Qashqadaryoda 12 yil ishlagan soxta diplomlik muallima fosh bo‘ldi
«Adolat ko‘zgusi» gazetasi bugungi o‘zbek maktablaridagi achinarli holatlardan biri, ya'ni ta'lim muassasalarida soxta diplom bilan dars berayotgan o‘qituvchilar borligiga ishora qilingan maqola chop etdi.
Ma'lum bo‘lishicha, Qashqadaryo viloyatilik Zarina ismli ayol maktabda yaxshi o‘qimagani, bilimi haminqadar bo‘lgani holda bir tanishi orqali Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining soxta diplomini sotib olgan.
Bu diplom bilan maktablardan birida mehnat va fizika fanlaridan bolalarga saboq bera boshlagan. Oz emas, ko‘p emas, 2003 yildan to 2015 yilgacha, ya'ni 12 yil davomida o‘qituvchilik qilib kelgan.
Yangi kelgan maktab direktori o‘qituvchilarning diplomlarini tekshirtirish uchun hamma institutlarga xat jo‘natganidan keyingina Zarinaning diplomi soxta ekani ma'lum bo‘lib qolgan.
Eng qizig‘i, maktabda ham yaxshi o‘qimagan bir ayol 12 yil davomida fizikadan qanday dars o‘tayotganini nahotki son-sanoqsiz tekshiruvchilar, qolaversa, maktab ma'muriyati bilmagan bo‘lsa?! Shuncha yil davomida bu savodsiz ayol qanchadan-qancha o‘quvchiga fizikadan «dars o‘tgan» axir.
Yaxshiki, bu o‘qituvchining kirdikorlari fosh etilib, jazoga tortilibdi. Ammo o‘zbek maktablarida bunday «o‘qituvchilar» qancha ekan?
Eltuz.com