Dayjest
25 fevral 2016

Raqamsiz hisobot, vatanparvar «O‘zbeknavo», mingta tanqid va oshqovoq

O‘zi bir xilu muallifi har xil maqolalardan bino bo‘lgan o‘zbek gazetalarida e'tiborimizga chalingan tendentsiya o‘zbek parlamenti Hisob palatasi hisobotiga oid biror raqam keltirilmagan maqolalar bo‘ldi. O‘zbek matbaachilarining “mahorati” shugina emas.

Tag‘in, bu galgi dayjestimizda paxtadan bo‘sh joylarga oshqovoq eksa xalq to‘yishi, plastik pulni naqdga aylantirib bergani uchun jazolangan tadbirkor, o‘zbek matbuotining o‘tgan yil mingta tanqidiy maqola e'lon qilganiyu, vatanparvalikka o‘rgatilayotgan “O‘zbeknavo” yallachilari haqida o‘qiysiz.

Hisob palatasining birorta raqam aytilmagan hisoboti muhokamasi

O‘zbekistondagi bir qancha nashrlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi fraktsiyalari va tegishli qo‘mitada Hisob palatasining 2015 yilgi faoliyati yakunlari muhokama qilingani haqida yozdi.

Bu haqdagi maqolalarning mualliflari har xil ekaniga qaramay, ulardagi gap-so‘zlar deyarli bir xil. Maqolalar sarlavhasi ham egizaklarga o‘xshaydi: “Maqsadli sarf-xarajat mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladi” (“Milliy tiklanish”), “Davlat byudjeti mablag‘lari maqsadli va samarali sarflanishi kerak” (“O‘zbekiston ovozi”), “Davlat byudjeti mablag‘larining maqsadli sarflanishi – muhim vazifa (“Xalq so‘zi”).

E'tiborlisi shundaki, xabarlarda Hisob palatasi o‘tgan yili 90 ta ob'ektda nazorat tadbiri o‘tkazganidan boshqa birorta aniq raqam yo‘q. Faqat “O‘zbekiston ovozi”dagi xabarda Sirdaryo, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlarida ayrim sohalarda maqsadsiz xarajatlar oshib borayotgani aytilgan, xolos.

Nazarimizda, Hisob palatasi o‘tgan yili byudjetdan qancha mablag‘ o‘g‘irlangani to‘g‘risidagi raqamlardan “ulkan yutuqlarimizni ko‘ra olmaydigan qora kuchlar” foydalanishi mumkinligi sababli bu haqdagi ma'lumotlarni oshkor etishni xohlamagan.

Oshqovoqxo‘r xalq bu yil to‘yadi

Yerga qancha go‘ng solish yoki ekinlarni “sharbat” usulida sug‘orish qanchalik muhimligi haqidagi bebaho maslahatlari bilan dehqon-fermerlarimiz o‘rtasida juda katta obro‘ qozongan “Qishloq hayoti” gazetasi prezidentning Toshkent viloyati hokimini ishdan olishga oid mashvaratdagi nutqidan ilhomlangan amaldorning fikrlarini keltiradi.

“Prezidentimiz o‘z nutqida barcha jabhalar qatori viloyat agrar tarmog‘ida erishilayotgan yutuqlarni alohida e'tirof etar ekan, barchamizning ko‘nglimiz iftixorga to‘ldi”, deydi Toshkent viloyati fermerlari kengashi raisi To‘lqin To‘raev.

U ma'lum qilgan yangi tajriba joriy yilda o‘zbekistonliklar oshqovoqqa to‘yishiga ishora beradi.

T.To‘raevning aytishicha, bu yil har bir fermer xo‘jaligi ekin maydonlari chekkasiga oshqovoq ekish tajribasiga asos solingan.

Aslida bu tajriba u qadar yangi emas. Bundan 5-6 yil ilgari ham bosh vazirning buyrug‘i bilan bo‘lsa kerak, shunday tajriba qo‘llanilgandi.

O‘shanda ham fermerlarga ekin maydonlari chekkasiga oshqovoq ektirilgan, lekin ura-ura tugashi bilan fermer dala chekkasiga mol-qo‘yini boqib, oshqovoqning umrini kalta qilgan edi.

Bunday tanqidlarni faqat o‘zbek matbuotigina ko‘tara oladi

“Hurriyat” gazetasi “Yosh jurnalistlar klubi”ning bu galgi yig‘ilishi “bo‘lajak jurnalist uchun juda muhim ko‘nikma – tahliliy-tanqidiy maqolalar yozish masalasi”ga bag‘ishlanganini bildirdi.

