Asosiy mavzular
21 iyun 2019

Mirziyoev: Otabek Murodov katta miqdorda pora olgan

Oliy Majlis Senatining 21 iyun kuni bo‘lib o‘tgan 20-yalpi majlisi vaqtida chiqish qilgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev sobiq bosh prokuror Otabek Murodov katta miqdorda pora olganlikda ayblanib, ustidan jinoyat ishi ochilganini ta'kidladi:

«Bu nima degan gap? Mansab bersa, darrov o‘zgarib qoladi. Viloyat prokurorlaridan 100 ming, 50 ming dollarlab olinadi. Prokuratura va soliq tizimidagilarning hammasi poraxo‘r. Men buni yaxshi bilaman. Men Murodovga ishonch bildirgandim. Prokuraturada korruptsiya bo‘laveradigan bo‘lsa, men qanday qilib investorlarni jalb qilaman? Investor deputat yoki hukumat odamidan emas, tadbirkordan so‘raydi davlatdagi holat haqida. Tadbirkor nima deydi? Prokuror ham, vazir ham pul oladi deydi-da!”

Senat majlisida qatnashayotgan «Eltuz» manbasining aytishicha, prezident Mirziyoev “poraxo‘r bosh prokuror maksimum katta muddatga qamaladi”, deya ta'kidlagan.

“Eltuz”ning hukumatdagi manbasiga ko‘ra, 44 yashar Otabek Murodov 17 iyundan beri Mustaqillik maydonidagi sobiq MXX binosi yerto‘lasida so‘roq qilinmoqda.

Suhbatdoshning ta'kidicha, Murodov keyingi ikki oy ichida kuzatuvda («narujnoe nablyudenie»da) bo‘lgan.

Manbaning aytishicha, Otabek Murodov shu kunlarda ustidan tergov borayotgan DXXning sobiq raisi Ixtiyor Abdullaev bilan bog‘liq jinoyat ishi figurantidir.

Iddaoga ko‘ra, bir hafta oldin qator mulozimlardan Otabek Murodovga qarshi ko‘rsatmalar olingan.

Prezident dag‘dasidan olti oy o‘tib

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev joriy yilning 10 yanvar kungi kengaytirilgan selektor yig‘ilishida: “Ey, prokuror, eshit, agar jinoyat kamaymasa, Boysunga prokuror qilib yuboraman. Yurasan surgunda”, deya dag‘dag‘a qilgan edi.

Bu gap ortidan bosh prokuror Otabek Murodov ishdan olingani haqida ma'lumotlar paydo bo‘lgan edi.

“Eltuz” manbalariga ko‘ra, Otabek Murodovning ishdan olinishi DXX sobiq raisi Ixtiyor Abdullaev tergovi bilan bog‘liq jarayonning davomidir.

“Eltuz” shu yilning fevral oyida O‘zbekiston bosh prokurori Otabek Murodov prezident qabulida bo‘lib, uning korruptsiya va boshqa kirdikorlariga aloqador qudratli shaxslarning ta'siri ostida DXXning sobiq raisi Ixtiyor Abdullaevni himoya qilishga intilgani haqida yozgan edi.

Eski maqoladan parcha

7 yanvar kuni O‘zbekiston bosh prokurori Otabek Murodov prezident qabulida bo‘lib, oliy bosh qo‘mondonga DXXning bir guruh xodimlari tomonidan sodir etilgan jinoyatlarda general Ixtiyor Abdullaevning qo‘li yo‘qligi haqida hisobot berdi.

“Lekin oz sonli odamlar bosh prokurorning nega bunday hisobot berishga majbur bo‘lganini biladi,” deydi MXX zobiti.

Uning yozishicha, bir kun muqaddam prezident administratsiyasi moliya-xo‘jalik departamenti rahbari Zelimxon Haydarov bilan bo‘lib o‘tgan suhbat Otabek Murodovning fikrini o‘zgartirib yuborgan edi.

MXX xodimining ma'lum qilishicha, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning eng yaqin odami sifatida ko‘rilgan va yaqin-yaqingacha mamlakatdagi eng qudratli shaxslardan biri hisoblangan Zelimxon Haydarov yosh bosh prokurorga ko‘ndalang shart qo‘yadi – yo prezidentga Ixtiyor Abdullaevning DXX rahbarlari kirdikorlariga mutlaqo aloqasi bo‘lmaganini aytasan yoki o‘tmishdagi qilmishlaring fosh etiladi.

