Kundalik
5 may 2015

Usmon imperiyasi yoki uchmay qolgan qush haqida

Institutning birinchi kursida o‘qiganim 1980 yilda mang‘itlik shoir Mansur Axmedov bilan jo‘ra edik.

Mansur Axmedov bir kuni menga Abdulla Oripovdan ham zo‘r shoir bor deya aytib qoldi.

Kim ekan u desam¸ Usmon Azimov dedi.

O‘shanda Mansur¸ »men osmonman quyoshini yo‘qotgan osmon» deya Usmon Azimovdan she'r o‘qidi.

Men bu satrlarni yodlab olib Qadam Saidmurodovga aytib berdim. Qadam og‘a esa aslida she'r «men Usmonman quyoshini yo‘qotgan usmon» bo‘lgan. Xarf terilayotganda Usmon¸osmonga aylangan. Huddi ruslar Usmonli imperiyasini Osmon degani kabi dedi.

Shundan keyin menda Usmon imperiyasi bilan tanishish orzusi tug‘ildi.

Bu orzu tezgina ushaldi. U paytda yulduzlar xozirgi kabi osmonlarda yashamas¸ balki yon verimizda izg‘ib yurishar edi.

«Yelvizak» qahramoni Bashir Zaynishev bir kunda ikki tirik shoir ko‘rgani bilan faxrlangan bir zamon edi.

Ustozim rassom Isfandiyor Haydarovning ustaxonasida turuvdim. Qaqqayib turuvdim desam to‘g‘ri bo‘ladi.

Ustozim «Birinchi kashshoflar» degan rasm chizayotgan edi.

Meni oyog‘imga almisoqdan qolgan etik kiygizib qizil galstuk boylab¸bo‘ynimga baraban osib taburetkani ustiga chiqarib qo‘ygan edi.

Ustozim menga qarab 1920 yili Boysundagi ilk kashshoflardan eng faolining rasmini chizayotgan edi.

Mening vazifam tarixiy haqiqatga uyg‘un tarzda inqilob g‘oyalari bilan yuragi limo lim to‘lgan kashshof obrazida qotib turish edi.

Taburetka ustida turganimda ikki ko‘zim derazadan ko‘rinib turgan aviatsiya bilim yurtida o‘qiydigan kaptarko‘krak o‘ris qizlarda edi.

Shu payt birdan eshik ochilib serhayajon va hushsurat bir yigit kirib keldi.

Ustozim Isfandiyor Haydarov bilan gaplashib o‘tirdi. Meni ustaxonadagi ashqol dashqollardan biri deya o‘ylab parvo ham qilmadi.

Bu shoir Usmon Azimov edi.

Abdulla Oripovdan ham zo‘r shoir Usmon Azimov.

Usmon aka ustozimdan «Tush va o‘ngdagi parvozlar» (Poletы vo sne i nayavu ) degan filmni qaerda ko‘rsa bo‘ladi deb qiziqdi.

Isfandiyor aka qadimchi tiynatli bir rassom¸bunaqa aji buji kinolarni hush ko‘rmas edi.

Gap Roman Balayan suratga olgan va Yankovskiy bosh rolni o‘ynagan timsoliy film haqida edi.

Men bu filmning Lisunova kinoteatrida qo‘yilishidan habardor edim. Hatto bu kinoni bir kun oldin Domkinoda tomosha qilgan edim. Taburetkada turgan joyimdan turib buni aytdim.

Kashshof tilga kirganini ko‘rgach¸ Usmon aka meni borligimdan habar topdi.

«Barakalla kashshof»¸ dedi Usmon aka. Isfandiyor aka menga qarab «Bu o‘zi qanday kino» deb so‘radi.

Ana shunda tilga kirib¸ bilag‘onligimni Abdulla Oripovdan ham zo‘r shoirga ko‘rsatib qo‘yish uchun kino haqida gapira boshladim.

«Kino Moskva andegraundining kontseptual inqirozi va bu inqirozning protest kayfiyatiga fokuslanishi bilan bog‘liq sublimatsiya haqida dedim»

Bu gapni eshitgan Isfandiyor aka aftini burishtirdi.

Usmon aka bo‘lsa¸ aytmang aytmang xulosani filmni ko‘rib o‘zim chiqarishim kerak dedi.

Bir oz jimlikdan so‘ng¸sublimatsiya haqidami deb qayta so‘radi.

Shu tariqa men Usmon Azimov bilan tanishdim.

O‘sha kuni Usmon aka bilan Aviasozlar shaharchasi bo‘ylab piyoda ketdik.

Aviasozlar saroyining endi qurilayotgan binosi peshtoqiga ulkan Ikar haykalini o‘rnatishayotganini bir oz tomosha qildik.

Keyinchalik Usmon akaning Ikar degan she'rini o‘qib o‘sha kun esimga tushdi.

Balki bu misralar Ikar haqida emas shoirning tush va o‘ngdagi parvozlari haqidadir.

– Yuragim qo‘ymadi, uch deb qo‘ymadi,
Falakka intildim, ammo bu hayot
Yerga ko‘maverib tanni, to‘ymadi…
Baribir men qanot yasadim, qanot!..

Bolam! Sen ne uchun meni qiynaysan,
Sening ham joningdan o‘tdimi turmush?
Uchish ham azobdir, axir… Bilmaysan!
Uchish – qismat osha – betin zo‘riqish.

Qara! Menga qara! Ahvolimga boq!
Ammo sen so‘zlaysan qandaydir tushdan!
Uchganning hamisha qismati chatoq,
Yerni–ku gapirma, falak ham dushman.

Garchi padaringman! Qilmagin taqlid,
Senga quriganmi jaydari taqdir –
Masalan, ermakka urishtirgin it,
Yoxud mayxonada uyushtir tadbir.

Yo‘lingdan qaytmaysan! Turibman sezib!
Mana, bir juft qanot! Senga ham! Olgin!
Ikar!
Bolaginam!
Uchganing kezi
O‘zni quyoshgamas – shamolga solgin!

Behuda yuksaklik esa toldirar!
Past uch! Dengiz uzra parvoz ham ko‘rkam…
To‘xta! Quyosh sori borma! Yondirar!
To‘xta! Qanotlaring kuyadi, bolam!..

– Ota! Olov o‘tdi suyagu etdan,
Azobdir jismimni quyosh yutishi…
Faqat qanday go‘zal – falakka yetgan
Parvozning kul bo‘lib, yerga tushishi.

– Hech kimni ayamas rivoj hududi!
Bizni yamladimi? Yo‘qdir e'tiroz:
Kuyib tushayotgan, bolam, vujuding,
Ko‘kda qolgan esa la'nati parvoz!

Shuxrat Bobojon

Tag‘in o‘qing
7 iyun 2024
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jamoliddin Qalandarov Eltuzni yoki unda chiqqan ...
10 fevral 2021
AQShning navbatdagi 46-prezidenti ham yana o‘sha qarorgoh – Oq uyga ko‘chib o‘tdi. O‘zbekistonda esa prezidentning uchta qarorgohi bor – Oqsaroy, ...
15 avgust 2019
Shvetsiyaning Ostersund shahrida 14 avgust kuni odamlarni mashinasiga bostirib terror akti uyushtirishga uringanlikda gumon qilingan 32 yashar o‘zbek qo‘lga ...
10 dekabr 2019
Sharqiy Yevropa kommunizm asorati va Sovet nazoratining 30 yilligini nishonlayotgan paytda Praga shahriga kelgan muxolifatdagi “Erk» demokratik partiyasi lideri ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...