Asosiy mavzular
27 yanvar 2023

RTdan va'z: To‘g‘ri gapdan qo‘rqqan ajdarho

RT: Siz bilan yana gurunglashish nasib etganidan ichimga sig‘may sevinib o‘tiribman. 

MS: Nichiksizlar, jollimisizlar, mo‘chchi bika, xo‘jik birrilar…

Bormisiz, og‘am, inim, singlim, opam, onam. Siz borsizki, men borman. Siz taraf uzatgan qo‘lim istiqboliga minglab qo‘llar salom va olqish uchun uzalayotganini ko‘rib turibman. Saflarimiz kengaymoqda. Qo‘llarni qo‘llarga beraylik, ellardan ellarga yuraylik. Qishning bir tutam kunlari kaleydaskop kabi yetti marta aylandi. Xafta o‘tib sizlar bilan yana yuzlashdim. Ammo o‘tkan safar meni yutubda tomosha qilib o‘tirgan qamashilik er xotin bugun tomashabinlar orasida yo‘q.

MC: Nishatdi yo sovuqdan do‘ngib o‘ldimi

RT: Is gazidan o‘ldi Matchonboy. Qashqadaryo viloyati Kasbi tuman Qamashi qishlog‘ida butun bir oila is gazidan o‘ldi. Er-xotin, ikki yashar qiz¸ olti yashar o‘g‘il go‘rda. 

MS: O‘zbekistonda energetika krizisi yechimni topmadi. Bu getishda xolq o‘lib qirilib getsa garak. 

RT: Matchonboy xalq qirilib ketsa demak qirilishga loyiq. Jorj Noel Gordon Bayron degan ingliz shoirining bir gapi bor «Kimki o‘z vatanini sevmasa demak u hech kim va hech narsani seva olmaydi» 

MS: Bu gap o‘risni goz bo‘yinturuqina ilingan yoshullilar haqqinda

RT: Ha to‘g‘ri. O‘zbekiston Energetika vazirligi Rossiyaning “Gazprom” kontserni bilan gaz sohasidagi hamkorlikka oid “yo‘l xaritasi”ni imzolashdi. Hujjatga O‘zbekiston tomonidan energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Rossiya tomonidan esa “Gazprom” rahbari Aleksey Miller qo‘l qo‘ydi. Rossiya gazdan siyosiy bosim va shantaj vositasi o‘laroq foydalanib, bizning umurtqasiz rahbarlar irodasizligi bois bilganini qilib yotibdi.

Bu haqda yurt oydini Sardor Salim mana bunday deb yozdi. O’zbekning siyosiy elitasi mavhum dunyoda mustaqil millatga rahbarlik qilishdan ko’ra Oq poshshoning general-gubernatori bo’lishni afzal biladi.

MS:  Daa. Bizani yoshullilani ipi kremlda.  Chӯlpon bovoni gapi ne kanaet…

RT: Urg‘ochi hayvonlarda kuchli bilan juftlashish instinkti bor. Masalan, ikkita qo‘chqor urishadi. Qo‘y bo‘lsa o‘sha yengan qo‘chqorning oldida to‘nqayadi. Aksar aholimiz ham shunday. Ular jismonan kuchli va puli bor odamga sig‘inishadi, talpinishadi. Salim o‘g‘riga tufli kiygizayotgan o‘zbek yigit ko‘zidagi quvonch aks etgan foto dunyoga mashxur bo‘lgan edi. 