Lekin maktub muallifi Otabek Murodovning o‘tmishdagi qilmishlariga to‘xtalgani yo‘q.

“Bunday tahdidga Otabek Murodov dosh bera olmadimi yoki bosh prokuror etib tayinlangunigacha bilvosita rahbari bo‘lgan shaxs jinoyatlarini ochib tashlasa, o‘ziga ham oson bo‘lmasligini sezdimi, nima bo‘lganida ham, devonboshi shartiga ko‘ndi”, deb yozadi DXX xodimi.

Otabek Murodov va Zelimxon Haydarov uchrashuvi, “Eltuz”ning xulosa qilishicha, hukumat koridorlarida Shavkat Mirziyoev siyosatiga yashirincha qarshi chiqayotgan va uning islohotlarini sabotaj qilmoqchi bo‘lgan qudratli shaxslarning borligini ko‘rsatadi.

DXX xodimi yo‘llagan elektron maktubda ham aynan shu holatga alohida to‘xtalgan.

“Eltuz”ga elektron maktub yo‘llagan MXX xodimining iddao qilishicha, O‘zbekistonda birinchi prezident hukmronligi yillarida amalda mamlakatni boshqargan bir guruh shaxslar Shavkat Mirziyoev yuritayotgan siyosatdan norozi bo‘lib, uni xalq ko‘zi o‘ngida yomonotliq qilish va alal-oqibat hokimiyatdan ag‘darish rejasini tuzib chiqib, bu rejani 2018 yildan boshlab bosqichma-bosqich amalda tatbiq etib kelmoqda.

2018 yilning yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining farmoniga muvofiq, prezidentning davlat maslahatchisi lavozimida ishlab kelayotgan Otabek Murodov O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurori etib tayinlangan edi.

Otabek Murodov 2018 yilning yanvarida DXX rahbarligiga o‘tgan Ixtiyor Abdullaev o‘rniga Bosh prokuror bo‘lgandi. 2019 yilning 20 iyunida u lavozimdan ozod etilib, uning o‘rniga Senat raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshev yangi bosh prokuror etib tayinlandi.

Qayd etish kerakki, bu so‘nggi 4 yil davomida to‘rtinchi marta O‘zbekiston bosh prokurori o‘zgarishi bo‘ldi. 2000 yil fevralidan O‘zbekiston bosh prokurori bo‘lgan Rashid Qodirov 2015 yilning aprelida lavozimini tark etgan va uning o‘rnini Ixtiyor Abdullaev egallagandi. Abdullaev 2017 yil yanvarida Davlat xavfsizlik xizmati rahbari lavozimini egallagach, uning o‘rnida Otabek Murodov ish boshlagandi. Ayni vaqtda ikki sobiq bosh prokuror – Rashid Qodirov va Ixtiyor Abdullaevga qarshi jinoiy ish ochilgan va ularning ikkisi ham tergovda.

“Eltuz”ni kuzatishda davom eting.

Qudrat Bobojon
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 avgust 2024
Rassom Tuz
13 dekabr 2016
O‘zbekistonda Karimov o‘rniga prezident bo‘lib Shavkat Mirziyoevning saylanishi, jamiyatdagi oliy mansabdor shaxsini ulug‘lash ritorikasini o‘zgartirmadi. Bu og‘riqli muammoni aks ...
14 aprel 2016
«Huquq» gazetasi ana shunday qo‘shmachilardan ikkitasi qo‘lga olinib, odam savdosida aylanib, qonuniy jazoga tortilganini ma'lum qildi. Yozilishicha, Buxoro shahrilik ...
17 aprel 2017
Hurmatli taxririyat, Mushtumning izdoshi bo‘lgan Eltuz, men sizga o‘zim ishlagan «Mushtum» haqida o‘ylarim “Mushtum” kecha va bugun degan ma'nodagi ...
Bloglar
22 sentyabr 2024
Vokal va vizual undan oldingi jiguli qo‘shig‘ining siyqa takrori xolos. Qo‘shiq melodiyasi kavkaz diskotekalridagi «Shiki ...
9 sentyabr 2024
Yaqinda miyani o‘rganish bo‘yicha yirik mutaxassis Tatyana Chernigovskaya ma'ruzasida ayollar bir paytning o‘zida hamma narsaga ...
10 avgust 2024
O‘zbekistonda bir arvoh kezib yuribdi. Bu Karimov arvohi. O‘zbekiston Karimov davridagi paranoyaga qaytib matbuotdagi «arvox» ...