8 yashar qizni zo‘rlamoqchi bo‘lgan yigitga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
15 iyul kuni Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida 8 yoshli qizni 29 yoshli M.Z. erkak maktab hojatxonasida zo‘rlamoqchi bo‘lgan. Bu haqda o‘sha kunning o‘zidayoq tuman IIBga qizning onasi ariza bilan murojaat qilgan.
“Eltuz” muxbiri jabrlanuvchi tomon va rasmiylarning voqea haqidagi fikrlarini o‘rgandi. Ayblanuvchi bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.
IIBga yaqin manbaning aytishicha, voqea joriy yilning 15 iyul kuni soat taxminan 13:00 lar atrofida bo‘lgan. Arizachi O.D. 8 yashar qizi S.E.ni do‘konga yuboradi. Qiz kelavermagach, 20 daqiqacha vaqt o‘tgach, o‘zi ko‘chaga chiqadi. Do‘kon tomon yuradi, u yerda bo‘lmagan qizini izlashga tushadi.
Shunda qiz mahallaga yaqin 35-umumta'lim maktabi tomonidan chiqib keladi. Qiz do‘konga bormagani, uni yo‘lda bir notanish erkak velosipedga mindirib, maktabga olib borgani, maktab hojatxonasiga avvaliga o‘zi kirib, keyin qizni ham chaqirganini aytadi. U yerda yigit qizni o‘pgan va yechintirgan. Zo‘rlashga uringan.
IIBga yaqin mulozimning xabar berishicha, voqea o‘sha kunning o‘zidayoq nazorat ostiga olingan. Tergovga qadar tezkor qidiruv tadbirlarida gumondor topilgan.
U Sayxunobod tumanidagi Gulbuloq mahallasidagi Oybek ko‘chasida istiqomat qiluvchi, muqaddam sudlangan 29 yashar M.Z. ekani ma'lum bo‘lgan.
Orada qizning onasining aybdorga hech qanday jazo ko‘rilmagani va ishlar to‘xtagan, degan mazmundagi videochiqishi ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Bunga tuman IIB rasmiy munosabat bildirdi.
Ammo jabrlanuvchi tomonning ma'lumotiga ko‘ra, yigit hali ham jazoga tortilmagan (Xuddi shunday mazmunda tahririyatimizga Andijon viloyati Asaka tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro ham murojaat qilgan edi. U voyaga yetmagan qizlardan jinsiy hirsini qondiruvchi, o‘zining 7 yashar qizini zo‘rlamoqchi bo‘lgan fuqaroning jazoga tortilmayotganidan norozi edi).
Sayxunobod IIBning rasmiy xabarida mazkur holatda fuqaro M.Z.ning harakatlarida Jinoyat kodeksining 129-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjudligi sababli 2020 yil 14 avgustda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani aytilgan.
Hozirgi kunda holat bo‘yicha Sayxunobod tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Mulozim hali ish yakunlanmagani ma'lum qildi.