Kundalik
2 may 2015

AQSh Toshkentni Muhammad Bekjonni ozod qilishga chaqirdi

AQSh Davlat departamenti matbut vakili Jeff Ratke 1 may kuni Vashingtonda o‘tgan matbuot brifingida O‘zbekiston hukumatini uzoq yildan beri qamoqda qolayotgan muxolif jurnalist Muhammad Bekjonni ozod qilishga chaqirdi.

61 yoshli Muhammad Bekjon 1999 yil 16 fevral portlashlariga aloqadorlikda ayblanib 12 yilga ozodlikdan mahrum qilingan va 2012 yilda uning jazo muddatiga yana 5 yil qo‘shib berilgan.

-Biz O‘zbekiston hukumatini Muhammad Bekjonni ozod etishga va mustaqil jurnalistlarning qo‘rquvsiz faoliyat yuritishlari uchun imkon yaratib berishga chaqiramiz, – dedi Jeff Ratke.

O‘zbekistonda 16 yildan buyon qamoqda qolayotgan taniqli jurnalist Muhammad Bekjon masalasi AQSh Davlat departamentida ilk bor ko‘tarilayotgani yo‘q.

O‘tgan yili “Matbuotni ozod qiling!” deb ataluvchi yillik matbuot yig‘inida AQSh Davlat departamentining o‘sha paytdagi matbuot vakili Jen Psaki:“Muhammad Bekjonov 1999 yildan buyon qamoqda qolayotgan o‘zbekistonlik jurnalistdir. Bekjonov Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasiga ko‘ra, dunyodagi eng uzoq qamoqda qolayotgan jurnalistlardan. 2012 yilda Bekjonov ozodlikka chiqish vaqti kelganida qamoqxona tartibini buzganlik aybi bilan unga besh yillik qamoq muddati qo‘shib berildi. Uning sog‘ligiga so‘nggi 15 yil mobaynida jiddiy putur yetdi. U hozir zudlikda tibbiy muolajaga muhtoj. O‘zbekiston hukumatini zudlikda unga tibbiy yordamni ko‘rsatishga chaqiramiz”, degan edi.

Jurnalist o‘zi ustidan o‘tkazilgan mahkamada portlashlarga aloqadorlik haqidagi ayblarni qat'iyan rad etgan edi.

Qamalishidan oldin Muhammad Bekjon muxolifat nashri hisoblangan “Erk” gazetasiga bosh muharrirlik qilgan. U muxolifatdagi O‘zbekiston xalq harakati va «Erk» partiyasi lideri Muhammad Solihning ukasidir.

Inson huquqlari tashkilotlari Muhammad Bekjon prezident Karimovning siyosiy raqibi bo‘lgan akasi Muhammad Solihning faoliyati uchun jazolanganini aytishadi.

2013 yilda Parijdagi «Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti o‘zining yillik mukofotini Muhammad Bekjonga berish to‘g‘risida qaror qabul qilgandi.

Hozirda Bekjon Navoiydagi Zarafshon qamoqxonasida saqlanmoqda. Uni qamoqxonaga borib ko‘rgan rafiqasi Nina Bekjon turmush o‘rtog‘ining sog‘lig‘i o‘ta yomonlashgani va unga jarrohlik amaliyoti zarurligini aytgan edi.

Muhammad Bekjonning rafiqasi va uch qizi hozir Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashaydi.

Hurmat Bobojon
02.05.2015

Tag‘in o‘qing
18 avgust 2018
Hozirda AQSh bo‘ylab sayohat qilayotgan, ko‘pchilikka «Alvido, Jasliq!» kitobi bilan mashhur sobiq siyosiy maxbus Muhammad Bekjon «Eltuz» nashri o‘quvchilari ...
5 sentyabr 2016
Karimov o‘limi undan kasal va zaif bir jamiyat va uni shu ahvolga solgan rejim yashashda davom etayotganini namoyish qildi. ...
20 aprel 2017
O‘zbekistonlik tahlilchi Anvar Nazirning Eltuz muxbiriga bildirishicha, yaqinda Toshkentda hokimiyat darajasida o‘tgan komissiya yig‘ilishida kirilga qaytmaslik, lotin alifbosini saqlab ...
29 aprel 2022
Azizlar yana sizlar bilan hamsuhbatman. Popuk qizlar yashaydigan Popdan tortib, boy biznesmenlar pulini traktor pritsepida tashiydigan Muxomongacha, Enamyaxshi qishlog‘idan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...