TIV xodimi O‘zbekistonda afg‘on qochqinlari yo‘qligini aytmoqda
O‘zbekiston rasmiylari mamlakatda afg‘on qochqinlari borligini rad etishmoqda. Huquq faollari esa, o‘z navbatida, ularning soni yuzlab ekanini aytishmoqda. Termiz va Toshkent shaharlarida safarda bo‘lgan «Nemis to‘lqini» (Deutsche Welle) muxbiri shunday oilalar bilan uchrashib suhbatlashgani haqida yozdi.
Ularning biri, maqola muallifiga ko‘ra, afg‘onistonlik jurnalist va ayollar huquqi faoli, ikki o‘g‘ilning onasi, 26 yoshli Marina ismli ayoldir. Avgust oyining o‘rtalarida Afg‘onistonda hokimiyatni toliblar bosib olgan paytda u ikki farzandi, eri, opasi va uning oilasi bilan birgalikda Mozori Sharifni tark etib, qochishga muvaffaq bo‘lgan.
Hozir ular Toshkentda, bir qancha xalqaro huquq himoyasi tashkilotlari ko‘magida olingan kvartirada yashashmoqda. Shu paytgacha Marinaning oilasi ruhlarini cho‘ktirmaslikka harakat qilib kelishgan, biroq keyingi kunlarda bu juda qiyin bo‘lyapti, deya yozadi DW jurnalisti.
«Butun oilamiz meni deya qo‘rqishadi. Chunki men hamisha toliblarga qarshi gapirib kelganman. Mozori Sharifda qattiq otishmalar bo‘lgan. Qandaydir tasodif bilan o‘zbek vizasini olishga muvaffaq bo‘ldik, biz ketishimiz bilan chegaralarni yopishdi», deya hikoya qiladi Marina DW bilan suhbatida.
“Biz qolishni xohlardik, lekin ular bizni topishardi”
Afg‘onistonda Marinaning to‘rt opa-singlisi va ota-onasi qolgan, shu bois ismi sharifini aytishga qo‘rqadi, qarindoshlaridan qasd olishlari mumkinligidan qo‘rqadi. Uning jurnalistika va faollik bilan shug‘ullangani unga Afg‘onistonda toliblarning o‘lim hukmi chiqarishiga asos bo‘lishi mumkin.
«Bilasiz-ku, Afg‘onistonda hozir jurnalistlarga qarshi vaziyat qandayligini. Ularni otishyapti, o‘ldirishyapti, urishyapti, qiynashyapti… Biz qolishni xohlardik, lekin bu juda xatarli bo‘lardi. Ular bizni topishardi», deydi Marina DW muxbiri bilan suhbatida.
Maqola muallifiga ko‘ra, hozir Marina va uning oilasi xatardan yiroqda, biroq bu falokat ortda qolganini anglatmaydi. Ayol Toshkentdagi kvartirasidan tashqariga chiqishga qo‘rqadi. Chunki u hukumat odamlari yoki «Tolibon»ga yaqin shaxslarga duch kelishi mumkin.
Eng yomoni, yaqin kunlarda ularga berilgan uch oylik viza muddati tugaydi. O‘zbekiston esa qochqinlik maqomi haqidagi BMTning Jeneva konventsiyasini imzolamagan, o‘z-o‘zidan na unga va na qarindoshlariga bunday maqom berilmagan.
«11 noyabr kuni bizning ikki yo‘limiz qoladi. Qarshimizda ikki eshik qoladi. Yo biz yangi hayotni boshlaymiz, yo Afg‘onistonga qaytib ketamiz»,deydi Marina.
