Dayjest
7 sentyabr 2017

Qaynoq avgust: Hech bo‘lmasa TVdagi so‘z erkinligini himoya qilish kerak edi

Avgust oyi O‘zbekiston telekanallari uchun har doim qaynoq bir davr bo‘lib kelgan. Qaynoqligi shundaki, mustaqillik bayrami arafasida hamdu sano o‘qish bo‘yicha poygalar eng avjiga chiqqan.

Garchi joriy yilda ham bu “musobaqalar” davom etgan bo‘lsa-da, TVdagi so‘nggi vaqtlardagi “iqlim isishi” ta'sirida turli muammolar, jamiyatda haqiqatda kechayotgan dolzarb jarayonlarga oid ko‘rsatuvlar ham efir yuzini ko‘rdi.

Shu bilan birga, bu yilgi avgust nafaqat TV, balki O‘zbekistondagi endigina erkinlik nafasini tuyayotgan boshqa ommaviy axborot vositalarining ham etagini kuydiradigan voqealar bilan kechdi.

Gap O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasidagi “rahbar-rahbar” o‘yinlari haqida bormoqda. Bu o‘yin mamlakatdagi matbuot erkinligi masalasiga bevosita aloqadorligi bilan ahamiyatlidir.

Ot aylanib qozig‘ini topadimi, degan gap to‘g‘ri chiqdi. Lekin qozig‘ini topgan “ot” shu paytgacha Afandi minadigan jonivorga mengzalar edi. Bu “ot” o‘z vaqtida TVdagi ijodiy muhitni bo‘g‘ib kelgani bilan nom qozongandi.

Erkinlik epkinlari esa boshlaganda esa lavozimidan olinib, TVdan sal uzoqroq dalaga haydalgandi. Ammo «qozig‘i» baribir O‘zTVda qolib ketgan ekan…

Avgust oyida MTRKda ro‘y bergan voqealar rivojidan xabardorlar hammasi Xalqaro press klub faoliyati ortidan boshlanganini yaxshi biladi.

Biz o‘z vaqtida bu klub faoliyatining yaxshi jihatlari haqida ham, ko‘ngilga o‘tirmaydigan tomonlari haqida ham bir-ikki og‘iz to‘xtalib o‘tgandik.

Xususan, ko‘p o‘rinlarda klub raisi Sherzod Qudratxo‘jaevning siyosiy hushyorliklari sabab ko‘rsatuv mayda mavzularga o‘ralashib qolayotgani, dolzarb muammolarga imkon qadar yumshoqlik bilan munosabatda bo‘linayotganini tilga olgandik.

Lekin shaxsan prezidentning o‘zi press klub tadbirlarida ishtirok etishini bildirgandan so‘ng uning iligi bir qadar ko‘tarilgani sezilgandi. Hatto amaldorlar ham bu gaplardan keyin tadbirlarda mulla mingan jonivordek o‘zini tutgani, jurnalistlar, xalqdan tushayotgan savollarga imkon qadar yechim topish ohangida gapirayotgan edi.

Shunga qaramay, hali press klub tadbirlarini haqiqiy jurnalistika namunasi sifatida ko‘rishga vaqt ertaligi bilinib turardi.

Ammo O‘zbekistondagi hokimiyat tizimi so‘z erkinligidan shunchalik uzoqlashgan ekanki, hatto mana shu yumshoqlik ham uni cho‘chitib qo‘ydi. Bosh vazir va prezident davlat maslahatchisining shaxsan o‘zlari TVga kelib, erkinlik nafasi kirayotgan tuynuklarni bekitishga tushdi.

Ular Sh.Qudratxo‘jaev olib borayotgan jonli ko‘rsatuvlarni tanqid qilib, jurnalistni haddan oshganlikda, xalq oldida amaldorlarning obro‘sini to‘kishda aybladi.
O‘zTVga bu “yuksak tashrif”dan keyin amaldorlar ham o‘z «huquq»larini bildirib qo‘yish harakatiga tushib qoldi. Oliy Majlisda o‘tiradiganlardan biri hatto Sherzodni davlat hokimiyatining obro‘siga soya solishda ayblab chiqdi.

Holbuki, uning o‘zi prezidentning deputatu unga monandlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali xalqni o‘z faoliyatidan xabardor qilib borish to‘g‘risida ko‘rsatmasidan keyin internetda faol bo‘lib qolgan edi…

Bunday amaldorlarga so‘z erkinligini cheklashga kuch bergan omil esa, shubhasiz, TV rahbarlarining ketma-ket o‘zgartirilishi bo‘ldi.

Avvaliga «qoziq» atrofidan uzoqlashtirilgan A.Xo‘jaev o‘rniga qo‘yilgan T.Mirzohidov ishdan haydalib, «maddohTV»ni yangi formatdagi «paxtakor»likka o‘tkazayotgan yangi rais B.Alixonovning tagiga suv qo‘yildi.

A.Xo‘jaevning o‘ng qo‘li bo‘lgan X.Nuriddinovning birinchi o‘rinbosarlikdan mosuvoligi bor-yo‘g‘i uch kun davom etdi.

