Asosiy mavzular
12 oktyabr 2020

“Qutqaring, men eplay olmayman, u men bilan qolsa o‘ladi”

Moskvada yangi tug‘ilgan chaqaloqni metroning kirish joyida qoldirgani uchun o‘zbekistonlik fuqaro sud qilinmoqda. U 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Moskva, Pechatniki tumani. 6-tergov izolyatori. Sovuq temir panjarali tor qafas. Ichkarida ko‘k ko‘ylak kiygan, qora sochli ayol o‘tiribdi. U o‘zbekistonlik 30 yoshli Maftunaxon Karimova. 

Fevral oyida ikki oylik o‘g‘lini metroning o‘tish joyida qoldirgancha g‘oyib bo‘lgan Maftunaxon bolani ochlik va kasallikdan qutqarmoqchi edi. Endi ayol qotillikka urinishda ayblanmoqda. 

Maftunaxon oddiy o‘zbek qishlog‘ida tug‘ilgan. Deyarli butun hayoti davomida u ota-onasi bilan yashadi. Zolim otasi xotinini kaltaklagan va shu sabablimi, u ruhiy kasalliklar shifoxonasiga tushib qolgan. 

Bir kuni Maftunaxon otasiga Rossiyaga borib onasini davolatish uchun pul topmoqchi ekanini aytdi. Bunga javoban esa otasi uni uydan haydadi.

Bir yarim yil oldin dugonasi unga xorijga chiqish pasportini tayyorlashda yordam berdi. Ular birgalikda Sankt-Peterburggacha yetib kelishdi. 

Maftunaxon ma'lumoti bo‘yicha – tikuvchi. Ammo o‘zini boqish uchun turli  ishlarga rozi bo‘lishiga to‘g‘ri keldi: baliq do‘konidagi farrosh ayoldan payvandchigacha. Unga kuniga o‘rtacha ming rubl to‘lashgan.

Sankt-Peterburgda Maftunaxon bir vatandoshi bilan tanishdi. Oradan bir muddat vaqt o‘tgach, undan homilador bo‘ldi.

– Erkak abortni talab qildi. Ular O‘zbekistonga qaytishlari, vatanida turmush qurib, keyin bola ko‘rishlarini aytib ishontirmoqchi bo‘ldi. Maftunaxon uni tashlab ketdi, – deydi ayolning advokati Aleksandr Timoshenko.

Ayol dugonasi bilan birga Moskvaga ketishga qaror qildi. Ammo ayollar poytaxtga yetib bormay, Moskva yaqinidagi Naro-Fominskda to‘xtashdi. Ular xuddi shu tarzda duch kelgan joyda arzimas chaqa uchun ishlashdi. Bir oyda Maftunaxon omadi kelgan taqdirdagina o‘n ming rubl ishlab topardi. Mablag‘ning deyarli yarmi turar joy uchun sarflangan.

Tug‘ishiga oz vaqt qolganida Maftunaxon O‘zbekistondagi uyiga xabar yozdi: “Yordam bering!”

Otasi va akasi bunga javoban: “Qaytib kelma! Bu yerda sen bizga kerak emassan». O‘shandan beri ayolning qarindoshlari bilan aloqasi uzilgan.

O‘tgan yilning 26 noyabrida Maftunaxon o‘g‘li Islombekni dunyoga keltirdi. Unga tuqqanidan 10 kun o‘tgach, bolaga esa bir yarim oydan keyin javob berishdi. Islombek tug‘ma kasallik bilan muddatidan oldin tug‘ilgandi. 

Shifoxonadan chiqqach, Maftunaxon uni uyiga olib ketdi. Ko‘pincha u qo‘lida chaqaloq bilan ishga borishga majbur bo‘lgan. Har kuni bolaga qarab o‘tiradigan odam yo‘q edi.  

– Fevral oyida bola shamollab qolgan. Shifokor unga dori-darmonlar buyurgan. Maftunaxon o‘zidagi bor pullarini doriga sarflagan, – deydi advokat Timoshenko. – Bola ochlikdan chinqirib yig‘laydi. Unda sut yo‘q, kuch yo‘q – hech narsa yo‘q. U tushundiki, bola o‘lyapti, erta yo indin u tamom bo‘ladi. Shu xayollar bilan Maftunaxon bolani qutqarish uchun uni davlatga berishga qaror qildi.