Unda yozilishicha, 2015 yilda respublika matbuotida mingdan ortiq tanqidiy maqola e'lon qilingan.

Yig‘ilishda yosh jurnalistlarga mahorat bobida dars bergan “Xalq so‘zi” va “Narodnoe slovo” gazetalari bosh muharriri o‘rinbosari Salimjon Doniyorov misol sifatida keltirgan tanqidiy maqolalar esa ham kuldiradi, ham kuydiradi.

Mana ular. “Piskent hayoti” gazetasida e'lon qilingan “Tozalik kimga kerak?” maqolasida savdo majmualaridagi sanitariya ahvoli tilga olingan. “Andijonnoma” gazetasidagi “Va'daga vafo istasalar…” maqolasida viloyatda “Kamolot” uylarini egalariga topshirishda sustkashliklar to‘g‘risida so‘z borgan. “Zarafshon” gazetasida esa Kattaqo‘rg‘on tumanidagi ayrim maktablarda o‘quv yiliga tayyorgarlik holati tanqid qilingan.

Agar yosh jurnalistlar S.Doniyorov tilga olgani kabi tanqidiy maqolalardan o‘rnak oladigan bo‘lsa, bechoralar haqiqiy tanqidiy maqola qanday bo‘lishini bilmay o‘tib ketar ekan, degan xayol o‘tadi ko‘ngildan. Qolaversa, bo‘lajak jurnalistlarga yil bo‘yi birorta tayin tanqidiy maqola e'lon qilmaydigan gazetalarning mansabdor qalamkashi aql o‘rgatganiga e'tibor qaratsak, yuqoridagi fikr juda asosli ko‘rinadi.

Namanganliklar pulini naqd qilib beradigan “madadkori”dan ayrildi

“Diyonat” gazetasining yozishicha, Namangan viloyatida fuqarolarning plastik kartochkalaridagi pullaridan 15 foizini olib qolish orqali naqdlashtirib beradigan tadbirkor javobgarlikka tortilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, bu tadbirkor turli xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarning to‘lov terminallaridan foydalangan holda 374 fuqaroning 232 million 512 ming so‘mga yaqin mablag‘ini yechib olgan. Bu orqali jinoiy sheriklari bilan 34 million 876 ming 800 so‘m noqonuniy daromad olgan.

Naqd pul muammosi aholining belini sindirib tashlayotgan O‘zbekistonda muayyan foiz evaziga pulni naqdlashtirib beradigan “tadbirkorlar” soni mingta. Agar ularga ham bir narsa bo‘lsa, xalq nima qilarkin?!

“O‘zbeknavo” yallachilarni vatanparvarlikka o‘rgatadi

“Kun.uz” nashri “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi matbuot xizmatiga tayanib, estrada ijodkorlari uchun o‘quv kurslari tashkil etilganini xabar qildi.

Unda yozilishicha, bu kurslar o‘quv dasturiga “mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, axborot xavfsizligi…” fanlari kiritilgan.

Xabarda bu kurslardan maqsad “xonandalarni o‘z ijodlari orqali ommaga vatanparvarlik ruhini singdirish, tinchlikni saqlash, Vatan ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilish, tahdidlardan ogohlikka chaqirish kabi yo‘nalishlarda xizmat qilishga undash” ekani ta'kidlanadi.

“O‘zbeknavo” bu yallachilarni “fanera”da emas, jonli kuylashga o‘rgatsa, balki foydaliroq bo‘larmidi, degan fikr keladi hardamxayol kallaga.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
13 fevral 2017
«Adolat» gazetasining yozishicha, shu nomdagi sotsial demokratik partiya deputatlari uyma-uy yurib, «joylarda muammolarni aniqlab, aksariyatini hal etyapti». Bu partiya ...
21 iyul 2024
Amerikaning Nyu-York shtati, Bruklin shaxri, Bensonxyorst (Bensonhurst) xududida 24 yoshli o‘zbek erkak o‘zining onasi, akasining turmush o‘rtog‘i va 5 ...
26 fevral 2018
Kalamushlar kema cho‘kayotgani uchun emas, balki ularga qarshi kurashishga bel bog‘lagani uchun qochish harakatiga tushib qoldi. Bir necha kun ...
7 iyun 2022
Bu kun Angliya fuqarolik jamiyati tomonidan monarxiya zo‘ravonliklarini cheklash yo‘lida tub burilish yasalgan sanadir. 1628 yilning 7 iyunida ingliz ...
Bloglar
28 may 2024
Men millatchi emasman! Lekin qaytadan ta'mirlatilgan va Toshkent shahrining sobiq hokimi J. Ortiqxo‘jaev tomonidan Pasxaga ...
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...