Bundan tashqari, bunday tenderlarning qanchalik halolligini tekshiruvchi va manfaatlar to‘qnashuvini qo‘rqmasdan aniqlab, ko‘rsata oladidagi mustaqil tekshiruvlar o‘tkazuvchi, bugungi holatni mutlaqo o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan uyushmalar erkinlikdan mahrum qilingan.

Manfaatlar to‘qnashuvi, nepotizm, favoritizm, tanish-bilishchilikka o‘xshash boshqa holatlar bilan ham yaqinlikda yuzaga keladi.

Laokoon va uning o‘g‘illari

Ulug‘ haykaltarosh ishlagan Laokoon va uning o‘g‘illari degan asar bor. Asarda Laokoon va uning o‘g‘illarini ilonlar chirmab olganini ko‘ramiz. Bu ilonning oti korruptsiya.  Korruptsiyani yo‘q qilishni ham tepadan, ham pastdan boshlash kerak.

Falonchi mulozim million dollar davlat pulini o‘mardi, deb yozsak, birov qayrilib qaramaydi. Ammo Yulduz xuliganlik qilib milisalar yuziga tupuribdi, desak qiyomat qo‘padi.

Milisalar Yulduz o‘lguncha unga qarshi kurashishga qasam ichishdi.

Bundan buyon har bir GAI Yulduzning moshinasini to‘xtatib, minimum aptechkasidagi bintning srogi o‘tdi, deya jarima qiladi.

U to‘yga borayotganida to‘xtatib, sani mordang xotinlar qamag‘idan qochgan pobegdagi palonchi lyudoedkaga o‘xsharkan, deb kamida 2 soat shaxsi aniqlanadi.

Yulduzning Mansur degan shovvoz eriga qarshi butun bir provakatorlar galasi tashlandi. Baxo sedoy uje zeklar nomidan gapirdi. Sedoy 1988 yilda, jo‘xorizorda nima bo‘ganini aytib tashadi uje.

To‘yda yuzini piska bilan tilib tashashmoqchi. Ko‘chadagi stovosmoy shallaqi alkash o‘rislar, panelniydagi bomjlar uje hujumga o‘tdi.

Zaxirada pojarniylar turibdi. Mabodo Yulduzning uyiga o‘t ketsa, o‘chirishmaydi.

Yulduzning nomerlari 02 dejurniylarga berilgan. Mabodo vizov qilsa, hech kim bormaydi. Ishi chiqib qoladi hamma milisaning.

Yulduz to‘yga borganida sostav polniy katushka tekshiriladi. Kim ichgan, qaysinisi gera chekkan. Soliq to‘ladimi. Aliment-chi?

Halimasiyam, boshqa gavroshlariyam mushkaga olindi.

Eh Yulduz, tiling boshingga yetdi. Sening ashlangni aytib, xotincha kiyinib, tirikchilik qilib yurgan ikki artsga zulm qilganding.

Esingdami, ularning onalari seni qarg‘ashuvdi.

Anavi totor xola yomon qarg‘agandi.

Bundan oldin seni yedirib-ichirib pulli qilgan va hozir qamag‘da yotgan Gulnorani so‘kkanding.

Endi Ollohning matematikasi bilan jazo milisalardan keldi.

Har kim o‘z boshiga tushgan qorni o‘zi kuraydi. Har bir virusning antivirusi bor.

O‘shlik faol Izzatilla Rahmatillaev: «Bu Yulduzni otish kerak, dambani buzib minglab odamlarni xonavayron qilgan shu. Otishdan avval Qozog‘istonga yetkazilgan talafotning zararini ham Yulduzning hisobidan to‘latib olish kerak», deydi.

Chalg‘imaylik, to‘g‘ondagi damba o‘pirilib, minglab odamlar uysiz qolgani haqida gapirayotgan edik. 

O‘pirilgan to‘g‘on ziyonini kim to‘laydi?

Qozog‘istonning Turkiston viloyatida 10 ta qishloqni suv bosdi. 22 mingdan ortiq kishi evakuatsiya qilindi. O‘zbekiston hukumatiga qizil karta ko‘rsatildi. To‘g‘on qurishni eplolmagan o‘zbek amaldori nafaqat o‘z eliga, balki qo‘shnilarga ham kulfat keltirdi.

Urush paytida Toshkent millionlagan qochoqlarni bag‘riga olgan edi. Sirdaryoda uysiz qolgan aholini «Murod bilding»ning bo‘sh yotgan uylariga vaqtincha joylashtirsa bo‘lmaydimi? 