Maftunaxon qaerga murojaat qilishni bilmay tug‘ruqxonaga borgan. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, uni qo‘rqitish uchun politsiyani chaqirishlarini aytib, u yerdan quvib chiqarishadi (keyinroq perinatal markazdagilar ayol ulardan yordam so‘ramaganini bildirishdi). 

Kechga yaqin u Naro-Fominskda bolalar uyi ishlayotganini bilib qoldi. Ammo ular eshikni ochishmadi.

Ertalab bola ochlikka chidolmay qichqira boshladi. Maftunaxon tanishiga qo‘ng‘iroq qildi. Go‘dakni qaynonasiga bermoqchi ekanini aytib, uni Moskvaga olib borishni iltimos qildi.

Ertalab soat beshga yaqin Maftunaxon kelgan mashina “G‘alaba bog‘i” (Park Pobedы) metro bekati yaqinida to‘xtadi. Yer osti yo‘lakchasiga kirib, u oziq-ovqat mashinalarini ko‘rdi. Advokat ta'kidlaganidek, ona atrofi issiq o‘ralgan joy yaqinidagi stulga bolani qo‘yib, qochib ketadi.

Yo‘lovchilar deyarli shu zahoti bolani topib olishdi. Uni kasalxonaga yotqizishib, shamollashga qarshi davolashgan. Hozir u chaqaloqlar uyidagi vasiylik organlari nazorati ostida.

M.Karimova xibsxonadan onlayn sudda katnashmokda. @Novaya gazeta

Maftunaxonning o‘zi videokuzatuv kameralari yordamida topilib, ertasiga, 13 fevral kuni hibsga olingan. Dastlab u Jinoyat kodeksining 125-moddasi (xavf ostida qoldirish) bilan ayblangan. 

Bu modda bo‘yicha eng ko‘pi bilan bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi. Aleksandr Timoshenkoning ta'kidlashicha, bunday ishlarga aloqador shaxslar, qoida bo‘yicha, “jarimaga tortiladi, ammo odatda haqiqiy qamoq jazosi berilmaydi”.

Keyinroq Maftunaxonga nisbatan jiddiyroq jinoyat – “voyaga yetmagan bolani o‘ldirishga urinish” aybi qo‘yildi va uni 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishmoqchi.

Himoyachining ta'kidlashicha, jinoyat kvalifikatsiyasining o‘zgarishi bir necha ommaviy axborot vositalari, asosan, Rossiya telekanallarining Maftunaxonni bolasini “qorda o‘lib ketishi” uchun qoldirgani haqidagi xabarlari fonida sodir bo‘lgan.

“Maftunaxon bolani o‘ldirishni tasavvur ham qilmagan, u bolasini qutqarmoqchi edi. U nihoyatda umidsiz, qiyin vaziyatga tushib qolgandi. U qaerga borishi va nima qilish kerakligini uzoq muhokama qilishingiz mumkin. 

Politsiyaga murojaat qilish? U bundan qo‘rqadi va shunchaki nomini aytishsa ham titraydi. Bolalar qutisini (bebi boks) izlab topish? U bu nima ekanini va qaerda borligini bilmaydi. 

Ijtimoiy ta'minot organlariga qo‘ng‘iroq qilish? U deyarli rus tilini bilmaydi. Biz o‘z darajamiz kengligidan kelib chiqib fikr yuritamiz, uning uchun bu kosmos. 

U qo‘lidan kelgan hamma narsani qildi: bolani odamlarga olib bordi. “Saqlab qoling, mening imkonim yo‘q, u men bilan qolsa o‘ladi”, degan xayolda bo‘lgan”, deydi Aleksandr Timoshenko.

Olti oydan ko‘proq vaqtdan buyon Maftunaxon Pechatnikidagi 6-izolyatorda hibsda o‘tiribdi. U yerda o‘tirish ayolga oson emas. 

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, uning yordami bilan bir necha marta unga posilkalar berilgan. Buni ko‘rib, Maftunaxonni yoqtirmagan mahbuslardan biri tahdid qila boshlagan: “Advokat senga yordam beryapti, posilkalar yuboryapti, bizga esa yo‘q. Shuning uchun men seni o‘ldiraman».

Garchi advokati uni o‘g‘lining tirikligiga ishontirgan bo‘lsa-da, bir safar kameradoshi Maftunaxonga buning teskarisi aytadi. Shundan so‘ng uchrashuvlarning birida ayolning ahvoli yomonlashib, tez yordam chaqirildi.

