Kundalik
2 oktyabr 2015

Kishanlarni sevmang!

Karimovning muxolifi bo‘lgan Muhammad Solihning mashhur satrlari bor, – “Ozodlik – hayollarning eng go‘zalidir, orzularning eng yuksagidir” degan. Men bu tushunchaga shundan ortiq ta'rif bera olmayman.
Biz ozodlikni orzu qildik va shu orzu yo‘lida hatto vatanni tark etdik, – mutlaqo tushimizga kirmagan yurtlardan boshpana topdik.

Vatan esa tobora olis va qo‘rqinchli tushga aylana boshladi, chunki biz uning ozodligi haqida orzu qilishdan to‘xtadik.

Vatanni ozod qilish haqidagi gaplar, tobora bir ertakka, bangihayolga aylana boshladi. Bu bir bangihayolning quliga aylanmaslik uchun, yo undan voz kechish, yo ustimizdan bir sovuq suv urib, maqsadni aniq belgilab olish lozim. Haqiqatan ham biz vatanni ozod ko‘rishni istaymizmi yoki zanglagan kishanlarimiz bilan qolishnimi?

Ozodlik qaerdan boshlanadi?

Xolbuki biz vatanni ozod qilish haqida emas, ko‘proq bu vatanda yashashning yomonligi, undagi zulm, qabohat, yemirilayotgan inson huquqlari haqida tinimsiz yozayapmiz. Internet O‘zbekistonning yovuz hukmdori haqidagi maqolalarimizga va atrofimizdagilarning bizga qarshi ayni adovatga yo‘g‘rilgan maqolalari bilan to‘layapdi.

Vatandan anqiyotgan qullikning qo‘lansa hidi maqolalarimizga, undan chiqib o‘quvchilarning burunlariga va hujayralariga singiyapdi. Holbuki biz yozayotgan narsalar, Vatandan qochish istagini, yoki vatandagilarning bizdan yuz o‘girish istagini uyg‘otmoqda xolos.

Holbuki, biz O‘zbekiston turmasining temir zirhli eshigi haqida qancha ko‘p yozsak – bu eshik qalinlashsa qalinlashadiki, hech yemirilmaydi. Nahot biz uning zulflari zanglagani va uning ochilishini istayotganlar biz o‘ylagandan ko‘ra ko‘proq ekani haqida yozmaymiz. Biz boshqalarni eshitishni istamaymiz, aksincha bizga ochilgan eshiklarni yopamiz, yomonlik mujdalarini tarqatishdan nariga o‘tmaymiz.
Holbuki, Ozodlik – vatan sarhadlaridan, shu zang bosgan eshiklarning ochilishidan boshlanadi!!

Demak, niyat qilish kerak!

Men vatan olis bir tushga aylangani, u yerdan qora boshimiznigina olib chiqqanimizni yozdim. Lekin, ishoningki, bu ozodlik emas – bu erishilgan ne'mat, start chizig‘iga kelib to‘xtagan uchoqning holati bo‘lishi mumkin xolos, uning uchishi shuurimizdagi ichki bir buyruq, – uchish istagi bilan bog‘liq.
Biz kelib to‘xtagan shu manzilda qolamizmi, yoki “orzularning yuksagi va go‘zali” bo‘lgan Vatanni ozod qilish ahdida davom etamizmi – bu ham qilishimiz mumkin bo‘lgan o‘sha ahd paymonga, niyatga bog‘liq.
Zotan, Vatanni tark etarkan, niyat qilganimiz jonimizni ozod qilishga erishdik.
Taqdirning gardishi bilan bu yo‘lda yetti dengiz osha Amerika va Yevropa kabi qit'alardagi mamlakatlarda bo‘lib qolishni balki o‘ylamagandirmiz, lekin ozodlikni niyat qilganmiz.

O‘zga yurtlarga kelib biz ozod bo‘ldikmi?
Yaqinda Turkiston radiosida taniqli huquq himoyachisi Tolib Yoqubovning qullik haqidagi fikrlarini eshitib, hayratim ortdi. Garchi bu haqda ilgari ham eshitgandim.
Tolib akaning aytashicha, qullik shu darajaga yetarkanki, hatto qullar bir-birlariga kishanlarini ko‘rsatib maqtanisharkan – “mening kishanim senikidan chiroyli” deb.
Bu bir tomondan, bizning hozirgi holatimizni eslatadi – go‘yo biz olis yurtlarga kelib ozod bo‘ldigu, boshqalar qullikda qoldi.
Buyuk faylasuf Pifagor: “Men umrim bo‘yi qullikni hujayralarimdan sitib chiqarish bilan shug‘ullandim”, degan ekan.
Balki, hamon O‘zbekiston turmasida qolayotgan Muhammad Bekjon yoki boshqa biror vijdon mahkumi o‘z niyatida bizdan ko‘ra ozod, bizdan ko‘ra ildamroq yo‘ldadir!
Lekin hech qachon “uning kishanlari zanglagan” demang, zotan sizni begona yurtlarga bog‘lagan kishanlar unikidan aslo chiroyli emas.

Yo‘lni yurgan yengadi

Aytaylik biror viloyatning ovloq bir tumanida chopiq qilayotgan dehqon nari borsa tuman markaziga borib choyxona palov yeb kelishdan katta orzuni tasavvur qila olmaydi.
Uning uchun Toshkent u yoqda tursin viloyat markazidagi kattaroq shaharga borish ham erishib bo‘lmaydigan bir orzu.
Buning uchun “Yo‘lkira qilish kerak, avtobus, marshrutka – hammasi pul turadi. Pishirib qo‘yibdimi menga u yerlarda” deya o‘ylaydi u.
Bu huddi Shvetsiyaning O‘miyo yoki Lo‘liyosida yurgan o‘zbekning “Toshkentda menga pishirib qo‘yibdimi” degan pisandasiga o‘xshab ketadi.
O‘quvchim chalg‘imasligi uchun aytaman, – gap Toshkentga emas Vatan ozodligiga olib boradigan yo‘l haqida ketayapti. Uni istagan odam qidirib topadi. Masala birinchi qadamni qo‘yishda.
Shu qadam qo‘yildimi “yo‘l uzoq” degan fikr o‘z mantig‘ini yo‘qotadi.
Zotan – yo‘lni yurgan yengadi.

Qudrat Bobojon,
www. eltuz.com

Tag‘in o‘qing
16 iyun 2022
Telefon qo‘ng‘iroqlari, tuhmat kampaniyalari va shaxsiy tashriflar: Davlat xavfsizlik xizmati o‘zbekistonlik jurnalistlarni qanday qo‘rqitmoqda? Bu O‘zbekiston jurnalistlariga nisbatan DXX ...
29 dekabr 2016
28 dekabr kuni kechqurun, O‘zbekistonda ochilmayotgan Farg‘ona.ru, Ozodlik, Amerika ovozi, Bi Bi Si, O‘zbekiston xalq harakati kabi saytlardan to‘siq ...
28 mart 2017
20 mart kuni e'lon qilingan eng baxtli mamlakatlar reytingida O‘zbekistonliklar barcha sobiq Sovet davlatlarini ortda qoldirdi. Gallup tadqiqot markazi ...
4 oktyabr 2023
Etnomillatchi avom Xilton mehmonxonasidagi haykalni urkaltak sazoyi qilib yotibdi. Sababi: Haykaldagi o‘zbek egilib turibdi ekan. Iddao: O‘zbek egilmasmish! Bu ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...