Kundalik
10 aprel 2021

RTdan va'z: Qo‘ylar qo‘chqor – odamlar qo‘y bo‘lgan o‘lka

Faloniy o‘ylar: nechun

Tomni bosdi tog‘dek qor.

Bir nayrang yetgan ko‘kka,

Amerika aybdor.

Sigir qochmas buqadan,

Bolalar ayronga zor.

Mo‘minga nushkul,  kofir

Amerika aybdor.

Xotin der:  yilda bir ham

Yolchitmaysiz,  bo‘ldim xor.

Uzun soch,  aqli kalta . . .

Amerika aybdor.

Dildorini ushladi

Birovlar bilan bisyor.

Yori toza,  pardali. . .

Amerika aybdor.

Qizi buzilib ketdi,

Dubayda sotadi or.

Hammasiga la’nati

Amerika aybdor.

Shu bois KGBga

Shohimiz shotir,  hamkor.

Kolumbni Sudga beray,

Amerika aybdor.

(2015 yil, Yusuf Juma)

Shoir Yusuf Jumaning 16 yil muqaddam bitgan bu satirik she'ri shu kunlar O‘zbekistonda avj olgan aksil g‘arb kayfiyatini mohirona aks ettirgan. Sveti yo‘q, oyligi yo‘q, ishsiz, egani noni yo‘q olomon o‘zining o‘ta qo‘rqoqligini tan olmaydi, o‘zini ayblamaydi. Har qanday maqolaning sarlavhasini zo‘rg‘a o‘qiydi. Chunki chalasavod. Keyin millionta xato bilan qing‘ir-qiyshiq qilib, kimnidir qarg‘ab-sannab bir narsa yozadi.

Hamma suvni yaxudiylar ichib qo‘ygani uchun tomorqam quridi degan ma'noda. Maktabda o‘qimagan, alifni kaltak deya olmaydiganlar endi ho‘kizday bo‘lib o‘tirishibdi. Na yozish na o‘qish va na sanashni biladigan avom. Ularga anovi aybdor, deb chet eldagi odamni ko‘rsatsang, qarg‘ab beradi. O‘zi ma'nosini tushunmaydigan o‘rischa so‘kishlar ishlatadi. Hukumat oxiridan yemlanadigan bloger va umuman savodi yo‘q deputatlar bu avomga asosiy aybdorni topib berishdi.

Ey piypl o‘zingni bos. Sen qo‘rqadigan olabo‘ji demokratiyaning D xarfi ham yo‘q O‘zbekistonda. Ishonmasang noshir va neojadid Firuz Allaev yozganlarini o‘qi. Darvoqe, xarf tanimagan odamga o‘qi deb bo‘lmaydiku, Yaxshisi o‘zim o‘qib beray:

“Demokratiyadan olabo‘ji kabi qo‘rqadiganlarni xursand qiladigan xabar bor menda. Bizda yaqin kelajakda demokratiya bo‘lmaydi.

Mamlakatda demokratiya bo‘lishi uchun demokratik fikrlaydigan ziyoli qatlam, fuqarolik jamiyati va demokratik institutlar bo‘lishi kerak. Bir necha demokratik aql markazlari o‘z tahlillari bilan mamlakat hayotiga, fuqarolar ongiga keskin ta'sir qila bilishi kerak. Lekin, ko‘rib turibmizki bizda na demokratik elita, na demokratik fikrlaydigan ziyoli qatlam, na aql markazlari, na demokratik institutlar bor.

Uch-to‘rtta ajralib chiqqan ziyoli, bloger yoki faollar bilan kerakli idoralar yaxshi ishlab, trollar va boshqa vositalar orqali xalq oldida nomini bulg‘ab bo‘lishdi. Ularning o‘zlari ham qo‘rqib qolib, o‘zlarini tsenzura qilib, tillarini ancha tiyib olishdi. Biz demokrat deb bilgan qolgan ba'zi deputat, jurnalist, siyosatchi yoki ziyolilar shunchaki erkinlik kostyumini kiygan qadimchi konservatorlar ekanligi ko‘rinib qoldi. Mamlakatning birinchi raqamli axborot sayti fuqarolar ongini demokratiyaga qarshi yuvib turganda, boshqalar haqida nima deyish mumkin?!

