Asosiy mavzular
11 oktyabr 2021

Toshkentda 64 kishining uyini tortib olgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi

Kamida 10 kishidan iborat uyushgan jinoiy guruh Toshkentda 64 kishini mulkidan mahrum qildi. Ishning beshta epizodi hozir poytaxtning Chilonzor tumani jinoyat ishlari sudida ko‘rilmoqda, qolganlari surishtiruv jarayonida, deya xabar berdi “Aziya Terra” nashri 8 oktyabr kuni.

10 nafar sudlanuvchidan beshtasi hibsda,  qolgan beshtasidan manzilini tark etmaslik to‘g‘risida yozma tilxat olingan.  Ayni paytda, jabrlanuvchilarning so‘zlariga ko‘ra, jinoyatchilar yanada ko‘proq bo‘lishi mumkin.

Birinchi sud majlisi 30 sentyabrda bo‘lib o‘tgan, lekin o‘sha paytda ozodlikda bo‘lgan bir qancha ayblanuvchilar kelmagani uchun u 7 oktyabrga qoldirilgan. Mahkama jarayonida hibsga olingan ayblanuvchilardan biri ayblov xulosasi bilan tanish bo‘lmagani aniqlangan, shuning uchun sud muhokamasi keyingi payshanba, 14 oktyabrga qoldirildi.

Jabrlanuvchilar sud zaliga kira olishmadi, shunchaki ozodlikda qolgan sudlanuvchilar va ularning qarindoshlari ko‘pligi uchun zalda ularga joy qolmadi, deya yozadi maqola muallifi.

Jabrlanganlar orasida jinoiy kombinatsiya tufayli o‘z kvartiralaridan mahrum bo‘lganlar ham, hiyla-nayrang haqida bilmagan holda bu kvartiralarni sotib olganlar ham bor. Sud surishtiruvlari tugagach, mulkidan mahrum qilinganlarga kvartiralar qaytarilsa, kvartirani harid qilganlar uchun mulkdan mahrum bo‘lish va bu kvartiralar uchun to‘langan mablag‘ni ham undira olmaslik xavfi tug‘iladi. 

Ayblanuvchilar har qanday holatda ham pulni qaytarishni istashmaydi va agar ular qamoqqa tashlansalar,  koloniyalarda topgan daromadlarining atigi 20 foizi jabrlanganlarga o‘tkaziladi va bu kompensatsiya o‘nlab yillar davomida cho‘zilishi mumkin. Bu davrda inflyatsiya davom etadi, pul butunlay qadrsizlanadi, deyiladi maqolada.

Sudlanuvchilar hali aniq bo‘lmagan kanallari orqali egalari vafot etgan, merosxo‘rlari esa kelmagan yoki hali meros huquqiga ega bo‘lmagan kvartiralarni topishgan. Yo uyning egasi yolg‘iz va keksa odam, buning ustiga, kasalmand bo‘lgan. Boshqa variantlarda kvartiralarning egalari chet elda bo‘lgan yoki boshqa sabablarga ko‘ra uylarda uzoq vaqt yashashmagan, deya ta'rif beriladi maqolada mazkur jinoyat sxemasiga.

Firibgarlar kvartira egalari nomidan ishonchnomalar soxtalashtirishgan, keyin esa bu mulkni qoyilmaqom qilib sotishgan. Ba'zi epizodlar chet elda bo‘lgan fuqarolarga taalluqli bo‘lgani uchun jinoyatchilar chet el notariuslarining hujjatlarini qalbakilashtirishgan.

Bu yuzadan 2021 yil 20 fevralda Toshkent shahri Chilonzor tumani IIB tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi shu yilning 24 fevralidayoq O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Tergov boshqarmasiga o‘tkazilgan.

Maqolada ayblov xulosasidan iqtiboslar keltirilgan:

«Guruh tashkilotchisi V.D.Buzmakov egasiz turar joylarni sotishdan foyda ko‘rmoqchi bo‘lgan, ya'ni o‘lgan yoki uzoq vaqt yashash joyida bo‘lmagan shaxslarni ro‘yxatga olish uchun kompyuter texnologiyasi yordamida xorijiy davlatlar va O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, idoralari va tashkilotlarining shtamplarini yasagan,  shuningdek, jinoyatni yashirish va ularning qonuniyligini tasdiqlash maqsadida veb-saytlar yaratgan va xorijiy operatorning mobil telefon raqamini qayta yo‘naltirishni amalga oshirgan.