Eksprement uchun qimmat moshinada yaxshi kiyim kiyib kelib, bozordagi lyuboy amakining basharasiga qaqshatib solsangiz, yiqilib tushganida ko‘tiga aylantirib tepsangiz, sizga u qarshilik qilmaydi. Atrofdagilar esa sizga hovos qilib, tilpo‘niga rasmga oladi. «Xo‘jayin, siz bilan selpi tushsam maylimi», deydi. Yana ikkitasini urib-ag‘darib, o‘shatdagi bir arava haydab yurgan qashshoq bolakay qo‘liga 100 dollar tutqazib va «Men maktabda ikkichi bo‘lganman, o‘qishdan foyda yo‘q. Pul topgin, ukam» deb qo‘ysangiz, milliy qaxramonga aylanasiz. Chiqib ketayotib, setka ko‘targan ko‘zoynakli bechora o‘qituvchiga bir o‘qraysangiz, bechora ishtoniga siyib qo‘yadi. Atrofdagi ma'rifat dushmanlari esa qotib kuladi. Bittasi kelib, sizning oyoq kiyimingizni artib qo‘yadi. Cho‘lpon bobo aytgan «xalq dengiz, u – bu » degan gaplar ne kanaet. Qotil, O‘g‘ri, Pedofil bo‘sayam bizaga shu mingta akademikdan aziz. Qani bir uvillavorchi  Matchon Suqilish

MS: (bo‘rini ovozi) Og‘o istasangiz shog‘ol bo‘lib qichqirib baraman. Lekin pa poydo bunnon. Ëshullila o‘ptim sotqin. Vulani otasam o‘risa sotilg‘on, bolosi oxtiq chuvliqlaram o‘risqul. Quvlosi moskva bi yoshulli, yoshi kichchilani. Siz so‘llaganiniz bilan na poydo.

RT: Ba'zan menga qarab, sening tanqidlaringdan ne foyda, o‘g‘rilar feysbuk o‘qimaydi, yutub ko‘rmaydi, telegram titmaydi deyishadi. Ammo o‘qisharkan. Kecha bitta o‘g‘ri chiqdi menga. “Insofli o‘g‘riman, o‘zbekiston rahbarlari  bilan solishtirsangiz, farishtaman”, dedi. Eh, o‘g‘rigina bola. Sen tushungan narsani el tushunmaydi.

Turkistonnning so‘nggi 200 yillik yaqin tarixi mag‘lubiyat, yengilish va xorlikdan iborat. Amaldor bo‘lib iqtidorga kelgan har qanday maxluqdan qo‘rqdik. Uning qo‘lida kuch bor, taxtda o‘tiribdi, deya andisha qildik. Qo‘limizdan nima ham kelardi, deb bo‘yin egdik. Ammo kuchsizlarning ham kuchi bor!

MS: Novvi akan bu guch?

RT: Bu kuch to‘g‘ri so‘zni aytishdir. To‘g‘ri so‘zdan ajdarho ham qo‘rqadi. Bugungi gurrung shu haqda.

MS: Uring gurringni og‘o. Dam soz, dam so‘bat. Bizla xozir gulamiz. Ëshullila bo‘yrodo guladi. To yest o‘lgan voqtinda o‘li yuvg‘uchi galib, bo‘yrog‘o yotirg‘oninda guladi vu qon toshog‘onlo…

RT: Matchonboy dunyoqarash va munosabatlar turlicha bo‘lishi mumkin, ammo vatan birdir. Vatanni sotgan rahbarlar ko‘r bo‘ladi bir kuni, xuddi Amir Olimxon ko‘r bo‘lgani kabi.

MS: Qaysi Olimxon. Jadid otamiz Behbudiyni so‘ydirg‘on poshshop Olimxonmi? O‘ris poshshodan orden olib, choponino doqib suvingan, xolqini xorop atkan Olimxonmi?

RT: Ha, o‘sha Olimxon. Davlatchilik nima¸ mustaqillik nimaligiga aqli yetmagan amir Olimxon. Umri so‘ngida Afg‘onistonda yashagan paytida ikki ko‘zi ko‘r bo‘ldi. Meni Amudaryo bo‘yiga olib boringlar, deb iltimos qilgan ekan o‘layotib. Shoir Omon Matchon buni o‘z vaqtida she'r ham qilgan.

MS: Qoni o‘qing duz og‘o, bu gullanbet shoir biratni she'rini…

Xalqim! Tilsiz bardosh ham umid bilan

Kimniki ko‘tarsang taxti a'loga,

Hali ko‘zlari ko‘r bo‘lmasdan burun

Tavobga olib bor Amudaryoga…

MS: Duz og‘a lekin keyingi 30 yil ichinda quri yoshullilala hazzatdi. Shula jit qildi. Novvi balo galsa oddiy xolqni boshshinda sindi. Qorsildap uchip gursildap singanam shu oddiy xolq bo‘ldi. Shunichunam xolq vunchalli rozi amas bi gapladan.