Aholimizga ham demokratiyaning bir tiyinlik qizig‘i yo‘q. 98 foiz aholiga demokratik reformalardan ko‘ra, mashinaga tonirovkani tekin qilinishi, chiroyli raqamning narxi pasayishi yoki to‘ylarni yanada kattaroq qilishga ruxsat berilishi qiziqroq.

Demokratiyaga erishish uchun insonlarning ongi o‘zgarishi, o‘n yillar davomida xalqda demokratik ruhiyat, institutlar shakllanishi kerak. Boshqa har qanday holatda ham demokratiya o‘rnatib bo‘lmaydi

Sizni ishontirib aytamanki yaqin 10 yilda bizda demokratik mamlakat bo‘lmaydi. Biz bunga shunchaki tayyor emasmiz. Bizning ongimiz bunga tayyor emas. Shu uchun O‘zbekistonda demokratiya bo‘larkan deb ichingizni yemasdan, bugungi oshni maza qilib yeng. Ortidan G‘arbni va demokratiyani so‘kib, achchiqqina issiq choyni ham ho‘plab qo‘ying. Ma'naviyatimizga ko‘z tegmasin.  Dam olish kuningiz yaxshi o‘tsin».

Hozir esa qisqa xabarlar.

Qisqa xabarlar

Qo‘ylar namoyishga chiqdi

Odamlar uchun miting taqiqlangan mamlakatda 3 aprel kuni qo‘ylar namoyishga chiqdi. Ko‘rayotganingiz bu qo‘ylar yaylovsiz qolgan. Qo‘ylarining ochdan o‘lishidan qo‘rqqan Samarqandlik cho‘ponlar ularni Nurobod tuman hokimligi binosi oldiga haydashdi Hokim ochlikdan ma'rab, yaylov so‘rayotgan qo‘ylar oldiga chiqmadi. Qo‘ylari hokimiyat aybi bilan yaylovsiz qolgan cho‘ponlar norozi. Janob hokim qo‘ylarga yaylov cho‘ponlarga erkinlik va yordam bering! Jamiyatdagi odamlar passivligi va hokimlar o‘zboshimchaligidan qo‘ylar  azob chekmoqda.

Oltin topildi

Qatarda neft topilganida xalq orasida taqsimlangandi. O‘tgan hafta O‘zbekistonda yana bir oltin koni topildi.

“Chuqurquduq” oltin koni.

Ishqilib, chuqurquduqdan olingan oltin chuqur cho‘ntaklarga kirib yo‘qolmasa bo‘ldi

MASHINA O’G’RISI

Marg‘ilonlik 27 yoshli Abduqaxxor 1 aprel kuni kuppa kunduz kuni kumushrang sparkni uyining oldiga qo‘yib, ichkariga kirdi. 5 minutdan keyin chiqib qarasa spark yo‘q.

Kambag‘alning uyi kuysa kuysin, sparki o‘marilmasin. Abduqaxxor zorlanib yig‘ladi. Marg‘ilon mirshablari Abduqaxxorga qarab «yig‘lanmasin, nega yig‘lanadi? Agar Mirziyoev saltanatidan chiqib ketmagan bo‘lsa topamiz» deyishdi va topishdi.

33 yashar Otabek degan marg‘ilonlik o‘margan ekan. O‘g‘ri qamag‘da. Moshina og‘ilda.

Marg‘ilonda shunday moshina o‘g‘risi bor ekanu bilmay yurgan ekanmizda.

Koreyada birdan 10 o’zbek koronavirusga yo’liqdi

Janubiy Koreya rasmiyari tarqatgan xabarga ko‘ra, 29 mart kuni mamlakat markazidagi Chonpyon okrugida 10 nafar O‘zbekiston fuqarosi koronavirusga chalingani aniqlandi.

Sog‘liqni saqlash idoralari klaster infektsiyasi qanday yuqtirilganini aniqlashga urinmoqdalar.

Ular tushuna olmayotgan holat – qanday qilib turli joylarda ishlagan va o‘qigan o‘zbekistonliklarning bir joyda yashagani bo‘lmoqda.