Uyushgan guruh a'zolari, V.D.Buzmakovning yaqin sherigi – A.A.Kim; A.A.Kimning yaqin sheriklari – B.K.Sodiqov va S.V.Gameeva uyushgan jinoiy guruh tashkilotchisining jinoiy niyatlarini sodir etgan shaxslar bo‘lishgan. Ular egasiz turar joy to‘g‘risida ma'lumot to‘plash bilan bevosita shug‘ullanishgan, ularni sotish uchun kerakli hujjatlarni qidirishgan va to‘plashgan, mulkka mulkni qonuniy ravishda sotib olinganlik maqomini berish,  shuningdek, turar joy binolarini sotib olish va sotishda bevosita ishtirok etishgan.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, 1968 yil 18 mayda tug‘ilgan Tkachyova Yevgeniya Vladimirovna Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Muqimiy ko‘chasi, 162-uyda joylashgan 10-kvartirasida uzoq vaqt yashamasligi haqida ma'lumot olingan. Ushbu uy-joyni keyinchalik sotish huquqini olish uchun kerakli hujjatlarni to‘plash maqsadida  07.12.2018 yilda uyushgan guruh tomonidan S.V. Gameeva nomiga Rossiya Federatsiyasi fuqarosi, 1968 yil 18 mayda tug‘ilgan Tkachyova Yevgeniya Vladimirovna nomidan Toshkent shahri Yashnobod tumani 1-davlat notarial idorasi notariusi Akbarov Shukurillo Lutfullaevich tomonidan tasdiqlangan, ko‘chmas mulk kadastr hujjatlarining dublikatini olish uchun 5127-soxta ishonchnoma tayyorlangan.

O‘zbekiston Respublikasi DXX ChQ (Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari – muallif eslatmasi) javoblariga ko‘ra, 2021 yil 26 fevraldagi 30/2 / 2-799 va 2021 yil 27 fevraldagi 30/2 / 2-801-sonli hujjatlar bilan aniqlanishicha, 1999 yilning 1 yanvaridan hozirgi kungacha Rossiya Federatsiyasi fuqarosi bo‘lgan Yevgeniya Vladimirovna Tkachyova O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasi nazorat-o‘tkazish punktlaridan o‘tmagan.  Toshkent shahri Adliya boshqarmasi notariusi arxivining 05.03.2021 yildagi K-450 ga bergan javobiga ko‘ra, notarius Sh.L. Akbarovning 07.12.2018 yildagi 5127-sonli notarial harakati qayd etilmagan.

Bundan tashqari,  E. V. Tkachyovaga tegishli mulkka huquq olish uchun guruh tomonidan Tkachyova kvartirasiga tegishli yuridik hujjat S.V. Gameevaga berilgan ishonchnoma shaklida qalbakilashtirilgan. Slovakiya Respublikasi Bratislava xususiy notarial idorasining notariusi Jeskova Petra tomonidan tasdiqlangan, 2020 yil 18 fevralda Bratislava okrug sudi tomonidan KV0168/2020-son bilan ro‘yxatga olingan apostil,  shuningdek, ularning tarjimasi 03.03.2020 yilda notarius Azimova Kamilla Mansurovna tomonidan 20200115000822 raqam bilan qayd etilgan.

Notarius K. M.  Azimovaning Toshkent shahri Adliya boshqarmasiga bergan 2021 yil 16 iyundagi 181-sonli javobiga ko‘ra, 03.03. 2020 yildagi 20200115000822-sonli reestr uchun apostil tarjimasini u tasdiqlamagan. O‘z navbatida, ushbu ishonchnoma asosida S.V. Gameeva tomonidan bu uyni keyinchalik sotish uchun kerakli hujjatlar yig‘ilgan.