RT: O‘zbekiston mustaqil bo‘lgan 1991 yildan to shu bugungacha bu mamlakat boshiga ish tushgan birorta vatandoshini himoya qilmadi. O‘zbek vatandoshlarini taqirbosh irqchilar o‘ldirsa ham, haqorat qilsa ham O‘zbekiston hukumati ularning tarafini olib bir og‘iz so‘z aytmadi. Millionlab o‘zbeklar o‘z mamlakatida rahbar bo‘lgan millatdoshlari tarafidan muttasil talandi, xo‘rlandi va kamsitildi. O‘zbekiston uzoq vaqt o‘z vatandoshlari pasportiga chiqish vizasiini qo‘yadigan yagona moxov davlat sifatida qoldi. Go‘yoki O‘zbekiston ochiq osmon ostidagi qamoqxona.  O‘zbekistonni boshqargan bir guruh sobiq kommunistlar esa uning butun boyligini maksimium o‘g‘irlash uchun kunu tun tirishishdi. Odamlar gaz va elektr bamalol bo‘lgan Sovet davrini sog‘inib boshladi. Xalq uchun tabiat ato qilgan gazni ko‘tarasiga sotgan oz sonli korruptsioner mulozimlar katta otkatlar olib boyigandiru, ammo butun bir millat sovuqda dirdirashga mahkum qilindi. Mustaqillik oddiy odamlar nazdida  faqat azobu uqubat va yo‘qsillikni tamsil qildi. O‘zbekistonni boshqarganlarning oltin zakarli bolalari esa bu mamlakatni o‘marishni o‘ylashdiyu laoqal tilini ham o‘rganishmadi. Mamlakat boshida 27 yil turgan Karimovning ikki qizi, bir o‘g‘li va nabirayu abiralari o‘zbek tilida gapirmaydi. Boshqa mulozimlarning pushti kamaridan bo‘lganlar ham rusiyzabonlikni oliy martaba sifatida ko‘rishdi va ularni boyitgan el tilidan oshkora hazar qilishdi… Zotan boshqaruv elitasidagilar o‘zbek tilidan va fe'lan mamlakat mustaqilligidan hazar qilgan kriminal to‘da edi xolos. Yangi O‘zbekistonda esa safoevu, barnoev kabi mulozimlar rus millatchisini non va tuz bilan qarshilab oyog‘i tagiga qo‘y so‘yganini ham ko‘rdim. Koshki buni ko‘rguncha ikki ko‘zim oqib tushsa yaxshi edi.  Bu vaziyatda oddiy xalqdan ne ta'ma. Nima ko‘rdi u mustaqillikdan? Bu hukumat, bu davlat uni himoya qildimi? Unga odam kabi yashash, erkin harakat qilish huquqini ham ravo ko‘rmaydigan o‘gay hukumatni oddiy odamlar nega sevishi kerak? 

MS: Lekin inobi ulli yoshulli harakatini atip duribtiqu. Ina Toshkent hokimini ishdan oldi.

RT: Matchonboy, san qadimgi zamondagi kerosin lampachiroqni ko‘rganmisan?

MS: Ovong. O‘ylanganimda xotinim lampa go‘tarib gavadi. Galin moshin ko‘chani g‘oltingindo silkinib getib, lompo og‘dorilib galinni oq nilon go‘ynaki guvv atib yonib getib, tos o‘ljak adi. 

RT: Matchonboy, of topik bo‘lib mavzudan tashqari chiqib ketayapsan. Uylangan to‘yingda kortej ichida chiqqan yong‘in bu sening oilaviy problemang. Men jamiyat ichidagi yong‘in haqida gapiryapman. Xo‘sh qaerga keluvdik Matchon Suqilish?