Lag’mondan qil chiqdi

Toshkentdagi kafe¸ restoran va novvoyxonalarda ishlaydigan soqolli oshpazlar nazoratga olindi.

Lag‘mondan qil chiqibdi.

Haykaltarosh o’ldi

Haykaltarosh Yakov Shapiro 84 yoshida o‘ldi. Buxorodagi Nasriddin Afandi haykali muallifi edi. Rahmat sizga ustoz, haykallar uchun!

XAZINACHINING O’LIMI

Bu gal va'zimni ertakdan boshlashga qaror qildim.

Bir saxiy podshoh bor edi. U qaerga borsa, xasis xazinachini yetalab yurardi. Podshoh daryoning narigi betidagi qishloqqa boribdi.

“Qishloq o‘rtasiga falonchiyning kumush haykalini o‘rnating” dedi u.

Xazinachi yozib qo‘ydi. “Kumush haykal ming tanga”  Xazinachi yozayotib o‘ylab qoldi «Axir bu qishloqda falonchiyning ikki haykali borku. Bittasini oldingi podsho, bittasini manavu galvarsning o‘zi 4 yil oldin  o‘rnatgan»

O‘sha qishlaqdi bachasi chiqib shig‘ir oytdi “Bodring dring dring poshoyim mani o‘ylantiring”

Podsho bu shair bachaga ot arava padarka qildi. Hazinachi yozib qo‘ydi “Ot arava 200 tanga”

Shu qishloqdagi bir devona boboy eshshak terisi qoplangan nog‘orani chalib cho‘pchak aytib berdi.

“Boboyga uy bering va qishlag‘da cho‘pchak markazi quring” dedi podsho. Hazinachi yozib qo‘ydi “Uy 300 tanga. Cho‘pchak markazi ming tanga”

Qishloq chegara bo‘yida edi. Narigi davlatda bir ko‘zli odamlar yashardi. Ularning chegara oldiga kelib, bittagina ko‘zi bilan mo‘ltillab qarab turganini ko‘rgan podsho “qo‘shni mamlakatga o‘nta arava, o‘nta ot, yuz qop un, yuz qop shakar yuvoring” dedi. (Qo‘shni mamlakatga padarka 15 ming tanga) deb yozib qo‘ydi hazinachi.

Ammo hazinachining yuragi notekis ura boshlagan edi. Chunki hazina o‘tkan xafta podshoxning chaylasini qurishga sarf bo‘gandi. Qarz berganlar qarzini qistab yotgan edi.

Bu payt podshoxning oldiga bir qari kampirni obkelib duo qildirishuvdi. Podshox bu kampirga ham padarka beray deb hazinachiga qaradi. Xazinachi “oka pul yo‘g‘u” deb yelka qisdi.

Podshox g‘azabga to‘ldi “Moliyada ishlaydiganlarni hammasi kasal. Nega ertakdagi chol “qaynar humcha” desa oltin qaynab chiqadi. “Ochil dasturxon” desa ochiladi, ammo bizdi podsholikning ko‘ti teshik. Nega? Chunki moliyada ishlaydigan kasallar bor”

Bu gaplarni eshitib, hazinachining yuragi qattiq ura boshladi. Besh minutdan keyin o‘ldi. O‘layotib, koshki bir ur to‘qmoq bo‘lsayu “ur to‘qmoq” deyishim bilan hazinadagi yo‘q puldan padarka beradurg‘on podshoni urib-urib tashasa deb o‘ylab, keyin o‘ldi.

“Ur to‘qmoq“ ertakda bo‘ladi. Siz bilan biz real hayotda yashayapmiz. Hamma harajatni taroziga solib siqilsang hazinachiga o‘xshab yurak o‘ynog‘idan o‘lasan. Saxiylik va jo‘mardlik yaxshi, xasislik yomon.

Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani bosh imom-xatibi Ozod Nazarov prezidentning nazariga tushaman debmi yoki DXXning topshirig‘ini bajaraman, debmi, ishqilib qovunning kattasini tushirdi. O‘tgan juma, 2 aprel kuni juma hutbasi qilaturib, Shovvozsoy haqida va'z qildi.

(VIDYeO)

Qisqasi, ulamoi hukumat: “Hukmdor bo‘lgandan keyin o‘ziga saroy quradi-da!” – demoqchi bo‘ldi.

