Dayjest
1 fevral 2016

Toshkentning qarzlari, firibgarlar va qaynonasini o‘ldirgan kelin

O‘tgan hafta O‘zbekistondagi vaqtli nashrlarning sarlavhalariga boshqa davlatlarga namuna bo‘lishi kerak bo‘lgan «o‘zbek modeli» tashviqotidan tashqari turli real haqiqatga yaqin xabarlar ham chiqdi. Masalan Toshkent shahrining trillionlik qarzlari, shantajchiga yo‘liqqan shifokorlar, tilla firibgarlari, qaynonasini o‘ldirgan kelin va qayinsingil jinoyati…

O‘zbekistondan namuna olib, holiga voy bo‘lishni istaganlar bormi?

“Narodnoe slovo” gazetasi taraqqiyotning “o‘zbek modeli” boshqa davlatlar uchun namuna bo‘lishini da'vo qildi.

Unda yozilishicha, prezident Islom Karimovning oqilona siyosati natijasida mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab O‘zbekiston o‘z taraqqiyot modelidan chekinmagan, demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati, iqisodiyotni modernizatsiyalash va yangilash yo‘lidan ishonch bilan bormoqda.

Maqola mualliflari I.Karimov mustaqillikning dastlabki yillarida “Turkiya modeli” va “Janubiy Koreya modeli”dan qaysi birini tanlashni bilmay, o‘rtada ancha sarson-sargardon bo‘lganini bugungilar esdan chiqargan bo‘lsa kerak, deb o‘ylasa kerak.

Bundan tashqari, agar ishsizlik va qashshoqlik sababli millionlab fuqaroning xorijiy davlatlarga ish izlab ketayotgani “o‘zbek modeli”ning yaqqol ko‘rsatkichi bo‘layotgan bir paytda boshqa davlatlar bu modeldan namuna olishiga birov ishonarmikin?

Toshkent shahrida trillionlab so‘mlik qarzdorlik bor

“Toshkent oqshomi” gazetasi poytaxt hokimining Toshkentning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yuzasidan shahar kengashi deputatlari oldidagi yillik hisobotiga oid ayrim raqamlarni e'lon qildi.

Unda yozilishicha, Toshkent shahri bo‘yicha debitor qarzdorlik 39,9 trln so‘mni, muddati o‘tgan qarzdorlik 295,6 milliard so‘mni, umumiy kreditor qarzdorlik esa 26,9 trln so‘mni, muddati o‘tgani 1,3 trln so‘mni tashkil etmoqda.

Do‘xtirlardan ham pul “tortsa” bo‘ladimi?

“Toshkent oqshomi” gazetasida kriminal mavzuda e'lon qilingan maqolada aytilishicha, bir ayol sochi to‘kilayotgani uchun dermatolog shifokorga murojaat etgan. Shifokor unga dori yozib bergan.

Bir necha kundan keyin ayol shifokor huzuriga qaytib kelib: “Dorilaringiz allergiya qo‘zg‘atdi. Agar 500 ming so‘m bermasangiz, o‘zingizniyam, oilangizni ham tinch qo‘ymayman”, deya tovlamachilik qilgan.

Do‘xtir ham anoyilardan emas, bu haqda darhol tegishli idoraga xabar bergan. Tovlamachi ayol shifokordan 300 ming so‘m olayotgan paytda qo‘lga tushgan.

Sodda ayollar va ustomon firibgarlar

“Adolat” gazetasi namanganlik ikki lo‘li (ular haqiqatan ham lo‘limi yoki shu rolga kirganmi, gazetada aniqlashtirilmagan) ayol Xorazm viloyatiga “gastrol safar”ga chiqib, sodda ayollarni aldab, tilla buyumlarini o‘zlashtirgani haqida maqola chop etdi.

Unda aytilishicha, firibgarlar qishloqma-qishloq yurib, eski buyumlar sotib olish bahonasida ba'zi ayollarning ishonchiga kirgan va tilla buyumlarining haqiqiyligini tekshirib berish bahonasida ularni qo‘lga kiritgan.

Firibgarlar tilla buyumlarga spirt va yod aralashmasidan tayyorlangan maxsus suyuqlik tomizib: “Mana, tillangiz haqiqiy emas ekan, qorayib ketdi. Ularni zargarga ko‘rsatib, o‘zimiz alishtirib olib kelib beramiz”, degan va o‘zlarining arzon taqinchoqlarini sodda ayollarga garov sifatida qoldirib, g‘oyib bo‘lgan.

Firibgarlar shu yo‘l bilan bir ayolning 3 850 000 so‘mlik, boshqasining 1 800 000 so‘mlik tilla buyumlarini o‘zlashtirgan. Ular yana bir ayolga shunday firib bermoqchi bo‘lganida qo‘lga olingan.

Qotil kelin va qiz

“Tasvir” gazetasining yozishicha, ota-onasining roziligini ololmagani uchun sevgan yigitining uyiga to‘y-tomoshasiz kirib kelgan kelin o‘z qayinsinglisi bilan birgalikda qaynonasi qotiliga aylangan.

Ma'lum bo‘lishicha, hali kollejda o‘qiydigan qizining yengil-elpi yurish-turishidan xavotirga tushgan ona uni koyigan va o‘qishga yubormay qo‘ygan. Oradagi mojarolar sabab kelin va qayinsingil bechora ayolni o‘ldirish rejasini tuzgan. Ayol molxonaga ish bilan kirganida qizi uning boshiga bolta bilan zarba bergan. Keyin esa unga yordamga kelgan yangasi bilan birgalikda ayolni arqon bilan bo‘g‘ib o‘ldirib, jasadning ustiga avvaldan tayyorlab qo‘yilgan benzin sepib, yoqib yuborgan.

Sud hukmi bilan kelin 15 yilga, o‘z onasining qotiliga aylangan qiz esa 7 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
16 may 2022
Toshkentdagi gimnastikachi ayol suratiga yubka kiydirildi. Bu «ma'naviy tahrir» Toshkent shahar hokimligi «ijodi» bo‘lishi mumkinligi haqida mahalliy bloger Nikita ...
29 noyabr 2016
Chirchiqlik 41 yoshli Dilorom Amirxamzaeva ismli ayol, eri, MXX podpolkovnigi bo‘lgan To‘raboy Amirxamzaev uni bolalari bilan uyidan haydab chiqargani ...
10 aprel 2023
Salom qadrli muxlislar, bugun 10 aprel, e'tiboringizga Eltuz «600 sekund»ning  navbatdagi sonini taqdim etadi. +++ Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi ...
15 oktyabr 2020
42 yoshli Bahrom virus yuqtirib olganini ahvoli yomonlashgandan so‘ng tahlil topshirgach bildi. Unda nafas yetishmovchiligi bo‘lgani uchun zudlik bilan ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...