MS: Lampa shisha…

(Kadrda Ergash Karimov uchrashuv filmidan Lampa shisha deb kuladi)

RT: Hullas, lampa shisha. Lampa shishaning tagida ko‘za bo‘ladi. O‘sha ko‘zaning ichiga yog‘ quyiladi. Ichiga pilik tiqiladi. Ëg‘ni shimgan pilikka gugurt chaqsang yonadi. Pilik mana oyog‘im moyda ekan deb porillab yonadi. Lekin lampaning egasi qaychini olib pilikning uchini kesib qo‘yadi. Keyin lampa tagidagi murvatni burab pilikning yangi uchini chiqarib yana olov yoqadi. Bu xolatda pilik emas, balki lampaning egasi yutuqda bo‘ladi. Ortiqxo‘jaev va boshqa mulozimlarning ishdan bo‘shagani shu pilikning uchi kesilgani kabidir. 

MS: Indi tushundim. Ortiqxo‘jaev pilikni yonib bo‘lg‘on uji akan. Indi vuni garakkinasi yo‘q. Og‘o mongo goz garakdir. Ko‘p amas oz garakdir. Gama boriip urilodi Dorg‘onoo, xot barib iyarin dorg‘on borg‘ono. Og‘o siza xot galibdi. O‘zam jillixonadan galibdi

RT: Ha, Matchonboy, bir paytlar odamlar Leninga xat yozishgan najot so‘rab. Hozir ba'zan menga ham yozishadi. 

Jinnixonadan Rassom Tuzga maktub

Salom, men 20 yillik stajga ega, malakali tibbiyot hamshirasiman (ismi, diplomi va boshqa hujjatlarini Eltuz ko‘rdi). Yaqinda Toshkent shahar ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasiga hamshira bo‘lib ishga kirdim.

Klinikadagi rahbar xodim mendan bu ishga kirish uchun 700 AQSh dollari miqdorida pora oldi. Bu summadagi pulni qarindoshlar to‘plab berdi (qarz). Klinikada malakali hamshiralar yetishmaydi. Doim vakansiya bor. Lekin ishga olish «cherez pora» degan potokka qo‘yilgan.

Menda uch yo‘l bor edi: 1. Pora berib ishli bo‘lish; 2 DXXga aytib ishlov berilgan pul yordamida poraxo‘rni ushab berish; 3. Ishsiz qolish.

Men birinchi yo‘lni tanladim. Chunki pul zarur. Erim vыkupga taksichilik qiladi. Qizim institutda o‘qiydi. Buni yozishdan maqsadim butun tibbiyot tizimini (balki boshqa tizimlarda ham) qoplagan porochnыy krug haqida jamiyat bilishini istadim. Porochnыy krug bu tibbiyotda tuzalmas kasal circulus in definiendo degan lotincha termindir.

MS: 700 olg‘an bo‘sa arzon, Xonqada medsestra yo boqchag‘a isha girish uchun 900 barmak garak. Bar poroni, o‘ldir buxoroni.

RT: Maqolni o‘zgartirma, Ber porani, o‘ldir fuqaroni. Agar Buxoro viloyatida bir kunning o‘zida “Tsinepar” siropini ichgan 23 nafar bola o‘ldi, deya shama qilmoqchi bo‘lsang, bu ham assossiz. Bu  xabarlar mutlaqo asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaganini prokuratura ma'lum qildi. O‘zbekistonda doridan bola o‘lmaydi. O‘lsa kattalar o‘lsa kerak. Bilasanmi, meni medsestraning 700 dollar pora berib jinnixonaga ishga joylashgani hayratga solmadi. Meni shok qilgan xolat circulus in definiendo degan lotincha termindir. Nahotki poraxo‘rlikning davosi yo‘q?

MS: Duz og‘o, Saropoyonni quminda kampir quyi dyan yer vo. Shu quyini odi aldin ajdar quyi adi, keyin kampir quyi bo‘ldi.