Shovvozsoy mashmashalari boshlanishi bilan Temir yo‘l kompaniyasi: “Bu saroy Mirziyoevniki emas, meniki” – deb bayonot berdi.

Oradan biroz vaqt o‘tgach, prezident ham xotin-halaj va bir videoperator oldida: “Bu saroy meniki emas, Temir yo‘lniki” – dedi.

Shovvozsoy mashmashasini unuttirish uchun DXX o‘rtaga LGBTchilarni tashladi.

Shu sababdan o‘zbeklar endi Shovvozsoyni unutay-unutay, unutmaganlari esa Temir yo‘lning Shovvozsoy haqidagi ertaklariga ishonay-ishonay deb turganda, yozning chillasida qor yoqqandek lop etib o‘rtaga ulamoi hukumat Ozod Nazarov chiqdi.

Shayxulislom janoblari juma va'zida: “Yo‘q, Shovvozsoydagi saroy hukmdorniki! Hukmdor bo‘lgandan keyin quradi-da!” – dedi.

“Ozodlik” radiosining iddaolarini tasdiqlab berganingiz uchun rahmat Sizga, qori aka!

O‘zbekistonda bir xabarning rostligini isbotlashning oson yo‘lini o‘rgatdingiz bizga: endi haqiqatni tasdiqlash uchun molfahm imomlarni ishga solar ekanmiz.

ZAMON O‘ZGARDI

Bir paytlar «Vatan uchun o‘l», desa,

O‘ladiganlar bor edi vatanimizda.

«O‘l!», deyildi, o‘ldi ular hayallamasdan.

«So‘zingni tut» deyilsa,

Tutgan erlar bor edi bu yurtda –

Tutdi, ammo ular tutilmadi bu vatanda.

«Vataningni sevsang seni

Vatan xoiniga chiqararlar», deyilsa

Xoin tamg‘asini sotib olganlar bor edi bu vatanda

Bugun hech kim olmas bu tamg‘ani

Ikki-uch keksaygan xoindan boshqa!

(Muhammad Solih, 2021yil)

Bu hafta hukumat gumashtalari yana atoqli shoir va muxolifatchi Muhammad Solihni nishonga olishdi. Siyosat maydoniga kirib kelayotgan sobiq qo‘shiqchi Jahongir Otajonovning onasi video murojaat bilan chiqib, o‘g‘lini “vatan xoini, xalq dushmanining yoniga borib, ulardan oq fotiha olmasdan uchrashganlikda aybladi.  Tanqidda yana eski, siyqasi chiqqan uslub qo‘llanildi.

VIDYeO

Jahongir Otajonovning onasini 1937 yilgi uslubda qo‘rqitib, bolasini tavqi la'nat qildirishdi. Andijondagi G‘ayrat degan ko‘to‘yinchi esa «Xidirnazar aka partiyasi ko‘tlarniki ekan» deb teatr qildi.  O‘zbekistondagi qaysidir molfahm mulozim qaysi asrda yashayotganimizni unutib qo‘ydi, shekilli. Ammo u mol mulozim va ipi hukumat qo‘lida bo‘lgan va  milisaning oxiridan yem yeydigan flyuger blogerlar unutgan bo‘lsa ham biz unutmadik.

Tashqarida 1937 yil emas. Tashqarida 2021 yil. Miyamizda tafakkur¸ qo‘limizda esa aqlli telefon bor.

Umuman mart oxiridagi voqealar O‘zbekistonda aql emas, jaholat va olomon vasvasasi hukmron ekanligini ko‘rsatdi. Kimdir O‘zbekistonni dunyo oldidagi obro‘sini tushirishni maqsad qilgan bo‘lsa. Ular bugun yana bir qadam qo‘ydi. «Zig zag udachi» filmi qaxramoni aytganday «Grosh tsena tebe». Ya'ni bu ishlarning narxi sariq chaqalik. Eski yo‘lga qaytish muborak, uchinchi renesans peshvolari!