Shundan so‘ng Slovakiya Respublikasi ishonchnomasining qalbakiligini yashirish, shuningdek Ye.V. Tkachyovaning noqonuniy o‘zlashtirilgan mulkiga ishonchlilik tusini berish maqsadida  Chilonzor tumani xususiy notariusi Sarimov Sharofiddin Egamnazarovichni aldash yo‘li bilan 2020 yil 17 avgustda uyushgan guruh tomonidan Ye. V. Tkachyovaga tegishli turar joyga Ye.V. Tkachyovaning ishonchli vakili S.V. Gameeva va V. D. Buzmakov o‘rtasida oldi-sotdi shartnomasi tuziladi.

Ushbu kvartirani sotib olish va sotish shartnomasi asosida V. D. Buzmakovga kvartira kadastr pasporti rasmiylashtiriladi.  Bundan tashqari,  2020 yilning 19 avgustida V. D.  Buzmakov turar joy binolarini O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, 1987 yil 25 martda tug‘ilgan Shahina Qodirova Hikmatovnaga sotgan».

Ayblanuvchilarning ko‘pchiligiga Jinoyat kodeksining 168-moddaci 4 -qismi «a» va «b» bandlari (uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlari yo‘lida o‘ta yirik miqdordagi firibgarlik») va 228- moddasi («qalbaki hujjatlar, tamg‘alar,  muhrlar,  blankalar tayyorlash,  ularni sotish yoki ishlatish «) bo‘yicha ayblov qo‘yilmoqda. Birinchi moddaga binoan, ularga 10 yilgacha,  ikkinchisi bo‘yicha 5 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.

Ilgari Toshkentda kvartiralarni noqonuniy olib qo‘yish sxemasining boshqa bir usuli paydo bo‘lgan edi. Biroq bu oddiy fuqarolar tomonidan emas, balki Ichki ishlar vazirligi idoralarida uy-joylarni profilaktika inspektorlari (tuman ichki ishlar xodimlari) nomiga o‘tkazish uchun o‘ylab topilgan edi. Shu maqsadda ichki ishlar idoralari xodimlari reklama orqali kimdir ijaraga oladigan kvartirani topib,  unga oldindan til biriktirilgan shaxslarini yuborishgan, ular ijara shartnomasini tuzib, uyga ko‘chib o‘tishgan.

Biroz vaqt o‘tgach,  ichki ishlar xodimlari kvartiraga kelib, uning ichidagi yarim yalang‘och «ijarachilar»ni topib, uy joyni fohishaxona sifatida rasmiylashtirishadi.  Keyin sud orqali kvartira jinoyat quroli sifatida davlat foydasiga musodara qilinadi.

Agar ishonuvchan uy egasining o‘zi kvartira kalitlarini bu kimsalarga bergan bo‘lsa,  ish yanayam osonroq kechgan:  militsionerlar bir necha kun kutib o‘tirmay, besh daqiqa o‘tiboq uyga bostirib kirishgan. Go‘yoki kvartirada topilgan fohishaxona to‘g‘risida protokol tuzishgan.  Shu tarzda Toshkentda yuzlab kvartiralar musodara qilindi va faqat ularning bir nechtasigina egalariga qaytarib berildi, deya yozadi “Aziya Terra” nashri.

Tag‘in o‘qing
15 aprel 2023
Rassom Tuz: Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana xafta aylanib siz bilan birgaman.  Matchon Suqilish: Nichiksizlar mo‘chchi oybika ...
12 sentyabr 2023
Joriy yilning 6 sentyabr kuni Mo‘ynoqda chorvachilikni rivojlantirmoqchi bo‘lgan Chorva Mo‘ynoq Bosh direktori Polvonnazar Rahimovning Qoraqalpog‘istondagi rasmiylar sansolarligi va ...
21 aprel 2021
Islom tsivilizatsiyasi markazi matbuot xizmatida o‘rindoshlik asosida faoliyat yurituvchi Abror Muxtor Aliy (Abror Abduazimov) uning ekstremistik bayonotlari atrofidagi barcha ...
3 yanvar 2020
Karimov davrida, to‘g‘rirog‘i 1997 yili O‘zbekistonda boshlangan prezident tomonidan yillarni nomlash an'anasi 2020 yilga kelib unutildi. Shavkat Mirziyoev hukumat ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...