O‘zbekistonda qochqin maqomisiz
Huquq faollari hisob-kitobiga ko‘ra, O‘zbekistonda bir necha yuz afg‘on qochqini bor. Ular ham Marina va uning oilasi kabi qiyinchiliklarni boshdan kechirishmoqda. Markaziy Osiyoda inson huquqlarini himoya qilish uyushmasi (AHRCA)ga ko‘ra, Afg‘onistondagi hokimiyat «Tolibon»ga o‘tgach, u yerdan kamida 2000 odam qo‘shni O‘zbekistonga ko‘chgan. Mantiqan olganda, bu odamlarning hammasi qochqindir, lekin o‘zbek qonunchiligida qochqinlik maqomi berish ko‘zda tutilmagan», deya ta'kidlaydi AHRCA rahbari Nadejda Otava DW muxbiri bilan suhbatda.
Toshkentda istiqomat qiluvchi faol, siyosiy tahlilchi Anvar Nazirovning so‘zlariga ko‘ra, afg‘on qochqinlari maqomining noaniqligi ularning O‘zbekiston hukumati oldida zaifligini anglatadi. Axir vizalari tugagach, ular de-fakto noqonuniy muhojirlarga aylanishadi.
“Keyin noqonuniy huquqiy maqomda bo‘lib, ular bosim, tovlamachilik, korruptsiya va hokazolarga duch kelishlari mumkin”, deydi u. Nazirovga ko‘ra, afg‘on qochqinlari uchinchi davlatdan qochqin maqomini olguncha O‘zbekiston hukumati ularning vizalarini yangilashiga ruxsat berishi kerak.
«Bu yerda hech qanday qochqinlar yo‘q»
O‘zbek matbuotiga ko‘ra, mamlakat TIV rahbari viza muddati tugagan afg‘onlarni vataniga deport qilmaslikni va'da qilgan. Biroq maqola chop etilishi kerak bo‘lgan paytga kelib ham DW O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bu ma'lumotni tasdiqlamaganinini bildiradi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston hukumati Afg‘onistondan yangi kelganlarga nisbatan o‘z pozitsiyasini bildirdi, deya yozadi maqola muallifi.
“Mamlakatimizda qochqinlar yo‘q, biz ularni qabul qilmadik. Dastlab qochqinlar oqimi bo‘lganida, biz «Tolibon» bilan gaplashganmiz. «Tolibon» ular bilan gaplashib, hammaning uyiga qaytishini so‘ragan va ularning barchasi o‘z ixtiyori bilan mamlakatlariga qaytishgan, O‘zbekistonni tark etishgan”, deya iqtibos keltiradi DW TIV matbuot kotibi Yusuf Qobuljonovdan.
Qobuljonovning fikricha, O‘zbekistonga kelgan afg‘onlarning bir qismi «Tolibon»ning hokimiyatni egallab olganini bahona qilib, yaxshi hayot izlab vatanlarini tark etishgan. «Balki Afg‘onistondan odamlar oqimi kuchaygan dastlabki paytda kelganida ularning birlari haqiqatan ham qochqin bo‘lgandir, ayrimlari esa bu vaziyatdan yaxshiroq hayot izlab foydalanmoqchi bo‘lganlardir. G‘arb davlatlari O‘zbekistondan olib ketishlarini istab, ular Afg‘onistonni tark etishgan”, deya hisoblaydi u.
Qochqinlar haqida o‘zbeklar nima demoqda
Amudaryo bo‘yida, O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasida joylashgan Termiz shahri turg‘unlari ham mamlakat hukumatining so‘zlarini takrorlaydi.
«Bu yerda qochqinlar yo‘q. Bu yerda uzoq yillardan beri yashaydigan afg‘onlar bor. Ularning ko‘pini bilaman», deydi bozorda uy-ro‘zg‘or buyumlari sotuvchi ayol.
Faqat bir xaridor DW nashriga ba'zi afg‘on qochqinlari shahardagi qurilish maydonchalarida ishlayotganini aytdi.
Shu bilan birga, hammasi bir ovozdan O‘zbekiston hukumatining qo‘shni Afg‘oniston bilan munosabatlarni rivojlantirish borasidagi harakatlariga ishonishini ta'kidlashdi.