(postanovka pro geev, video)

Va'z boshida aytganimdek, butun aholining xarf tanimaydigan savodsiz ekanligini hukumat ham aniq biladi. Savodsiz odamni gazeta bilan tarbiyalab bo‘lmaydi. Unga voqelikni teatr qilib ko‘rsatsa bo‘ladi. Xullas andijondagi G‘ayrat Ahmedov degan ko‘to‘yinchi Xidirnzara akaning partiyasini qoralash kabi qora ishga safarbar qilindi.

Video

Anjanliklar ishanib kotouradi bunaqa masqaraobozlarga desak, yanglishamiz. Qon va o‘lim ko‘rgan anjanliklar bunaqa lo‘ttibozlarni ko‘p ko‘rgan.

“Bersang – yeymiz, bermasang – o’lamiz«

Endi yana bir ertak aytsam. 

Katta dengizda bir orol bor ekan.

Shu orolda bersang yeyman, ursang o‘laman, degan odamlar galasi yashar ekan.

Bir kuni shu yurtning to‘daboshisi bularning xarxashasidan to‘yib, o‘z kunini o‘zi ko‘radigan qilay deb orzulandi.

Kambag‘allarga qarmoq va baliq tutish haqida instruktsiya tarqatdi.

Bir haftadan keyin tekshirib ko‘rsa, hech kim baliq tutishni hayoliga ham keltirmagan.

Qarmoq dastasini o‘tin qilib yoqishgan. Leskani sotvorishgan. Qarmoqni to‘g‘irlab, igna qilib, bir-biriga sanchib yurishganmush.

Baliq tutish haqidagi instruktsiyaga esa ko‘tini artishibdi.

Keyin to‘daboshi bu kambag‘allarga bitta tovuq, bitta xo‘roz, bir qop somon va tuxum tarqatibdi.

Buning yonida instruktsiya ham bor edi. Somondan uya yasab, tuxumlar qo‘yiladi.

Tovuq uning ustiga yotib, jo‘ja chiqaradi va hokozo.

Bir haftadan keyin tekshirilsa, tuxumlarni o‘sha kuni qovurib yeyishgan, tovuqni ertasiga¸ xo‘rozni esa indinga so‘yib yeyishgan. Instuktsiyani o‘qishmagan ham. Chuni ular harf tanimasdi.

Xullas, bular un qopi bilan urilsa ham, peshanasi oqarmaydigan baxti qarolar ekan.

To‘daboshi bularni boshqa yurtga ketsin deya eshkakli kemaga yuklabdi.

Katta kemada o‘nta odamga 20 eshkak bor ekan.

Bular kemaga chiqib yalpayib o‘tirib olishibdi.

Hech kim eshkak eshmagani uchun kema joyidan jilmay turaveribdi.

Dengiz qaytib, kema qumga o‘tirib qolibdi.

Odamlar tushib kemani yoqib isinishibdi.

To‘daboshi kelib sizlar o‘zi nima xohlaysizlar deb so‘rabdi.

«Bersang – yeymiz, ursang – o‘lamiz» debdi ular.

O’zbek xususiyati

O‘g‘rilik o‘zbek millatining milliy va yagona xususiyatiga aylanib bo‘ldi.

Barcha olinayotgan kliplar o‘g‘irlangan. Endi hikoyalarni ham o‘marishga o‘tishibdi.

Anavi HAzon.uz degan ekstremistik sayt Karimberdi To‘ramurod akani hikoyasini o‘marib ketibdi kuppa kunduz kuni.

Karimberdi To‘ramurod:

Iyot! Iyot! Iyot!

Yana bitta o‘g‘rini tanib oling!

Ikki kundan beri «Sehrli kecha», «Sirli kecha», «Qadr kechasi» nomlari bilan e'lon qilingan hikoyamni o‘g‘irlab, o‘z nomidan e'lon qilgan Muhammad Amin va Umida Jo‘raevalardan xafa bo‘lib o‘tirsam, bir kishi bu hikoyani AZON TV kino ham qilganini yozdi. Yutubda bor ekan, ko‘rsam, xuddi shu hikoyam.

AZON TV rahbariga telefon qilsam, hikoyamdan bexabarligini, ammo kinoning stsenariysini ham o‘zim yozdim, degan. O‘zi suratga olib, o‘zi bosh rolni ham o‘ynagan, ayol rolini ham kimidir bo‘gan Tamara Mirmaxsudovaga o‘ynatgan Bahodir Mirmaxsudov olgan ekan.