RT: Bu hikoyani bilaman Matchonboy. Jamiyatdagi illatlarni fosh qilgan kampirni qumdagi Ajdar quduq deb nomi chiqqan suvsiz quduqqa tashlashgan. Quduqqa tushgan kampir o‘z jamiyatidagi butun muammolarni quduq ichidagi ajdarga aytib berganida ajdar qo‘rqib qochib ketgan deyishadi. Shu tariqa Ajdar quduq kampir quduqqa aylandi. 

MS: Ovong og‘o! Piylaya oqcho‘p teramiz dap, quma borib odoshib, shu quyini yonino bordiq bir yilisi. Ichinnan halam kampirni sasi chiqib duribti. Xokimla o‘g‘ri, poraxo‘r dagan sasla chiqadi ming yildan barin..

Ha, Xorazmlik shoir yuz yil oldin yozgandi. 

Sipohi pora istar

Mulla ijora istar

Bechora chora istar

Bir chora zamon bormu?

Umuman boya aytgan Ajdar quduq afsonasi tillardan tillarga o‘tib yuradi. Bu haqda bugun tilga olganimiz shodiravon shoir Omon Matjon ham yozuvdi

MS: O‘qib baring og‘o. Ertakni o‘nninda ishitavaramiz

AJDAR QUDUQ

Xullas, shu atrof joyda,

Tin bilmay yilda-oyda

G‘iybat etib bor elni,

Sira tiyolmay tilni,

Bir kampir yashar ekan,

Haddidan oshar ekan…

Mana u boy qo‘shnisining tannoz xotinini nima deb g‘iybat qilibdi:

Otdan gapirmayman, yo‘q,

Ëtdan gapirmayman, yo‘q,

Men bordan gapiraman,

Er, ordan gapiraman:

Yo o‘zi naq xezalak,

Yo boylikka jon halak,

Xotiniga qaramas,

Erkalamas, silamas,

Shundan ul xonnm erka,

Xiyonat qilar erga.

Eri-ku sezib yurar,

Bag‘rini ezib yurar.

Lekin inday olmaydi,

Bolta bilan solmaydi,

Nega desang ul «o‘ynosh

Mingboshiga qarindosh…

Buni hamma biladi,

Hatto gap ham qiladi.

Men gapirgan zahotim,

G‘iybatchi bo‘lar otim,

Qo‘y, qo‘y, zamona qursin!

Mana u qassobni qanday g‘iybat qilibdi:

Iloyim oti o‘chsin,

Tig‘i bo‘yniga tushsin.

Qovurg‘a, ichak-chavaq,

Kalla-poycha, bosh-oyoq

Avval go‘sht sanalmasdi,

Torozuga minmasdi.

Endi bari halolmnsh,

Tashlasalar, uvolmish!

Ha, unga ham ko‘p qiyin,

Ponsod ko‘p, ko‘p xo‘jayin,

Go‘shtni shular oladi,

Suyak bizga qoladi.

Buni hamma biladi,

Hatto gap ham qiladi,

Men gapirgan zahotim

G‘iybatchi bo‘lar otim…

Ko‘y, qo‘y, zamona qursin.

Mana, kampirimiz bir to‘yga bornb baxshini qanday g‘iybat qilibdi:

Tori sinsin iloyim,

Ko‘pi bir kuydir doim,

Yangi  mavzu  to‘qimas,

O‘tganlardan o‘qimas,

Ko‘zi pulda, hamyonda,—

Amaldorda, a'yonda.

Shularni madh etadi,

To‘tidan ham o‘tadi

Faqat shunga til — biyron,

Buni hamma biladi,

Hatto gap ham qiladi,

Men gapirgan zahotim

G‘iybatchi bo‘lar otim…

Qo‘y, qo‘y, zamona kursin.

Axiran kampirni tartibga chorlash uchun madrasaning domlasini yuboribdilar. Kampir uning va'z nashatlarini tinglab bo‘lib, shunday deb shang‘illabdi:

Sen ham domullomisan,

Zaboning tillomisan?!

Biliming yo‘q — kaldaysan,

Bolalarni aldaysan!

Bilmaysan — xudo qayda,

Bilasan — foyda qayda,

Pulsiz qolsang tullaysan,

Qur'onni ham pullaysan!