Uy jihozini Jo‘xa berib tursin. Sirdaryoliklar bu uylarda vaqtincha yashaydi. Uylari ta'mir bo‘lgach, qaytib ketishadi. 

Murod va Jo‘xalar tendersiz va davlat imtiyozlaridan foydalanib biznes qildi. Endi esa davlatning asosi bo‘lgan xalq qiyin axvolga tushganida yordam bersin. Shundog‘am uylari bo‘sh yotibdi hangillab.

Mehmonxonalar ham huvillab yotibti. Biri ikki bo‘lmas xalqdan hadeb gadoylik qilgancha, tayyor otellarga joylashtirilsin. Tayyor ko‘rpa-to‘shak, 3 mahal oziq-ovqat bilan ta'minlanadi. Kiyim-kechakni ham yetqazib bersin davlat.

Mirziyoev yana 3 milliard 300 million dollar qarz olmoqchi. Shu mavzuni Aleksey Volosevich  o‘z maqolasida yoritgan. 

Maqola «Mendan keyin to‘fon bo‘lmaydimi?» deb ataladi. O‘zbekistonning tashqi qarzi astronomik summani tashkil qildi. 

Eng yomoni, O‘zbekiston byudjetidan go‘yoki koronavirus paytida ishi yurishmagan «Siti» va «Murod bilding»larga moddiy yordam ko‘rsatilishi. Tag‘in manfaatlar to‘qnashuvi, tanish-bilishchilik. Nega xalqning pulidan bu o‘g‘ri tujjorlarga ko‘mak berish kerak?

Byudjet sarfi 7-8 milliard bo‘la turib, tashqi davlat qarzi to‘rt barobar ko‘p bo‘lsa, ahvol qiyinlashadi… Har xil risklar mavjudligidan ishlar ham sira ilgari bormaydi, bu qarz, ustama qarz olinishiga olib keladi. Ustamasining o‘zi hozirning o‘zida yiliga 1 milliard tug‘ib tashayapgan bo‘lsa!!! Tanazzul ham uzoqdamas bu ketishda. 

Topishmoqlarning javoblari

O‘tgan galgi va'zimda aytilgan topishmoqqa yutub kanalidagi izohlar ichida 50 dan ziyod javob kelibdi.

Birinchi topishmoq Chilonzor soliqchilarining muhtojlarga 1200 butilka yog‘ bergani haqida. Xo‘sh, soliqchining yog‘ zavodi bormi? 

Erkin Mengliev yozyapti: «Soliqchilar tarqatgan yog‘ xalqdan yig‘ib olingan milliondan bir ulush. Xo‘jako‘rsinga tarqatilgan. Ko‘zbo‘yamachilik bu. Prezidentning qarindoshi o‘sirib qo‘ysa ham frantsuz atiri hidi keldi, deyishyapti».

Abdunnur yozyapti: «Soliqchining yog‘ zavodi yo‘q. Ular pokus-mokus qiladi… peshana terini soqqa yoki yoqqa aylantirishadi…  yog‘ning sarqitini tarqatishadi…  soqqani tepaga tepvorishadi… tepadayam uydan ortgan mayda-chuyda soqqalarni tarqatvorishgan…»

Nurlan Niyozov: «Yog‘ berdi, pul berdi, degan gaplar cho‘pchak. O‘lma eshagim, tariq yeysan deganday…»

Ali To‘raev: «Ura, javobni men topdim!!! MIRZIYoYeV degan cho‘ponning orriq sigiri bor, shuning bir emchagini amaldorlar, qolgan uchchalasini ikki kuyovi bilan sog‘adi!!! Xalqqa tezagi tegadi!!! Bu sigirning nomi O‘zbekiston!!!»

Birinchi topishmoqqa javob bergan aksariyat yuzerlarning javobi taxminan bir xil. Soliqchilar xalqdan o‘g‘irlagan yog‘ning arzimas qismini muhtojlarga berishmoqda. Va bu dengizdan tomchi, xolos. 

Ikkinchi topishmoqning javoblari yanada qiziq.   

Prezidentning xotini besh ming nafar ayolga besh milliard so‘m pul berdi. Xo‘sh, uy bekasida shuncha pul qaerdan?  

Nargiza Yumaeva: «Gugusha  qaerdan olgan bo‘lsa pulni, Ziroat opa ham o‘sha yerdan olyapti-da.  Habibning  futbolkasiga to‘langan pul ham o‘sha yerdan».

