Ta'magir kotiba va soni ko‘paygan tekshiruvchilar
Sifatsiz xizmat uchun to‘lovlar oshadi
Sputnik internet nashri 2016 yil 1 yanvardan O‘zbekistondagi mobil aloqa operatorlari uchun soliq to‘lovidagi o‘zgarishlar kuchga kiritilishi va abonent to‘lovi narxi oshishi ular faoliyatiga qanday ta'sir etishi haqida tahliliy maqola e'lon qildi.
Nashrning yozishicha, endilikda mobil aloqa operatorlari rentabellik darajasi 20 foizgacha bo‘lganda oddiy stavkalar bo‘yicha 7,5 foiz, 20 foizdan ortiq bo‘lganda esa daromad summasining 50 foizi miqdorida soliq to‘laydi.
“Natijada mobil aloqa operatorlarining daromad olishga ishtiyoqi qolmaydi”, deb xulosa qiladi nashr.
Maqolada aytilishicha, to‘lovlar indeksatsiya qilingandan keyin mobil aloqa xizmati ko‘rsatish narxi bitta abonent uchun oyiga o‘rtacha 11757 so‘m (3,97 dollar)dan 12507 so‘mgacha, ya'ni 6,3 foiz oshadi.
Ta'magir kotiba qo‘lga tushdi
“Huquq” gazetasining yozishicha, Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida aholi vakillariga nafaqa to‘g‘rilab berish sharti bilan ulardan pul undirib kelgan mahalla fuqarolar yig‘ini kotibasi qo‘lga olingan.
Ma'lum bo‘lishicha, tergov davomida bu ayol shunday ta'magirlik yo‘li bilan ko‘plab insonlardan pul olgani aniqlangan.
Tadbirkorni nazorat qiladiganlar soni yana ko‘paydi
Norma.uz nashrining yozishicha, O‘zbekistonda nazorat qiluvchi organlar ro‘yxati “O‘zdavneftgazinspektsiya”, “Sanoatgeokontexnazorat” va IIV yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi va ularning hududiy bo‘linmalari hisobiga kengaygan.
Aytilishicha, avtomobillarga siqilgan va suyultirilgan gaz quyish shoxobchalariga ega tadbirkorlik sub'ektlarining tadbirkorlikning texnologik talablari, sanoat va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilish ishlari Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashining ijozatisiz ham o‘tkazilaveradi.
Korxonalar daromad keltirmasa, rahbarlari no‘noq bo‘lsa, unda o‘sishga qanday erishilyapti?
O‘zbekistondagi bosma nashrlarda prezident Islom Karimovning Vazirlar Mahkamasining yil yakunlariga bag‘ishlangan majlisidagi ma'ruzasiga sharh berilgan maqolalar e'lon qilindi.
Xususan, “Pravda vostoka” gazetasining bildirishicha, o‘tgan yili davlatga qarashli aktsiyadorlik jamiyatlarida o‘tkazilgan inventarizatsiya natijasi ularning 43 foizini yoki butkul tugatish, yoki boshqa tashkiliy-huquqiy shaklga o‘tkazish kerakligini ko‘rsatgan. AJlar rahbar kadrlarining 51 foizi esa o‘z lavozimiga noloyiq ekani ma'lum bo‘lgan.
Biroq gazetada: “O‘zbekiston iqtisodiyotining asosini tashkil etadigan bunday AJlarning qariyb yarmi moliyaviy beqaror, rahbarlarining yarmidan ko‘pi no‘noq bo‘lsa, unda mamlakat har yili 8 foizdan ortiq o‘sishga qanday erishyapti”, degan asosli savol o‘rtaga tashlanmagan.
Yoshlarni tadbirlar bilan chalg‘itish masalasi ko‘tarildi
“O‘zbekiston ovozi” gazetasi yoshlarning ta'lim-tarbiyasi xususida qayg‘urar ekan, “ta'lim muassasalarida harbiy vatanparvarlik yo‘nalishidagi darslar, uchrashuvlar, tadbirlar saviyasini ko‘tarish, yuksaltirish dolzarb masalaga aylanayotgani”ni yozadi.
“Qaysi mamlakatda yoshlar masalasi e'tibordan chetda qolgan, ma'naviy qadriyatlar oyoq-osti qilingan bo‘lsa, o‘sha joyda parokandalik, inqiroz kuzatilmoqda. Buni shu kunlarda xorijiy mamlakatlarda bo‘layotgan voqea-hodisalar misolida ham ko‘rib turibmiz”, deya xulosa qiladi gazeta.
“Namunali uy”lardan dod
“Hurriyat” gazetasi tahririyatga kelgan xatlarga sharh e'lon qildi.
Unda yozilishicha, Buxoroning Kogon shahrilik fuqaro “namunali uy”lardan birini olish uchun dastlabki badalni, keyin shartnomada ko‘rsatilgan summaning ikki qismini to‘lagan. Ammo shu jarayonda fuqaro qurilish sifatsiz bajarilayotgani ko‘rib, tegishli tashkilotlarga, jumladan, tuman hokimligiga shikoyat qilgan. Hokimlik esa uyning chala-chulpa tiklanganiga ko‘z yumib, aksincha fuqarodan uni qabul qilib olishni talab qilgan. Xullas, sifatsiz qurilgan uy bilan bog‘liq ish bir necha bor sudda ko‘rilganiga qaramay, fuqaro adolat topa olmay xunob.
Eltuz.com