Bilim odami bo‘lsang,

Elim odami bo‘lsang,

Amaldor boyga emas,

Kambag‘alu, xoru xas —

Jonlarga qilgin nazar,

Sen-chi, qilasan hazar!

Naq it bo‘lib uvlaysan,

Madrasangdan quvlaysan.

Nega desang, puli yo‘q,

Dudi boru kuli yo‘q.

Buni hamma biladi,

Hatto gap ham qiladi,

Men gapirgan zahotim

G‘iybatchi bo‘lar otim…

Qo‘y, qo‘y, zamona qursin.

Domla gap bilan kampirni yengib bo‘lmasligini anglab, talabalarini uni kalaka qilishga gijgijladi. Lekin kampir ularga qarab shunday qattiq va ko‘p gapirdiki, biz birgina parchasini keltirish bilan kifoyalanamiz:

Bolamassiz, balosiz,

Qachon gapdan qolasiz,

Domlalaring aldagach —

Aqllaring kalta, kaj.

Hech biringning dining yo‘q,

Ilming yo‘q, tayining yo‘q,

Baring boyning o‘g‘lisan,

Baland joyning o‘g‘lisan.

Sizdan chiqar edi kim:

Ug‘ri, kazzob yo hokim…

Domla:

«A? Bularni yo o‘g‘ri, yo hokim bo‘ladi dedingmi?..»

Gap darhol hokimga borib yetibdi. Bilamiz, hokim aslida rahmdil, insofli odam bo‘ladi. Lekin o‘zini haqoratlagan kimsani jazolashi kerak-da!

Kampirni qirq ming yildan beri yoniga birov borishga qo‘rqadigan, elda «Ajdar quduq» nomi bilan mashhur bo‘lgan chuqurga tashlashga buyuribdi.

Kampir qo‘rqib ketib, hokimga ancha yig‘i-sig‘i qilibdi. Hokim esa maza qilib, kulibdi xolos: «U yerda bir o‘zing yotmaysan-ku, jin-ajinalar ulfat bo‘ladi! U dunyoni ham bnr boplab g‘iybat qil…»

Shunda kampirning jahli chiqib ketibdi, baribir o‘laman, deb gapini aytib qolibdi. Ko‘p gapiribdi, xo‘p gapiribdi, hokimga aytganlarining hammasini elga oshkora qilmay, biz bir og‘izini keltirdik, xolos:

Xo‘sh, yolg‘onmi gaplarim,

Yoqmasmi talablarim?

Birgina aybing ochay,

Yolg‘on desang ont ichay.

Sen bu yurtga bo‘lgach bosh,

Faqat yaqin qarindosh —

Xeshlaringni to‘plading,

«Boshqa»larni ko‘plading,

Qayda ne mansab bo‘lsa,

Qayda ozroq naf bo‘lsa,—

Xeshlaring oldi qo‘lga,

Boshqalar do‘ndi qulga…

Buni hamma biladi,

Hatto gap ham qiladi.

Men gapirgan zahotim

G‘iybatchi bo‘ldi otim,

Qo‘y, qo‘y, zamonang qursin!!!

Xullas, bu gaplar endi befoyda edi. Kampir yomon kunga qoldi, «Ajdar quduq» g‘oyat dahshatli, etni jimirlatadigan turli-tuman g‘o‘ng‘illashlarga to‘la, zax va qorong‘u joy edi. «Tavba!» debdi kampir quduqning tagida o‘tirib. «Ajdar deganlari katta va kuchli maxluq bo‘ladi der edilar. Uni gapirib bolalarimizni qo‘rqitar edik. Biz bilgan ajdarlar butun-butun shaharlarni, davlatlarni egallab, qurbonlik so‘rar edi. Deyman, bu maxluqlar ham zamoniga qarab har xil bo‘lar ekan-da! Manov quduqda yashagan Ajdar, deyman, fahm-farosatsiz, o‘z haqini tanimaydigan, hukmdorlarning tilsiz-zabonsiz xizmatkoriga aylanib qolgan, umri bo‘yi ashshakdan battar xizmat qilib, oxirida yetishgani faqat shu qorong‘u go‘r — sayoq itlar ham hazar qiladigan o‘ra — bir baxti qora ajdar bo‘lsa kerak! Gapim noto‘g‘ri bo‘lsa bu jahannam qudug‘i «Ajdar»degan ulkan nomga munosibmi, eh dunyo,  dunyo! Men gapirsam — otim g‘iybatchi…»