Maqsud Ro‘ziev: «Ziroat kennoyi eskirgan samolyotlarni sotib, pulini bosib qo‘ygan bo‘sa kerak-da podvalga».

Quvondiq Karimov esa «Sotondan olib chakkaga urishyapdi», deb javob bergan. Har ikki topishmoq javoblarida aksariyat soliqchilar va prezident oilasi, ba'zan esa bu topishmoqni aytgan muallif uyat so‘zlar bilan bo‘ralab so‘kilgan, biz ularni o‘qimasdan o‘tishga harakat qildik.

Mana, endi va'zning she'r o‘qiladigan joyiga keldik. 

She'r fokuschi haqida:

Men bir bozingarman, bugun so‘nggi bor

Pardasiz sahnaga chiqaman kulib.

Aldab kelgan edim sizlarni har kun,

Ming bir bor tug‘ilib, ming bir bor o‘lib.

Ko‘ksimga sanchilgan nayzalar nayza –

Emas, ko‘zim ekkan maysalar edi.

Kaftimga qo‘ngan qush qo‘shig‘im tinglab

Sizlarni kuldirdi, tilimni yedi.

Tosh bilan boltani qarsillatgan men,

Bu yolg‘on o‘rmonda adashgan sizsiz.

Nay chaldim, darz ketgan umr ko‘zamdan

Ishqdan mast ilonlar chiqmadi, esiz.

Men bir bozingarman, bugun so‘nggi bor

Jaranglar tillari bog‘liq qo‘ng‘iroq.

Chiroqlar o‘chadi, boyo‘g‘li huvlab

Sarupo tikadi menga ming yamoq.

Chiqaman bo‘g‘zimda olovlar o‘ynab,

Xatoni pichoqday yutadi yurak.

Ko‘zimda favvora qon bilan o‘ynab,

Yuzimga sepadi – siz uchun ermak.

Dovullar chalinar, langarcho‘p sinib

Qularkan men dorman, so‘ramam shafqat.

Qumsoat sirlarim sanarkan bir-bir,

Alvido aytaman – sizlarga nafrat!

Men bir bozingarman, bugun so‘nggi bor

Pardasiz sahnaga chiqaman kulib…

Aziz Said

Do‘stim Aziz Said yozgan satrlar naqadar ravon va chiroyli. O‘zbek turkchasi atalgan tilning ifoda qudratiga misol.

Tunislik ofitsiantning tilga izzati

Yevroittifoq to‘plantilari va boshqa yig‘noqlarda frantsuz rahbarlari doimo frantsuzcha gapirganidan taajjublanar edim. Hatto majlis tili inglizcha deb belgilangan bo‘lsa ham bu yoshullilar nuqul frantsuz tilida sayrardi…

Parijdan sal olislab, Nitstsa tarafga qarab ketayotib kafega kirdim. Ingliz tilida qahva va baget (ichiga pishloq va shpinat solingan non) so‘radim. Ofitsiant o‘zini tushunmaganga soldi. Keyin nemis tilida so‘radim. Ofitsiant yuzini bujmaytirib, mendan uzoqlashdi. Men telefonimda gugl tarjimon orqali istagim frantsuz tilida qanday bo‘lishini aniqladim.

Talaffuzi qanday bo‘lishini eshitib ham ko‘rdim. Ofitsiantni imlab chaqirib, bir amallab Sil vu playax an a kafe et bageyt auzipinax (S’il vous plaît un café et baguette aux épinards) dedim. Uning yuzi yorishdi. Meni olqishlab tezda aytganlarimni muhayyo qildi. Frantsuz tiliga hurmat ko‘rsatganim uchun qahva yoniga ikki dumaloq shokolodni tekin ilova qildi. Se shokola vian de nu (Ce chocolat vient de nous), dedi ofitsiant.

Mening ofitsiantni millatchilikda ayblashga tilim bormadi. U tunislik musulmon yigit edi. Ammo frantsuz vatandoshi bo‘lgani uchun bu til unga aziz va mukarram…

Nega esladim buni? Toshkentdagi tadbirda turk diplomati o‘zbekcha – o‘zbek mulozimi esa o‘rischa gapirgani ensamni qotirdi. 

Navbat ertakka. Shu kunlarda odamlardan kelayotgan yordamni mensimay, «kam ta'minlanganlarning ustidan kulyapsizlar», deb gapirgan noshukur videosini ko‘rib, manovi hikoya esga tushdi:

Bir soatlik xalifa

Nomi chiqqan bloggerman. X viloyati hokimini so‘kong‘ichlikda ayblab, ikki yuzinchi blogni yozib, e'lon qilib yastaniiib o‘tiribman. 