Sentyabr oyida tergov yakunlandi. O‘tgan hafta jinoyat ishi Dorogomilov tumani sudiga o‘tkazildi. Ish hakamlar hay'ati tomonidan ko‘rib chiqiladi. Advokat Aleksandr Timoshenko Maftunaxonning to‘liq oqlanishiga ishonmoqda.

“Qotillikka urinish qasddan qilingan harakatdir. Maftunaxonda zarracha ham bunday maqsad bo‘lmagan. Umid qilamanki, sudda g‘alaba qozonib, bolani unga qaytarib beramiz. Ayol uchun bolasi zulmat olamida yorug‘lik nuridir”, dedi advokat.

Uning so‘zlariga ko‘ra, migrantlar uchun davlat idoralaridan yordam so‘rash juda qiyin. Ular har kuni kamsitishlarga duch kelishmoqda. Ular shunchaki tashqi qiyofasi sababli doimiy ravishda politsiya tomonidan to‘xtatiladi, bu noqonuniy amaliyotdir. Tabiiyki, ularning davlat muassasalariga ishonishi qiyin.

Jamiyat tashkilotiga murojaat qilish biroz osonroq. Ammo ular buni tanishlaridan kimdir maslahat bersagina qilishadi. 

“Pandemiya paytida biz migrantlarning oilalariga yordam berganimizda, ko‘pchilik biz ularni aldayapmiz, deb o‘ylab ko‘makni rad etishdi, – deydi advokat. – Muhojir ayollar kam holatlarda yordam so‘rab murojaat qiladi. Bizga hech qachon bolalarni joylashtirish masalasida bog‘lanishmagan. Moskvada abort qilish mumkin bo‘lgan joyni so‘rashgan, lekin bu ham asosiy talab emas edi”.

Gap shundaki, tug‘ish, homiladorlik yoki uni to‘xtatish istagi migrant ayollar uchun juda nozik mavzudir. Agar siz o‘z oilangiz bo‘lmay, nikohsiz tug‘adigan yolg‘iz ayol bo‘lsangiz, ko‘pchilik buni uyatli, sharmandali holat deb biladi. 

Shu asosda muhojirlar qarindoshlari bilan juda kuchli ziddiyatlarga borishadi. Shuning uchun ular jamoat tashkilotlariga qaraganda do‘stlarining maslahatiga murojaat qilishga ko‘proq tayyor bo‘lishadi.

Odatda ularning jamoat tashkilotlariga murojaatlari mehnat huquqlari buzilishi yoki tajovuz qilish bilan bog‘liq. Bir marta Moskvada Tojikiston fuqarosi kaltaklanib, uning yuziga juda katta jarohat yetkazildi. U eskirib qolgan registratsiyasi bilan politsiyaga murojaat qildi. Natijada uni shunchaki u yerdan quvib chiqarishdi.

Davlat idoralari migrantlarni biror narsadan, jumladan, jinoyatdan aziyat chekishi mumkin bo‘lgan odam sifatida ko‘rmaydi. Ko‘pincha ular migrantlarga jinoyatchi deya qarashadi. 

“Agar siz militsiyaga migrant bilan borsangiz, xodimlar tizimida nosozlik chiqib qoladi. Ularning kundalik amaliyoti yordam emas, haydab chiqarishdir”, deydi advokat.

Maqola originali «Novaya gazeta» nashrida bosilgan. “Eltuz” tarjimasi

Tag‘in o‘qing
26 avgust 2019
Toshkent shahrida 23-24 avgust kunlari Shayxontohur tumani 4-ichki ishlar bo‘limiga «Malika» savdo majmuasidagi tayanch nuqtasiga soqolli erkaklar tutib keltirilib, ...
26 sentyabr 2015
Bundan ilgari Eltuz Inson huquqlari Alyansi yetakchisi Yelena Urlaeva bilan mustaqil jurnalist Malohat Eshonqulovaning Guliston shahrida ikki nafar ichki ...
30 sentyabr 2022
Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana xafta aylanib siz bilan birgaman.MS. Tuz og‘a, sizam shu tarmoqda dim ko‘p ...
26 iyun 2017
39 inchi Xalqaro Moskva kinofestivali tanlovida Rossiyani tamsil qilgan uch asosiy kinodan birini Toshkentda tug‘ilgan rassom va rejisser Rustam ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...