«O‘zbek askarlari bizni himoya qilish uchun kechayu kunduz chegarada navbatchilik qilmoqda. Shu bois bexavotir shu yerda o‘tirib savdo qilpyapmiz», dedi yong‘oq va quritilgan mevalar sotuvchi ayol DW nashriga .
Termizda nima gaplar?
Aftidan qo‘shni Afg‘onistondagi yangi hukumat haqida gap ketganda, Toshkent keskinroq gapirishdan qochishga urinayotganga o‘xshaydi. Bir tomondan, aholisining aksariyati musulmonlar bo‘lgan O‘zbekiston hukumati uzoq vaqtdan beri mamlakatdagi musulmonlarning radikallashuvi ehtimolidan qo‘rqadi. Katta ehtimolda Kobuldagi islomchilar O‘zbekiston hukumatini xavotirga solmoqda. Toshkent hali «Tolibon» hukumatini rasman tan olmagan.
Boshqa tomondan, O‘zbekiston rasmiylari va «Tolibon» o‘rtasida allaqachon muzokaralarning bir qancha raundlari bo‘lib o‘tgan. Afg‘oniston O‘zbekiston uchun muhim savdo sherigi hisoblanadi. Har kuni Afg‘onistondan kelayotgan yuk mashinalari Termizdan o‘tib, turli tovarlar, jumladan, kartoshka va loviya olib o‘tadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib beradi va Afg‘oniston orqali Pokistonga o‘tuvchi temir yo‘l liniyasi qurishni rejalashtirmoqda, buning natijasida O‘zbekiston dengiz portlariga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.
«Afg‘oniston O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega. Avvalo, milliy xavfsizligimiz, mintaqaviy xavfsizligimiz, iqtisodiy manfaatlarimiz nuqtai nazaridan», deydi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Yusuf Qobuljonov va Afg‘onistondan janubiy dengizlarga chiqish, ya'ni tranzit yo‘li muhimligini urg‘ulaydi.
«Biz real haqiqatdan kelib chiqib harakat qilyapmiz. Bugungi kunda boshqa muqobil yo‘l yo‘q», deydi u O‘zbekiston hukumatining Qobuldagi «Tolibon»ga nisbatan pozitsiyasini sharhlarkan.
Tushkun bir noaniqlik
Siyosiy tahlilchi va huquq faoli Anvar Nazirov fikricha, O‘zbekistondagi afg‘on qochqinlari ayni siyosiy murosaning garovida qolishmoqda. “Ularning hayoti xavf ostida, barchasi «Tolibon»ning qora ro‘yxatiga kiritilgan.
“Ular tasodifiy odamlar emas, so‘nggi o‘n-o‘n besh yil ichida Afg‘oniston taraqqiyotiga chinakam hissa qo‘shgan insonlar”, deya davom etadi Nazirov afg‘on qochqinlari orasida fuqarolik jamiyati faollari, jurnalistlar va san'atkorlar ko‘pligini nazarda tutib.
«O‘zbekiston hali bu yuzadan munosabat bildirmadi. Tushunishimcha, O‘zbekiston «Tolibon»dan qo‘rqadi. O‘zbekistonning bu mavzuga tortilishni istamaydi», deya ta'kidlaydi siyosatshunos.
O‘z navbatida, Toshkentda qolib ketgan Marina o‘zi va oilasi uchun noaniqlik tez orada barham topishiga umid qilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, uning uchun oilasi qaerga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lishi unchalik muhim emas, lekin u bir narsani biladi: Afg‘onistonga, «Tolibon»ga qaytish mumkin emas.
«Agar meni Afg‘onistonga deport qilishsa – shunday xatar kutilmoqda – ular meni shunchaki o‘ldirishlari mumkin, tamom, – deya tushuntiradi u. – Men har daqiqa o‘ylayman, uyg‘onib telefonimga tikilaman, kalendarga qarayman. Yana qancha kunimiz qoldi ekan».
Manba: DW.com