Birdan eshik taqillab, hokimning o‘zi kelib qoldi. 

«Uka, sizdan iltimos, ertaga ertalab ikki soat mening o‘rnimga o‘tirib ko‘ring. Bu bir eksprement bo‘ladi sizga».

Umuman, yuz tuzilishim hokimga o‘xshaydi. Moviy rang kostyumga nos rang galstukni moslab taqib, ertalabdan X viloyati hokimining o‘rnida o‘tiribman. 

Qabul boshlandi. Bir otaxon kirib keldi. 

– Men nemislar bilan urushib, seni osmoningni musappo qilganman. Menga uy ber.

Otaxonga jilmayib, uning ismini gugl qildim. Otaxon urush tugaganidan 5 yil o‘tib tug‘ilgan. O‘g‘irlik va firibgarlik bo‘yicha ikki xodkasi ham bor ekan.

– Otaxon, oldingi ikki hokimdan uy olib, bittasini sotvoribsiz, yana bittasini kartaga yutqazibsiz, deganimni bilaman. 

Otaxon qiyomatni qoyim qilib, meni so‘kib  tashladi.

Uning oxirgi gaplarini xotirjam eshitib, xushmuomalalik bilan kabinetdan chiqarvordim.

Otaxon baqir-chaqir qilib chiqib ketdi.

– Men Berlinda nemisni o‘ldirganman, san hokim bo‘lib tinch o‘tirgin deb. Portalga yozaman onagni s….a.

Navbatdagilar kirdi.

Ikkita devday yigit 90 kirgan ko‘zi yoshlanib, oyog‘ida zo‘rg‘a turgan kampirni ikki yelkasidan ushab obkelishdi. «Davay, onaxon, duo qiling hokimni», deb amr berdi bu ikki dev.

– Iloya tutganing oltin bo‘lsin bolam…

– Muddao!» deya savol berdim.

– Karochche, biza bu tabarruk hoji onaning voyaga yetmagan navaralarimiz. Otamiz Rossiyada, onamiz Turkiyada. Bizadan xavar oladigan hech kim yo‘q. Posobiya bering, oka.

Tekshirib ko‘rsam, bu «bolalar»ning yoshi 25 dan oshibdi.

Ishga joylasam bo‘ladimi, g‘isht zovutiga, dedim.

– Oka, ish bizaga to‘g‘ri kemiydi. Shu posobiya beraqoling. 

Yo‘q, deyishim bilan ular kampirga signal berishdi.

Kampir meni qarg‘ab yoqamga yopishdi. Zo‘rg‘a qutuldim.

– Portalga yozamiz, san jalapni ustidan, deb chiqib ketishdi…

Oradan ikki soat o‘tdi. O‘tizinchi arzgo‘y kirib keldi.

– Kredit bering.

Bu odam nuqul kredit olib, to‘lamay, odamlarni kafil qilib kidat qiladigan firibgar edi.

– Berilmaydi, dedim.

– Kredit ber, ipplos, dedi u yana.

Mening jahlim chiqib, vahshiy hayvonga aylangan edim. 

– O‘zing ipplos, tvar.

U bo‘lsa onamdan so‘kdi.

Men bo‘lsam uni yoqasidan olib, yerga yotqizib, yarim soat tepkilab xumordan chiqdim.

Faqat qaysidir blogger videoga olib tarqatvoribdi.

«X viloyati hokimi tadbirkorni do‘pposladi», deb.

Eh, blogger, qo‘limga tushsang o‘ldiraman.

Ana shunaqa gaplar. Terisi boshqa dard bilmas, deyishadi-ku.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
13 iyun 2016
«O‘zbekiston ovozi» gazetasida e'lon qilingan «Mustaqil yurt odamlari bugunidan rozi, ertasidan ko‘ngli to‘q» sarlavhali maqolada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ...
25 fevral 2016
O‘zi bir xilu muallifi har xil maqolalardan bino bo‘lgan o‘zbek gazetalarida e'tiborimizga chalingan tendentsiya o‘zbek parlamenti Hisob palatasi hisobotiga ...
12 noyabr 2018
Yaqinda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev davlat hokimiyati organlari rahbarlarining majburiy mehnat ko‘rinishlariga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi javobgarligini oshirish to‘g‘risida farmon ...
3 avgust 2018
Bir paytlar neftbazadan benzin, solyarka olib chiqib sotar edik. Yashirincha olib chiqar edik, ishchilariga pul bersak, hech kim yo‘qligida ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...