Nima qilay, kimni sudga beray?

AZON TV nimi, Bahodir Mirmaxsudovnimi?

Umurtqasiz maddohlar

Ëzuvchilarni maktabga ma'naviyat muallimi o‘laroq safarbar qilinishini yoqlamayman. Eng yaxshi yozg‘uvchining ham umurtqasiz maddohga aylanganiga O‘zbekistonning so‘nggi 100 yillik tarixi guvoh.

O‘tkir Hoshimov «prezident – bu yurt va xalqning otasi» deb, maktab bollariga aql o‘rgatuvdi.

 Shuncha narsaga aqli yetgan bu yozuvchi «prezident – bu soliqlardan oylik oladigan davlat mulozimi va xalq xizmatkori» ekanligini bilmasmidi?

Omon Matjon, Mirza Kenjabek¸ Xurshid Davron¸ Usmon Azim¸ Murod Muhammad Do‘st¸ Said Ahmad amaldagi diktaturani olqishlashgan va bu ro‘yxatni davom ettirish mumkin.

Umuman, o‘zbek ziyolisini munday imtihon qilsangiz, uning shunchaki provintsial daqqiyunus, qoloq odam ekanligini ko‘rasiz.

Dunyo tamaddun tarixi, ijtimoiy ong formalari yoki oddiy geografiyadan xabarsiz johil. Dunyo adabiyot olamidan ajralib qolgan sassiq ko‘lmakni dengiz deb bilish darajasida ovsar.

Boz ustiga ularda provintsializm zamonaviy texnologiya va oqimlardan oshkora nafratlanish qadriyat darajasiga ko‘tarilgan. Buning ustiga ular tabiatan tekinxo‘r, parazit.

Mana somonga osmonni qofiya qildim, endi uy ber menga, deydi. Balki, tulaet unitazini tuzatib bergan chilangar millat uchun bu ovsarlar galasidan ko‘ra muhim va zarur.

Oldingi yozg‘uvchilarning ba'zilari rus va tojik tilini bilardi. Hozirgilari esa o‘zbek tilini ham tuzuk quruq bilmaydi. Eng muhimi aytadigan gapi yo‘q. Tolstoy «ezilgan giyoh ham qaddini rostlashga kuch topadi,» degan mujdadan yostiqday ro‘monlar yozgan. Ëzuvchi borliqni o‘z shuuridan o‘tkazib, fokuslab, hech bo‘lmasa, ironiya tarzida jamiyatga taqdim qiladi.

Keyingi 30 yilda men bundayin o‘zbek yozg‘uvchisini ko‘rmadim.

Metrodagi kelin salom

Toshkentdagi metro poezdi ichida kelin salom qilib osh yeyishdi.

Boshqa narsaga fantaziyasi yo‘q.

(video)

Qarz olsa. To‘y qilsa osh yesa.

Keyin qarzni qaytarmaydi.

Kelinni ezib qiynab haydavoradi.

Semizlikdan kasal bo‘lib yana qarz qilib kinnachi tabibga boradi. Keyin o‘ladi.

Yaqinlari esa tez yordam doktorini do‘pposlaydi kinnachini emas.

Romantika…

Assalom O‘zbekiston, juma muborak!

Tag‘in o‘qing
6 noyabr 2019
O‘zbekistonlik inson haqlari faoli A'zam Turg‘unov 31 oktyabr kuni Pragada o‘tgan taqdimotda People in Need xalqaro tashkilotining «Jasorat» mukofotiga ...
3 iyul 2018
Toshkent tumain hokimligi kafolati bilan Turkiyadan qaytgach, 26 iyunda hibsga olingan yirik tadbirkorlar Obid va Olim Bahromovlar Davlat xavfsizlik ...
26 iyul 2016
Mustaqillik deklaratsiyasi haqida qariyb 25 yildan beri bir gap yozishdan xuddi moxovdan qo‘rqqandek hadiksirab kelayotgan o‘zbek matbuoti, aniqrog‘i, «Hurriyat» ...
12 yanvar 2017
O‘zbekistonda «Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishi ortidan senator va deputatlarning bu hujjatga oid balandparvoz chiqishlari paydo bo‘la ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...