Ko‘rinmas qo‘llarning bunday sa'y-harakatlari siyosiy o‘yinlarning bir qismi ekaniga shubha yo‘q. Biz bu o‘rindagi sabablarga to‘xtalib o‘tish fikrimiz yiroqmiz.
Lekin bir narsa aniq – so‘z va matbuot erkinligi tarafdori sifatida o‘zini ko‘rsatib kelayotgan yangi prezidentning nufuziga kuchli zarba bo‘lib tushdi TVdagi bu o‘yinlar.

Hokimiyatning bunday yuzsizligi aslida yangilik emas. Mamlakatni siyosiy-iqtisodiy yangilash tarafdorlari va unga qarshi kuchlarning to‘qnashuvi shubhasiz edi. TV timsolida bu jangda o‘zbek jurnalistikasi qotillari bo‘lgan eski kuchlarning qo‘li baland keldi.

Xalq jonli efirda, tsenzurasiz bir sharoitda press klub tadbiri orqali, endiga «tili chiqayotgan» ko‘pgina ko‘rsatuvlar orqali o‘z muammolarini amaldorlarga, qolaversa, keng jamoatchilikka ochiq-oydin yetkazish imkoniyatidan mahrum etildi.

Aslida masalaning muhim jihati ham shunda. So‘z, fikr, matbuot erkinligi minbarining ustunlaridan biri sindirildi. OAVni eski qolipga solish ilinjidagi kuchlar MTRKda g‘olib bo‘ldi.

Yana bir muhim jihat. Afsuski, erkinlik havosidan nafas olib, kuchga to‘lib borayotgan o‘zbek jurnalistikasi mana shu erkinlikni himoya qilishga kelganda yana dumini qisdi.

Gap bu yerda Sh.Qudratxo‘jaevni himoya qilishda emas. Balki uning bahonasida hujumga uchragan so‘z va matbuot erkinligini himoya qilishda edi. Hatto ancha hurfikr bo‘lib qolgan mahalliy internet saytlari ham ayni shu masalada mum tishlab o‘tirdi.

Eng achinarlisi ham shu. O‘zbek jurnalistlari hamjamiyati yana bir bor o‘z ojizligini namoyish etdi. MTRK maydonidagi mag‘lubiyat hali o‘zbek jurnalistikasiga juda qimmatga tushishi mumkin.

Bu voqealar avgust oyida prezident Shavkat Mirziyoevning o‘zbek ziyolilari – yozuvchi va shoirlar, ijod ahli va jurnalistika vakillari bilan uchrashuv fonida yuz berdi.

Mazkur uchrashuvda davlat rahbari odatdagidek ziyolilarning mamlakat va jamiyat taraqqiyoti yo‘lida xalq dardini baralla aytishi kerakligi, muammolar va kamchiliklarni ochiq-oydin ochib tashlashi, zamonamiz qahramonlarini tarannum etish to‘g‘risida gapirdi.

Bunga javoban esa Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali TV orqali qilgan chiqishida eski kasbini davom ettirdi.

«Prezidentimiz bizning muammolarimizni o‘zimizdan ham yaxshi bilishini ko‘rsatdi. Endi ishlaydigan payt keldi. Zamonamiz qahramonlarini yaratamiz», dedi u og‘zini to‘ldirib.

O‘zTVdagi voqealar tadrijida nazar solsak, aslida zamonamiz qahramonlari bo‘lishga Muhammad Ali kabi maddohlar, mansab oshuftalari da'vogarlik qilayotgani yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Afsuski, jamiyat, so‘z, fikr, matbuot erkinligi yo‘lida amaldorlarning nohaq qarshiligiga duch kelayotgan, ta'qib-tazyiqqa uchrayotgan zamonamizning haqiqiy qahramonlari yana chetda qolib ketadiganga o‘xshab turibdi.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
29 noyabr 2016
Jahon agentligi, go‘yoki horijliklar O‘zbekistondagi demokratik o‘zgarishlarga qoyil qolishayotganday shubhali usullarni qo‘llamoqda. Yaqindagina O‘zbekistondagi prezident saylovi haqida jahonning nufuzli ...
3 yanvar 2018
3 yanvar kuni ham davom etgan Erondagi namoyishlar ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentida turlicha talqin etilmoqda. Kimdir bunda Amerikaning qo‘li ...
22 noyabr 2017
Andijon shahri hokimi Dilmurod Rahmatullaev maktab direktorlari va o‘qituvchilarini «hayvon», «shoqol», «eshshak», «gadoy», «padaringga la'nat» deya haqoratladi. 16 oktyabrdagi ...
2 may 2024
Salom qadrli muxlislar, Eltuz portaliga kelgan co‘nggi 5 ta maktubni o‘qiymiz, ular O‘zbekistonning Qashqadaryo, Navoiy va Buxoro viloyatlaridan kelgan. Xatlar oqimi davom etmoqda, muammolar yechimini ta'minlash, shuningdek kanalimizning alohida sahifasiga kirib privatga o‘tkazilgan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...