Kampirning gapi dahshatli bir guldurosdan bo‘linibdi. Quduq ichida go‘yo momaqaldiroq turganday

zilzila boshlanib, yer yorilganday bo‘libdi. Sababi, bu yerda chindan ham qirq ming yil burun uyquga ketgan bir keksa Ajdar tuproq ostida oromda yotar ekan.

 Qirq ming yilki, uni hech narsa uyg‘ota olmagan ekan. Lekin kampirning g‘alati tanqidi, ta'nakor gaplari sho‘rlikning jon-jonidan o‘tib ketibdi.

Ajdarning hayoti chindan ham kampirning qarg‘ishidagidek alamli bo‘lgan ekanmi yo shunchaki g‘iybatga chidamasdanmi, ishqilib, shart o‘rnidan qo‘zg‘olib, osmoni falakka ko‘tarilib, quduqni tark etibdi.

…Aytishlariga qaraganda, shu kuni havo ochiq ekan, lekin birdan momaqaldiroqni eshitib, hamma hayron qolibdi. Birov: «Ana, Ajdar g‘iybatchi kampirni narigi dunyoga olib ketdi!» desa, birov: «Yo‘q, Ajdarning o‘zi kampirning gaplaridan bezor bo‘lib qochib ketgan!» deb gap qilgan. Xullas, shu-shu, bu joyni endi goh «Ajdar QUDUQ», gohi esa «Kampir QUDUQ» deydigan bo‘lishibdi. Bu voqea qaerda o‘tgan dersiz? Aytmayman! Buni o‘zingiz eslab ko‘ring: yashayotgan joyingizga yaqin yerda «ajina quduq», «alvasti g‘or», «shayton o‘ra», «jin teshik» kabi sirli, xilvat joylar bor! Ularning ko‘pchiligidan haligacha g‘o‘ng‘illagan ovozlar eshitilib turadi.

Ishonmasangiz, borib ko‘ring…

MS: Sho‘rda to‘xtab yonqi gapni oyting og‘o!

RT: Assalom O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

@eltuz

Tag‘in o‘qing
3 may 2017
Karimov davrida shahar chekkasiga chiqarib tashlangan Shomahmudovlar haykali yana markazga qaytarilmoqda. “San'at asari o‘laroq men bu haykal majmuasini hech ...
10 avgust 2018
Bugun Eltuz.com nashri O‘zbekistondagi korruptsion boshqaruv tizimini aks ettirgan rassom Elsevarning yangi hajviy suratini aqdim etadi. Bu kleptokratik inshootdan ...
11 fevral 2016
Rassom Tuz Yevropadan turib ochiq jamiyat faollariga huruj qilayotgan o‘zbek rejimi qo‘g‘irchoqlarini hajv ostiga oladi. «Men Obidov voqeasi o‘zbek ...
30 iyun 2017
Mirziyoev artistlar bilan uchrashuvida «xalq uchun ishlayotgan» akterlarga teatr yonidan ko‘p qavatli uy qurib berishni va'da qildi. Prezidentning fikricha, ...
Bloglar
22 sentyabr 2024
Vokal va vizual undan oldingi jiguli qo‘shig‘ining siyqa takrori xolos. Qo‘shiq melodiyasi kavkaz diskotekalridagi «Shiki ...
9 sentyabr 2024
Yaqinda miyani o‘rganish bo‘yicha yirik mutaxassis Tatyana Chernigovskaya ma'ruzasida ayollar bir paytning o‘zida hamma narsaga ...
10 avgust 2024
O‘zbekistonda bir arvoh kezib yuribdi. Bu Karimov arvohi. O‘zbekiston Karimov davridagi paranoyaga qaytib matbuotdagi «arvox» ...